Isroil Eron bilan urushga qancha vaqt bardosh bera oladi?
Isroildagi urush harakatlarining jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi uning uzoq muddatli harbiy va iqtisodiy bardoshliligi borasidagi shubhalarga zid kelmoqda.
© Foto: aljazeera.comIsroil va AQSH rahbarlari Eronga qarshi mojaro bir necha hafta davom etishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Prezident Donald Tramp boshchiligidagi AQSH bu urush muammo bo‘lmasligini va Amerika harbiylari uzoq muddatli janglarni olib borish salohiyatiga ega ekanini ta’kidladi. Biroq G‘azoda sodir etilgan genotsid, shuningdek, Livan va Suriyadagi urush hamda hujumlar, qolaversa, Eron bilan avvalgi to‘qnashuvlarning moliyaviy yukidan allaqachon toliqqan Isroil uchun uzoq muddatli mojaro ancha qimmatga tushishi mumkin.
Eronga hujum qilganidan buyon Isroil muntazam raketa va dron zarbalariga duch kelmoqda. Bu esa keng ko‘lamli havo hujumidan ogohlantirish signallari chalinishiga, maktablar yopilishiga va o‘n minglab zaxiradagi harbiylarning safarbar etilishiga olib keldi. Xayfa va Tel-Aviv kabi shaharlar uzluksiz hujumlarga uchramoqda, favqulodda xizmatlar zo‘riqish bilan ishlamoqda. O‘z hukumati boshqalarning boshiga solayotgan keng ko‘lamli urush dahshatlarini bevosita o‘z tanasida his qilishga odatlanmagan aholi esa so‘nggi bir necha kunni bunkerlarda o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Hozircha urushga bo‘lgan ishtiyoq yuqori. Aksariyat yirik shaharlardagi isroilliklar bilan o‘tkazilgan suhbatlar jamoatchilikning o‘nlab yillar davomida «ularni yo‘q qilishga qasd qilgan» deb uqtirilgan dushman bilan yuzma-yuz kelish istagi kuchli ekanini ko‘rsatmoqda. O‘ta so‘llarni hisobga olmaganda, barcha siyosatchilar hukumat bayrog‘i ostida birlashgan.
«Urush boshlanishi bilan Isroilni militarizm to‘lqini qamrab oldi. Bu [2025 yil iyunidagi 12 kunlik urush] bilan bir xil emas. O‘shanda asosan vahima, Eron Isroilni yo‘q qilishi mumkinligi haqidagi ekzistensial qo‘rquv bor edi. Hozir esa bu o‘ta jangari militarizm va o‘z kuchiga ortiqcha baho berishdir. Hatto urush tanqidchilari ham (ular juda kam sonli) [Isroil bosh vaziri] Netanyaxuga urushni qisqa qilishni tavsiya qilmoqda — go‘yoki qachon tugashini Isroil hal qila oladigandek», — deydi isroillik siyosiy iqtisodchi Shir Xever.
Urushni qo‘llab-quvvatlash — ko‘pchilik Isroil jamiyatining radikallashuvi deb biladigan jarayonning bir qismidir. Ilgari chetga chiqib qolgan o‘ta o‘ng siyosatchilar hukumat markaziga kirib keldi. Siyosiy qutblashuv va iqtisodiy qiyinchiliklar esa yosh va iqtidorli kadrlarning mamlakatni tark etishini tezlashtirmoqda. Qolganlar esa Eronni o‘z mamlakatining ashaddiy dushmani deb hisoblashga allaqachon o‘rgatilgan va bir necha haftalik urush jamiyatni yanada harbiylashtirishi mumkin.
«Bu xuddi Ikkinchi jahon urushidagi Britaniya bombardimonlarini eslatadi. O‘shanda inglizlar mutlaq yovuzlikka qarshi kurashyapmiz, degan e’tiqod bilan bu zarbalarga matonat bilan chidagan edi. Hozir isroilliklarning qalbida ham xuddi shunday tuyg‘u yashamoqda. Biz deyarli tug‘ilganimizdan boshlab Eron yovuzlik ekaniga ishontirilganmiz va bu bog‘cha, maktab hamda armiya orqali ongimizga singdirib boriladi», — deydi Tel-Aviv universiteti akademigi Daniyel Bar-Tal.
Bar-Talning fikricha, bir necha haftaga cho‘ziladigan bu yangi urushdan keyin Isroil jamiyati qanday qiyofaga kirishini taxmin qilish qiyin. Faqat bir narsa aniq: isroilliklarning o‘z davlatining poydevori adolatli barpo etilganiga doir o‘tmishdagi axloqiy ishonchiga na 1948 yilgi Nakba qirg‘inlari, na G‘azodagi so‘nggi genotsid putur yetkaza olgan.
«Bugun bizning qarshimizda yanada harbiylashgan va yanada o‘ng qarashdagi avlod turibdi. Netanyaxu esa bizga bundan buyon qilich yalang‘ochlab yashashdan boshqa choramiz yo‘qligini uqtirmoqda. Bu esa Isroilning yashab qolishi uchun unga doimiy dushmanlar kerakligining yana bir isbotidir», — deydi u.
Bombalar va qurol-yarog‘lar
Ijtimoiy oqibatlardan tashqari, agar urush cho‘ziladigan bo‘lsa, Isroil hisobga olishi kerak bo‘lgan harbiy omillar ham mavjud.
Bugungi kunning eng dolzarb masalasi — Isroil Eron kabi ulkan harbiy salohiyatga ega raqibga qarshi hozirgidek shiddatli janglarni qancha vaqt davom ettira olishidir. Harbiy tahlilchi Hamza Attorning ta’kidlashicha, bu holat Isroilning AQSH va Yevropa kabi ittifoqchilaridan oladigan ko‘magiga, shuningdek, uning mudofaa zaxiralari Eron raketalaridan oldinroq tugab qolmasligiga bevosita bog‘liqdir.
«Urushning dastlabki uch kunida Eron Isroil tomon 200 dan ortiq ballistik raketa uchirdi. Taqqoslash uchun, 12 kunlik urush davomida ular 500 ga yaqin raketa otgan edi va ularning har birini zararsizlantirish uchun Isroildan bittadan tutib qoluvchi raketa uchirish talab etilgan. Bu esa Isroilning mudofaa salohiyatidan ko‘proqdir, shuning uchun AQSH yordamisiz u shu paytgacha o‘z havo hududi ustidan nazoratni yo‘qotgan bo‘lardi» — dedi u «Al Jazeera»ga.
Isroilda uchta turli havo mudofaasi tizimi mavjud: qisqa masofali raketalar va artilleriya uchun «Temir gumbaz» (Iron Dome); o‘rta masofali va qanotli raketalarga qarshi «Dovud palaxmoni» (David’s Sling); hamda ballistik raketalarni tutib qolishga mo‘ljallangan «Arrow 2» va «Arrow 3» tizimlari.
Isroilliklar o‘z omborlarida qancha tutib qoluvchi raketalari borligini oshkor qilmaydi. Biroq 12 kunlik urush vaqtida bu zaxiralar kamaya boshlagan edi. Bu esa urush uzoq davom etgan taqdirda, raketalarni urib tushirishning yuqori sur’atini saqlab qolish tobora qiyinlashishini anglatadi. Oqibatda mudofaa raketalarini tejab ishlatishga va asosiy e’tiborni faqat harbiy hamda siyosiy inshootlarni himoya qilishga qaratishga to‘g‘ri keladi, bu esa o‘z navbatida tinch aholi orasida qurbonlar sonining oshishiga olib kelishi mumkin.
Isroil va AQSH manbalariga tayanib Attorning qayd etishicha, iyun oyidagi mojarodan so‘ng Eron oyiga 100 tadan ballistik raketa ishlab chiqarmoqda. Bu Tehron allaqachon katta zaxira to‘plashga ulgurganidan dalolat beradi.
Iqtisodiy omillar
Ikki yildan ortiq davom etgan uzluksiz urush Isroil iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi, deya ogohlantirmoqda tahlilchilar. O‘q-dorilar xarajati davlat g‘aznasiga og‘ir yuk bo‘layotgan bir paytda, yuz minglab zaxiradagi harbiylarning dastlab rejalashtirilganidan ancha uzoq muddatga safarbar etilishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, 2024 yilda Isroilning Livan va G‘azodagi urushlarga sarflagan mablag‘i 31 milliard dollarga yetgan va bu mamlakatda so‘nggi yillarda kuzatilmagan eng yuqori budjet kamomadini yuzaga keltirgan. 2025 yilning dastlabki ko‘rsatkichlari esa urush xarajatlari 55 milliard dollarga yetayotganini ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiyotdagi bunday kuchli bosim 2024 yilda dunyoning uchta yirik kredit reytingi agentligi tomonidan Isroilning suveren kredit reytingi pasaytirilishiga olib keldi.
«Isroil hozirda qarz inqirozi, energetika inqirozi, transport hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi inqirozlarni boshidan kechirmoqda», — dedi Xever.
Biroq, bularning hech biri o‘z-o‘zidan Isroilning harbiy kampaniyalarini to‘xtatish uchun yetarli bo‘lmaydi, bu iqtisodiyot masalasi emas, balki texnologiya masalasidir, deya ogohlantirdi siyosiy iqtisodchi.
«Modomiki AQSH Isroilni o‘zini-o‘zi o‘qlaydigan, o‘zi nishonga oladigan va askarlar hayotini xavf ostiga qo‘ymaydigan darajada uzoq masofadan turib yo‘q qila oladigan o‘ta zamonaviy qurollar bilan ta’minlashda davom etarkan, Isroil ichidagi iqtisodiy inqiroz uning tajovuzini to‘xtatishga qanday qilib yetarli bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilolmayman», — dedi u.





