
Korrupsiyaga qarshi kurashda «favqulodda holat» yili yoki komplayens tizimi ahamiyati
Dunyo iqtisodiyoti har yili korrupsiya deb atalgan illat ortidan 3,6 trln dollar mablag‘ni boy bermoqda. Bu pullar hisobiga kasalxonalar qurilmaydi, maktablar ochilmaydi, yo‘llar ta’mirlanmaydi. Xo‘sh, unga qarshi qanday kurashish mumkin?

Korrupsiya muammosiga Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham alohida e’tibor qaratdi.
«Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid», — deb ta’kidladi Prezident o‘z nutqida va bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda «favqulodda holat» e’lon qilindi.
Demak, 2026 yil bu global muammoga qarshi kurashda muhim yil bo‘lishi mumkin. Qanday qilib? Maqolada shu haqida to‘xtalamiz.
Komplayens nima: «halollik filtri» yoki «ichki immunitet»
Komplayens (inglizcha «compliance» — rioya qilish) — bu murakkab yuridik atama emas. Uni oddiy qilib tushuntirsak: bu tashkilotning «halollik filtri» yoki «ichki immunitet tizimi». Qanday qilib inson tanasi viruslarga qarshi kurashadi? Immunitet tizimi orqali. Xuddi shunday, davlat organlari ham korrupsiya «virusiga» qarshi komplayens tizimi orqali kurashadi.
Komplayens tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Aniq qoidalar — kim nima qilishi mumkin, nima qilishi mumkin emas;
Nazorat mexanizmlari — har bir qaror kuzatiladi va tekshiriladi;
Ogohlantirish tizimlari — shubhali harakatlar avtomatik aniqlanadi;
Jazo choralari — qoidabuzarlar javobgarlikka tortiladi.
Oddiy misol: Tasavvur qiling, bir yirik davlat tashkiloti qurilish uchun tender e’lon qildi. Tenderda eng past narxni taklif qilgan kompaniya g‘olib bo‘lishi kerak.
Komplayenssiz: Rahbar o‘zining jiyaniga tegishli kompaniyani tenderda g‘olib deb e’lon qiladi. Hech kim buni bilmaydi.
Komplayens bilan: Tizim avtomatik ravishda tender ishtirokchilari va qaror qabul qiluvchi shaxslarning qarindoshlik aloqalarini tekshiradi. Agar manfaatlar to‘qnashuvi, ya’ni qarindoshlik aloqalari aniqlansa, tizim qizil chiroqni yoqadi va jarayonni to‘xtatadi. Bu yerda komplayens — «ko‘rinmas nazoratchi».
Boshqa bir misol: Tasavvur qiling, vazirlik katta yo‘l qurilishi uchun tender e’lon qildi.
Komplayenssiz: Tender talablari shunday yoziladiki, unga faqat bitta «tanish» kompaniya mos keladi (masalan, texnika soni yoki ish tajribasi aynan o‘sha kompaniyaniki bilan bir xil qilib yoziladi).
Komplayens bilan: Tizim tender shartlarini «sun’iy cheklovlar» bor-yo‘qligiga tekshiradi. Agar shartlar raqobatni bo‘g‘ayotgan bo‘lsa, komplayens xizmati buni to‘xtatadi. Bu yerda komplayens — «halol bozor himoyachisi».
Uchinchi misol, Davlat kam ta’minlangan oilalarga yoki dehqonlarga subsidiya ajratmoqda.
Komplayenssiz: Mahalliy rahbarlar bu pullarni o‘zining badavlat qarindoshlariga yoki «o‘lik jonlar» nomiga rasmiylashtirib yuboradi. Haqiqiy muhtojlar chetda qoladi.
Komplayens bilan: Tizim subsidiya oluvchining ma’lumotlarini boshqa bazalar (avtomobili borligi, ko‘chmas mulki, xorijga chiqish sayohatlari) bilan solishtiradi. Agar «ehtiyojmand» deb ro‘yxatda turgan shaxsning nomida «Malibu» bo‘lsa, tizim to‘lovni avtomatik rad etadi. Bu yerda komplayens — «adolat tarozisi».
Raqamlar: korrupsiyaning haqiqiy zarari qiymati qancha?
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, korrupsiya har yili global YAIMning 5 foizini — taxminan 3,6 trln dollarni yutib yuboradi. Bu Rossiya yoki Braziliya kabi mamlakatlarning butun YAIMiga teng.
Transparency Internationalʼning 2024 yilgi «Korrupsiyani qabul qilish indeksi» (CPI) bo‘yicha:
Daniya, Singapur, Finlandiya, Yangi Zelandiya — korrupsiyadan eng xoli mamlakatlar (85-90 ball);
O‘zbekiston esa 180 ta mamlakat orasida 121-o‘rin (32 ball) bilan qizil zonadagi ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.
O‘zbekistonning «Huquq ustuvorligi indeksi»da (World Justice Project) 2025 yildagi holati ham ancha murakkab: 143 mamlakat orasida 81-o‘rinni egalladik. Bu raqamlar nafaqat obro‘ masalasi - bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, ish o‘rinlari va taraqqiyotga ta’sir qiladi.
Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, korrupsiya darajasi 1 ballga kamaysa, YAIM 0,5 foizga o‘sadi. O‘zbekiston uchun bu yiliga 2-3 milliard dollar qo‘shimcha daromad degani.
Singapur fenomeni: «Poraxo‘r davlat»dan «Shaffof mamlakat»ga
1960-yillarda Singapur Osiyoning eng korrupsiyalashgan mamlakatlaridan biri edi. Politsiyachi istalgan fuqaroni ko‘chada to‘xtatib, ochiqchasiga pora so‘rar edi. Bugun esa Singapur 84 ball bilan Corruption Perseptions Indexʼida dunyoning «eng korrupsiyadan xoli» davlatlaridan biri hisoblanadi..
Qanday qilib? Javob oddiy: «temir qo‘llar» va komplayens tizimi.
Li Kuan Yu hukumati korrputsiyaga chek qo‘yish uchun quyidagilarni amalga oshirdi:
Mutlaq mustaqil organ — Korrupsiyani tekshirish byurosi (CPIB) yaratildi;
Davlat xizmatchilarining maoshi keskin oshirildi, pora olishga hojat qolmadi;
Har bir xarid, har bir shartnoma — ochiq platforma orqali amalga oshirildi;
«Biz sening pora olganingni hali ko‘rmadik, lekin bu boylikni qaysi qonuniy pulingga olganingni isbotlab ber», — tamoyili qo‘llanildi. Ya’ni: Agar amaldor boylikning manbasini (masalan, meros, biznes yoki sovg‘a) qonuniy hujjatlar bilan isbotlab bera olmasa, sud uni avtomatik ravishda korrupsioner deb hisoblaydi va mol-mulki musodara qilinadi.
Estoniya yana bir misol. 2000-yillardan boshlab bu kichik Boltiqbo‘yi davlati «raqamli davlat» konsepsiyasini joriy qildi. Bugun Estoniyada 100 foiz davlat xizmatlari onlayn. Ya’ni amaldor bilan yuzma-yuz uchrashmasangiz, pora berish imkonsiz ekanligini Estoniya misolida ko‘rishimiz mumkin.
Janubiy Koreya esa «OPEN tizimi»ni yaratdi — har bir fuqaro davlat organlaridagi o‘z arizasi qayerda, kim ko‘rmoqda, qachon javob berilishini real vaqtda kuzatadi. Natija? 10 yilda korrupsiya shikoyatlari 80 foizga kamaydi.
2026 yil: Sun’iy intellekt va aksilkorrupsiya kurashi hamkorligi
2026 yil nima uchun korrupsiyaga qarshi kurashda nega «favqulodda yil» deb e’lon qilindi.
Sababi 2026 yilda korrupsiyaga samarali qarshi kurashda bir nechta muhim texnologik o‘zgarishlarni amaliyotga joriy etishimiz zarur:
Birinchidan, sun’iy intellekt (SI) davlat boshqaruviga to‘liq integratsiya qilinmog‘i zarir. Ya’ni SI tizimlar minglab tranzaksiyalarni soniyada tahlil qilib, «g‘ayritabiiylari»ni aniqlaydi. Masalan:
Bir kompaniya har doim tenderda yutadi — SI buni shubhali sifatida belgilaydi;
Amaldorning xarajatlari daromadidan oshib ketdi — avtomatik tekshiruv tayinlanadi;
Shartnoma narxi bozor narxidan 30 foiz yuqori — tizim signal beradi.
Ikkinchidan, Blockchain texnologiyasi davlat xaridlarini shaffof qiladi. Blockchainʼda yozuv o‘chirilmaydi, o‘zgartirilmaydi. Har bir so‘m qayerdan keldi, qayerga ketdi — umrbod qayd etib qolinadi. «Otkat» berish texnik jihatdan imkonsiz bo‘ladi.
Uchinchidan, biometrik identifikatsiya «fantom xodimlar» muammosini hal qiladi. Bugun ba’zi davlat tashkilotlarida ish haqini oladigan, lekin ishga kelmaydigan «o‘lik jonlar» mavjud. 2026 yilda yuzni tanish texnologiyasi buni imkonsiz qiladi.
To‘rtinchidan, Davlat xaridlari portali, E-qaror, OpenBudget kabi ochiq ma’lumotlar (Open Data) portallari jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi. Har bir davlat xaridi, har bir tender natijasi — hammasi ochiq. Jurnalistlar, faollar, oddiy fuqarolar — hamma nazoratchi bo‘ladi.
Korrupsiya zanjiri vs komplayens to‘sig‘i
KORRUPSIYA ZANJIRI:
Manfaatlar to‘qnashuvi → Maxfiy kelishuv → «Otkat» → Sifatsiz xizmat → Jamiyat zarari
KOMPLAENS TO‘SIG‘I:
Shaffof qoidalar → SI monitoring → Avtomatik ogohlantirish → Tekshiruv → Jazo
Natija: Zanjir uziladi, jamiyat yutadi.
Xulosa: kim korrupsiyaga qarshi kurashish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi?
Komplayens tizimi — bu faqat qonunlar va texnologiyalar emas. Bu — madaniyat. Bu — har bir shaxsning «Korrupsiyaga yo‘q!» deyish qobiliyati.
2026 yil bizga tarixiy imkoniyat beradi. Texnologiyalar tayyor. Xalqaro tajriba mavjud. Qonunchilik bazasi shakllanmoqda. Savol faqat bitta: biz — jamiyat sifatida, shaxs sifatida — bu imkoniyatdan foydalana olamizmi?
Korrupsiya — bu faqat «yuqoridagilar»ning muammosi emas. Bu bolani tug‘ruqxonadan olib chiqishda «suyunchi» berishdan yoki bolalar bog‘chasiga «hadya» olib borishdan boshlanadi. Bu guvohnoma yoki biror hujjatni olishni «yo‘lini qilib tezlatish»dan boshlanadi. Bu «hamma shunday qilmoqda, men qilsam nima qilibdi?» degan fikrdan boshlanadi.
Komplayens tizimi ishlashi uchun har birimiz «ichki komplayens»ni ishga tushirishimiz kerak. Har bir «kichik pora» katta korrupsiyani oziqlantiradi. Har bir «yo‘q» – korrupsiya tizimini buzadi.
Xurshid Botirov, huquqshunos-tahlilchi





