
Korrupsiyani his qilish indeksi–2025: Butun dunyoda ahvol yomonlashgan
«Transparency International»ning 2025 yil uchun e’lon qilingan Korrupsiyani his qilish indeksi dunyo bo‘ylab ushbu sohada vaziyat yomonlashayotganini ko‘rsatdi. O‘zbekistonda bir pog‘ona pastlagan.

«Transparency International» o‘zining har yillik Korrupsiyani his qilish indeksini e’lon qildi. Ilgari bo‘lganidek, reytingning ilk to‘rt o‘rnini Daniya (100 balldan 89 ball), Finlyandiya (88), Singapur (84) va Yangi Zelandiya (81) egalladi. Ro‘yxatning eng oxirida esa mos ravishda 9 va 10 ball bilan Janubiy Sudan, Somali va Venesuela joylashgan.
Indeks mualliflari umumiy xulosa sifatida korrupsiya dunyo bo‘ylab o‘sib borayotganini ta’kidlaydi — hatto an’anaviy ravishda unga qarshi samarali kurashib kelgan demokratik davlatlarda ham. Tashkilot fikricha, bu holat «yetakchilarning siyosiy irodasi susayishi fonida» yuz bermoqda.
O‘n yil avval «Transparency» ro‘yxatida 80 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan 12 ta davlat bor edi. Hozir esa ularning soni bor-yo‘g‘i beshtaga tushib qolgan.
«Bu tendensiya AQSH (64), Kanada (75) va Yangi Zelandiya (81) kabi davlatlarni, shuningdek, Yevropa mamlakatlarini — Buyuk Britaniya (70), Fransiya (66) va Shvetsiya (80)ni ham qamrab oldi», — deb izoh beradi tadqiqotchilar.
«Transparency» shuningdek, fuqarolik erkinliklarining qisqarishi bilan korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichlarining yomonlashuvi o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligini qayd etadi.
2025 yil, ayniqsa reytingning quyi qismida joylashgan mamlakatlarda, yoshlar avlodining norozilik chiqishlari bilan ham yodda qoldi.
«Nepal (34) va Madagaskar (25) kabi davlatlarda yoshlar ko‘chalarga chiqib, hokimiyatni vakolatlarni suiiste’mol qilishda hamda munosib davlat xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlarni ta’minlay olmayotganlikda tanqid qildi», — deyiladi hisobotda.
Rossiyada korrupsiya: 2025 yil manzarasi
2025 yilda Rossiyada korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichi o‘zgarmadi va 22 ballni tashkil etdi — bu ko‘rsatkich Chad, Honduras va Zimbabve bilan bir xil. Shunga qaramay, mamlakat reytingda 154-o‘rindan 157-o‘ringa tushib ketdi. «Transparency International — Rossiya» direktori Alyona Vandishevaniнг eslatishicha, bu Rossiya uchun butun kuzatuvlar tarixi davomida qayd etilgan eng yomon natija hisoblanadi. Urush boshlanganidan beri indeks 8 punktga pasaygan.
«Rasman o‘tgan yildan beri hech narsa o‘zgarmadi, ammo ehtimol, bu ma’lum ma’noda inqirozdan dalolat beradi — ya’ni bugun Rossiyada davlat sektori uchun samarali antikorrupsiyaviy yechimlar mavjud emas», — deydi Vandisheva.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan bir yil ichida bu sohada vaziyatni yaxshilashga dunyo davlatlarining faqat uchdan bir qismigina erisha olgan.
Shu bilan birga, Rossiyada yuqori lavozimli mansabdorlarga nisbatan korrupsiya gumonlari tobora ko‘paymoqda. Ukraina urushi boshlanganidan beri Rossiyada pora olish moddasi bo‘yicha aniqlangan jinoyatlar soni 53 foizga, pora berish moddasi bo‘yicha esa 86 foizga oshgan. Shu bilan birga, pora miqdorining o‘rtacha hajmi ham sezilarli darajada ko‘paygan. Bu esa federal markaz avvalgidek mayda poraxo‘rlik holatlarini emas, balki yirik korrupsiya sxemalarini aniqlashga ko‘proq e’tibor qarata boshlaganidan dalolat berishi mumkin.
«Bu, avvalo, harbiy davr ehtiyojlari bilan bog‘liq — ko‘proq resurslar talab etilmoqda», — deya izohlaydi Vandisheva
Biroq, uning fikricha, bu holat ko‘proq hokimiyatning o‘ziga sadoqatli elitalarga nisbatan «yondashuvi o‘zgargani»ni ko‘rsatadi.
«Ilgari sadoqat uchun ma’lum kafolatlar mavjud edi va bu, jumladan, hududlarda ham kuch markazlarining shakllanishiga olib kelardi. Boshqaruvchanlikni oshirish uchun bu kuch markazlarini yo‘q qilish zarur. Shu nuqtada antikorrupsiya kun tartibi juda qulay vositaga aylanadi», deydi Vandisheva.
Unga ko‘ra, bunday yondashuv qisqa muddatda samara berishi mumkin, ammo uzoq istiqbolda ish bermaydi.
«Hokimiyat va hukmron elita uchun manfaatli bo‘lgan ayrim sohalarda jinoyatlarni fosh etish darajasi haqiqatan ham oshadi. Lekin faqat repressiyalar bilan bosim o‘tkazib bo‘lmaydi — boshqa tarkibiy qismlarsiz tizim ishlamaydi», — deydi u.
Jazodan qo‘rqish ham hamma uchun tiyib turuvchi omilga aylanayotgani yo‘q. Alyona Vandыsheva qat’iy javobgarlik choralari nazarda tutilganiga qaramasdan, davlat mudofaa buyurtmalarining bajarilmay qolishi holatlari ko‘payganiga ham e’tibor qaratadi.
Korrupsiya postsovet makonida
O‘tgan bir yil ichida korrupsiyani qabul qilish ko‘rsatkichini yaxshilashga postsovet hududida jami beshta davlat erisha oldi: Qirg‘iziston (26 ball, +1), Ozarboyjon (30, +8), Ukraina (36, +1), Latviya (60, +1) va Litva (65, +2). Ayni paytda Belarus (31, −2), O‘zbekiston (31, −1), Qozog‘iston (38, −2), Moldova (43, −1), Armaniston (46, −1) va Gurjiston (50, −3) reytingda pasayish qayd etdi. Rossiyadan tashqari, Turkmaniston (17), Tojikiston (19) va Estoniyada (76) ko‘rsatkichlar o‘zgarishsiz qoldi.
«Transparency International» hisobotida O‘zbekiston va Ukraina boshlang‘ich ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lgani sababli reytingni yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan davlatlar qatorida tilga olinadi.
«Ijobiy tomondan, rivojlanishning ikki modeli namoyon bo‘ladi. Birinchisi — past ko‘rsatkichdan boshlab uzoq muddatli yutuqlar, ya’ni mamlakatlar CPI reytingida eng pastdan o‘rta pog‘onaga ko‘tarilgan. Bu guruhga Albaniya (39), Angola (32), Kot-d’Ivuar (43), Laos (34), Senegal (46), Ukraina (36) va O‘zbekiston (31) kiradi. Ularning rivojlanishi siyosiy yetakchilar va regulyatorlar tomonidan uzoq muddatli sa’y-harakatlar orqali amalga oshirilgan, bu yerda keng qamrovli huquqiy va institutsional islohotlar ochiq muhitda yoki tor davlat nazorati ostidagi kam yopiq muhitlarda olib borilgan», deyiladi izohda.
Shuningdek, Ukraina fuqarolik jamiyatining roli alohida qayd etiladi: u hokimiyat bosimiga qaramasdan, «kuchli antikorrupsiya institutlari»ni saqlab qolishga erishgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Ukraina 2025 yilda davlat xaridlari va mudofaa sohasidagi yirik mojarolar bilan og‘ir davrni boshdan kechirdi, bu esa yuqori darajada korrupsiya xavflari saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Biroq korrupsiya holatlarining ochilishi va ayblov hukmlari bilan yakunlanishi «Ukrainaning yangi antikorrupsiya arxitekturasi natija berayotgani»dan dalolat beradi.
Mualliflar fikricha, Kiyev reaktiv choralardan tizimli islohotlarga o‘tishi, ya’ni «bo‘shliqlarni yopadigan va davlat resurslarini yaxshiroq himoya qiladigan» mexanizmlarni joriy etishi lozim.
Gurjiston misoli esa, hisobotga ko‘ra, «demokratiyadan chekinish korrupsiya xavflarini qanday qilib bevosita kuchaytirishini yaqqol namoyon etadi». «Chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun kabi siyosiy jihatdan bahsli qonunlarning qabul qilinishi, norozilar, NNTlar va OAVga bosimning kuchayishi, 2024 yilgi bahsli saylovlar hamda Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya muzokaralarining to‘xtatilishi ortidan «xalqaro kuzatuvchilar Gurjistonni avtoritar burilishni boshdan kechirayotgan davlat sifatida tavsiflamoqda». Bu esa korrupsiya uchun jiddiy xavflar yaratadi va jamiyatga umumiy zarar yetkazadi, deya xulosa qiladi «Transparency International».





