add

KXDR yetakchisi Janubiy Koreya bilan muzokara o‘tkazishga «qiziqishi yo‘qligini» aytdi

29.07.2025 | 14:00282711

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong Unning singlisi Kim Yo Jong Janubiy Koreya bilan muloqot qilishga ehtiyoj yo‘qligini aytdi. U Seuldagi yangi prezident boshchiligidagi hukumatning KXDRga qaratilgan takliflarini rad etdi va ularni «foydasiz targ‘ibot» deb atadi.

KXDR yetakchisi Janubiy Koreya bilan muzokara o‘tkazishga «qiziqishi yo‘qligini» aytdi
Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaning yangi prezidenti Li Je Myungning Pyongyang bilan munosabatlarni yaxshilash harakatlari, jumladan, chegara hududida karnay orqali targ‘ibot eshittirishlarini to‘xtatish taklifi, Shimoliy Koreya uchun ahamiyatsiz. Bu bayonot 28 iyul kuni Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilindi. Janubiy Koreya uzoq yillar davomida Shimoliy Koreyaga qarshi psixologik urush vositasi sifatida chegara hududlariga kuchli ovozli karnaylar o‘rnatib, ular orqali musiqa, yangiliklar va Shimoliy Koreya hukumatini tanqid qiluvchi axborotlarni eshittirib kelgan. Bu eshittirishlar Pyongyangni juda bezovta qilgan, chunki ular Shimoliy Koreya fuqarolarini tashqi dunyo bilan tanishtiradi va rejim propagandasiga salbiy ta’sir qiladi. Yaqinda Seul bu eshittirishlarni mintaqadagi keskinlikni kamaytirish yoki diplomatik eshiklarni ochish maqsadida to‘xtatishga qaror qildi. Shimoliy Koreya rahbar partiyasining targ‘ibot bo‘yicha yuqori lavozimli rasmiysi Kim Yo Jong Janubiy Koreya hukumatining chegara hududida karnay orqali eshittirishlarni to‘xtatish qarorini tanqid qildi. U bu qarorni «dastlab qilmaslik kerak bo‘lgan narsadan ortga qaytish» deb atadi. Uning aytishicha, agar Janubiy Koreya faqat bir necha «mehribon so‘zlar» bilan avvalgi qarorlarini bekor qilish mumkin deb o‘ylayotgan bo‘lsa, bu juda katta xato bo‘ladi. Shuningdek, Kim Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myung ma’muriyatini «xayolparastlik»da aybladi. Sababi, Li boshchiligidagi hukumat shu oyda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong Unni oktyabrda bo‘ladigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy sammitiga taklif etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. Kim Yo Jongning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya hukumati AQSH bilan harbiy ittifoqqa ko‘r-ko‘rona ishonmoqda va Shimoliy Koreyaga qarshi siyosat yuritishga harakat qilmoqda. Bu esa avvalgi prezident Yun Suk Yol davridagi konservativ siyosatdan deyarli farq qilmaydi. Kim shunday dedi: «Bizning pozitsiyamiz aniq — Seul qanday siyosat yuritmasin va qanday taklif bildirmasin, biz bunga qiziqmaymiz. Janubiy Koreya bilan uchrashishimiz ham, gaplashishimiz ham uchun hech qanday sabab yo‘q».   Janubiy Koreya qanday pozitsiyada? O‘tgan oyda qisqa muddatli harbiy holat e’lon qilinib, prezident Yun lavozimidan chetlatilgach, uning o‘rnini yangi prezident Li egalladi. U Koreya urushidan (1950–1953) beri texnik jihatdan urush holatida bo‘lib kelayotgan Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash istagini bildirdi. Chunki Li rahbarlik qilib kelayotgan chap qanot Demokratik partiyasi an’anaviy tarzda Shimoliy Koreya bilan muloqotni qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu partiya avvalgi prezident Yun boshchiligidagi konservativ Xalq hokimiyati partiyasidan farq qiladi. Shuningdek, iyul oyi boshida Janubiy Koreya hukumati dengizda tasodifan Janubga o‘tib ketgan olti nafar shimoliy koreyalikni vatanga qaytarganini ma’lum qildi.   Koreyaning ikkiga ajralishi. Koreya urushi Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi urush 1950 yil 25 iyun kuni boshlangan bo‘lib, XX asrning eng muhim va fojiali qurolli mojarolaridan biridir. Bu urush Koreya yarimorolining ikki qismga — shimol va janubga  bo‘linib qolishiga sabab bo‘lgan siyosiy va mafkuraviy kelishmovchiliklar natijasida yuzaga kelgan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Koreya hududi 38-parallel bo‘ylab ikkiga bo‘linadi: shimoliy qismda Sovet Ittifoqi ta’sirida kommunistik rejim (Kim Il Sung boshchiligida), janubda esa AQSH qo‘llab-quvvatlagan kapitalistik hukumat (Singman Ri rahbarligida) shakllanadi. Har ikki tomon butun Koreya ustidan nazorat o‘rnatishni xohlagan, bu esa keskin raqobat va qarama-qarshilikni keltirib chiqargan. 1950 yil 25 iyun kuni Shimoliy Koreya kutilmaganda Janubiy Koreyaga keng ko‘lamli hujum uyushtirib, qisqa vaqt ichida poytaxt Seulni egallaydi. Bu harakat BMT tomonidan tashqi agressiya sifatida baholanadi. AQSH  boshchiligidagi BMT kuchlari general Duglas MakArtur rahbarligida Janubni qo‘llab-quvvatlab urushga qo‘shiladi. Ular Inchxon portiga muvaffaqiyatli desant tushirib, Shimoliy Koreya kuchlarini orqaga suradi va shimoliy hududlarga, hattoki Xitoy chegarasigacha kirib boradi. Biroq bu Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan tahdid deb baholanadi va Xitoy o‘z qo‘shinlarini urushga jalb qiladi. Bu orada jangovar harakatlar yana Janub tomonga siljiydi. 1951 yildan boshlab urush 38-parallel atrofida barqaror front chizig‘iga aylanadi va har ikki tomon og‘ir yo‘qotishlarga uchraydi. Urush uch yil davom etib, millionlab insonlar halok bo‘ladi yoki bedarak yo‘qoladi. Nihoyat, 1953 yil 27 iyul kuni Panmunjomda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanadi. Ammo urushni rasman yakunlovchi tinchlik bitimi hech qachon tuzilmagan. Bu esa Janubiy va Shimoliy Koreya texnik jihatdan haligacha urush holatida ekanligini anglatadi. bugungi kunda ikki Koreya o‘rtasida «Demilitarizatsiyalangan zona» (DMZ) deb ataluvchi eng harbiylashtirilgan chegara mavjud. Mintaqadagi vaziyat hanuz nozikligicha qolmoqda — vaqt-vaqti bilan siyosiy tarangliklar, harbiy mashqlar, raketa sinovlari va diplomatik harakatlar kuzatiladi. Koreya urushi nafaqat ikki davlatni, balki butun mintaqani geosiyosiy jihatdan uzoq yillarga shakllantirgan tarixiy fojia bo‘lib qolmoqda. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid