add

Mirziyoyevni haqorat qilgani uchun jazolangan yigit, Jizzaxdagi bog‘chada zaharlangan bolajonlar va arzonga tushadigan pulli yo‘llar - 10 oktyabr dayjesti

10.10.2025 | 22:2448619

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Mirziyoyevni haqorat qilgani uchun jazolangan yigit, Jizzaxdagi bog‘chada zaharlangan bolajonlar va arzonga tushadigan pulli yo‘llar - 10 oktyabr dayjesti
Instagram’da Prezidentni haqorat qilgan shaxs jazolandi Toshkent viloyatining Ohangaran shahrida jinoyat ishlari bo‘yicha sud prezident haqida haqoratli fikr bildirgan 18 yoshli yigit B.O. ismli yigit ustidan ishni ko‘rib chiqdi. U o‘zining Instagram sahifasida birinchi va amaldagi prezident aks etgan surat ostida haqoratli izoh qoldirgani uchun javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida kompleks siyosiy va lingvistik ekspertiza o‘tkazilib, yozilgan izohda davlat rahbari sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantiruvchi iboralar mavjudligi aniqlangan. Sud jarayonida ayblanuvchi aybini to‘liq tan olgan va «oqibatini o‘ylamay yozganini» ma’lum qilgan. Sud unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi — «Prezidentning sha’ni va qadr-qimmatini ommaviy haqorat qilish yoki unga to‘hmat yopish» bo‘yicha ayblov qo‘yib, ayblanuvchini ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgan. Ushbu muddat mobaynida yashash joyini o‘zgartirish va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish huquqidan mahrum etildi.   Jizzax viloyatida ham 37 nafar bola oziq-ovqatdan zaharlangani aytilmoqda Jizzax viloyatining Forish tumanida ham davlat bog‘chalaridagi bolalar ovqatdan zaharlangani aytilmoqda. Bu haqda Forish tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 9 oktyabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt mobaynida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar bola salomatligi yomonlashganidan keyin shifokorlarga murojaat qilgan. Tibbiyot birlashmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bolalarda isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi va holsizlik belgilari kuzatilgan.   Yevropaga sayohat qiluvchi o‘zbekistonliklar soni 38 foizga oshdi — Aviasales Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston fuqarolarining Yevropaga sayohatlarga bo‘lgan talab 38 foizga oshgan. Bu haqda Aviasales Uzbekistan ma’lumotlariga asoslanib, Spot nashri ma’lum qilmoqda. O‘rtacha sayohat davomiyligi 19 kunni tashkil etgan, bolalar bilan safar qiluvchi oilalar ulushi esa 7 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, chiptalarning o‘rtacha narxi 6,6 foizga pasaygani qayd etilgan. Eng ko‘p tanlanadigan yo‘nalishlar qatorida Riga, Frankfurt, Vilnyus, Berlin, Varshava, Myunxen, Vena, Parij, Budapesht va Praga bor. Dastlabki besh yo‘nalish umumiy bronlashtirishlarning yarmiga yaqinini tashkil etadi. Riga va Vilnyusga safarlar bo‘yicha talab keskin oshgan — mos ravishda 63 va 39 foizga. Analitiklar bu holatni nafaqat turizm, balki mehnat migratsiyasi va o‘qish bilan bog‘lamoqda.   «Pulli yo‘llarda harakatlanish radar jarimasidan arzonga tushadi» — O‘zavtoyo‘l vakili O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchun to‘lov miqdorini hukumat belgilaydi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtoyo‘llar qo‘mitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi YouTube kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi to‘lov narxini hisoblash metodikasini tasdiqlashi, Transport vazirligi esa eng yuqori tarif stavkalarini belgilashi ko‘rsatib o‘tilgan. Investorlar belgilangan chegara doirasida yo‘l haqini mustaqil ravishda aniqlay oladi. «100–150 kilometr oddiy yo‘lda harakatlansangiz, bir necha radarga duch kelasiz va har biri uchun chegirma bilan kamida 206 ming so‘m jarima to‘laysiz. Shu masofadagi pullik yo‘l bo‘ylab yurish esa taxminan 100 ming so‘mga tushadi», — dedi u. O‘tkir Yusupov Avstriyada jarrohlik amaliyotidan o‘tadi O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupov «CAFA Nations Cup» finalida olgan jarohati sabab Avstriyaning Insbruk shahrida jarrohlik amaliyotidan o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lum qildi. Futbolchi iyun oyida bo‘lib o‘tgan «CAFA Nations Cup» musobaqasida Eron terma jamoasiga qarshi o‘yinda jarohat olgandi. Darvozabonning jarohati jiddiy bo‘lgani sabab u keyingi bellashuvlarda ishtirok etmagan va davolanish jarayonini boshlagan edi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) xabariga ko‘ra, Yusupov hozirda Avstriyaning Insbruk shahrida jarohatidan davolanmoqda. U yerda futbolchini jarrohlik amaliyoti kutib turibdi. Amaliyotni ushbu yo‘nalishda katta tajribaga ega bo‘lgan avstriyalik jarroh Fink Kristian o‘tkazadi.

Teglar

Mavzuga oid