add

Muhokamalar markazidagi «Elektron retsept»: tizim o‘zi qanday ishlaydi?

Kecha 16:295486 daqiqa

10-dekabrdan ayrim hududlarda elektron retsept joriy etildi, ammo dorilarni odatdagidek xarid qila olmayotgan aholi noroziligi tizimga qiziqishni yanada oshirdi.

Muhokamalar markazidagi «Elektron retsept»: tizim o‘zi qanday ishlaydi?

10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri va mamlakatning 15 ta tuman/shaharlarida dorixonalarda retsept bo‘yicha dori vositalarini faqat elektron retseptlar bo‘yicha sotish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim joriy etilishi Vazirlar Mahkamasining 8-sentabrda chiqarilgan va 12-dekabrdan kuchga kiradigan qarorida belgilab qo‘yilgan. 2026 yil oxirigacha yangi tizimni mamlakatning barcha hududlarida joriy etish ko‘zda tutilgan.

Tizim ishga tushgan hududlarda dorixonalardan odatiy dori vositalarini sotib ololmayotgan fuqarolar norozi bo‘lishmoqda. Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama bo‘lyapti.

Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi «Elektron retsept» tizimini joriy etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazib, elektron retseptlar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqayotganligini ma’lum qildi. Shuningdek, vazirlik yaqin vaqt ichida fuqarolarning eng muhim savollariga dastlabki javoblarni e’lon qilishga va’da berdi.

 

Elektron retsept o‘zi nima?

Elektron retsept — shifokor tomonidan bemorga belgilangan dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar raqamli axborot tizimiga kiritilishi va dorixonaga elektron tarzda uzatilishiga asoslangan zamonaviy mexanizmdir. Bu tizim dori tayinlash jarayonini standartlashtirish, nazoratni kuchaytirish va noqonuniy dori aylanmasining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

Elektron retsept quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:

  • tibbiyot tashkilotining nomi;

  • tibbiyot tashkiloti litsenziyasining tartib raqami, berilgan sanasi, amal qilish muddati, STIR raqami (nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun);

  • elektron retsept raqami va berilgan sana;

  • bemorning JSHSHIR, familiyasi, ismi va otasining ismi, tugilgan sanasi;

  • Xalqaro kasalliklar tasnifi (XKT)ga muvofiq qo‘yilgan tashxis;

  • dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi yoki original nomi, tayyorlash, kunlik dozasi, qabul qilish vaqti (muddati), qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davolanish kursi davomiyligi, dori vositasining raqami (elektron retsept raqamiga bog‘langan holda);

  • shifokorning familiyasi, ismi va otasining ismi hamda telefon raqami.

Shu ma’lumotlar avtomatik ravishda «Elektron retsept» moduliga yuboriladi va tizimga ulangan har qanday dorixonada ko‘rinadi.

Elektron retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalari ro‘yxati bilan mana bu manzilda tanishishingiz mumkin.

 

Qachon elektron retsept yozilmaydi?

Shifokor quyidagi hollarda elektron retsept rasmiylashtirishga haqli emas:

  • bemorning amaldagi tashxis qo‘yish va davolash standartlari va klinik protokollarga muvofiq tibbiy ko‘rsatmasi bo‘lmagan holatlarda;

  • O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan dori vositalariga (orfan dori vositalari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llash va olib kirishga ruxsat beriladigan, O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan analoglari mavjud bo‘lmagan dori vositalari bundan mustasno);

  • narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori vositalariga.

 

Tizim qanday ishlaydi?

Elektron retsept jarayonining asosi tibbiyot muassasalari va dorixonalarning Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot tizimiga ulanishidan boshlanadi. Keyin shifokorlar har bir bemor haqidagi ma’lumotlarni tibbiy axborot tizimiga kiritadi va tizim bu ma’lumotlarni avtomatik ravishda «Elektron tibbiy karta» modulida aks ettiradi. Shu jumladan, QR-kod va elektron imzo bilan tasdiqlangan yozma retseptlar ham yagona elektron bazaga tushadi.

Statsionarda davolangan bemorlar uchun kasallik tarixi va unda tavsiya qilingan dori vositalari asosida shifokor belgilangan muddatga elektron retsept rasmiylashtiradi. Agar bemor istasa, shifokor elektron retseptni chop etib, qog‘oz shaklida ham taqdim qilishi mumkin.

Elektron retsept jarayoni amalda quyidagi bosqichlarda amalga oshadi:

Birinchi bosqich: Bemor shifokor qabuliga keladi va unga klinik protokol hamda tibbiy standartlarga muvofiq tashxis qo‘yiladi. Davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar tayinlanadi.

Ikkinchi bosqich: Shifokor bemor haqidagi barcha ma’lumotlarni tibbiy axborot tizimiga kiritadi. Uy sharoitida ko‘rik o‘tkazilganda ham ma’lumotlar mobil ilova orqali rasmiylashtirilishi mumkin. Shu ma’lumotlar asosida elektron retsept tayyorlanadi va avtomatik tarzda «Elektron retsept» moduliga yuboriladi. Shu tartib statsionar bemorlar uchun ham amal qiladi.

Uchinchi bosqich: Bemor yoki uning qonuniy vakili retsept amal qilish muddati ichida dorixonaga murojaat qiladi va zarur identifikatsiya ma’lumotlarini taqdim etadi.

To‘rtinchi bosqich: Farmatsevt tizim orqali elektron retseptni tekshiradi va unda ko‘rsatilgan dori vositalarini beradi. Dori berilgani haqidagi ma’lumotlar dorixona axborot tizimi orqali elektron tarzda qayd etiladi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bazasiga yuboriladi.

 

Dorixonalarda dorilarni berish tartibi qanday?

Bemor yoki uning qonuniy vakili dori olish uchun shifokor yozgan elektron retsept bilan istalgan integratsiya qilingan dorixonaga boradi. Farmatsevt tizim orqali retseptni ko‘rib, dori vositasini beradi. Dori berilganda farmatsevt elektron imzo bilan operatsiyani tasdiqlaydi va ma’lumotlar bemorning elektron tibbiy kartasiga tushadi.

Dori uchun to‘lov bemor tomonidan amalga oshiriladi. Faqat reimbursatsiya (Bemorga shifokor tomonidan yozilgan elektron retsept asosida kafolatlangan paketga kiritilgan bepul dori-darmonlarni olish imkonini beruvchi tizim) dasturiga kirgan dori vositalari istisno bo‘ladi.

Reimbursatsiya tizimida bemorlarga dori-darmonlar Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixonalar tomonidan beriladi.

 

Bu tizim nima uchun kerak?

Elektron retsept tizimi joriy etilishi ortidagi asosiy maqsadlardan biri — tibbiy xizmatlarda shaffoflikni ta’minlash va dori aylanmasidagi muammolarni bartaraf etishdir. Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov ta’kidlaganidek, yangi mexanizm shifokorlar tomonidan keraksiz darajada ko‘p dori tayinlanishining oldini olishga, dori tanlovini klinik standartlar doirasida cheklashga xizmat qiladi.

Unga ko‘ra, polipragmaziya holatlari — bir bemorga bir vaqtda bir nechta keraksiz dori vositalarini tavsiya qilish aholi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Elektron platformadan foydalanilganda esa har bir tashxis uchun qaysi dori standart hisoblanishi aniq ko‘rsatiladi. Shu bilan, ortiqcha dori tayinlagan shifokor ham, uni bergan dorixona xodimi ham nazoratdan chetda qolmaydi.

Tizimning yana bir muhim vazifasi — qonuniy aylanishda bo‘lmagan, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan dori vositalarining sotilishiga chek qo‘yish. O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dorilar yagona ma’lumotlar bazasida jamlangani bois, elektron retsept orqali beriladigan har bir dori raqamli tarzda tekshiriladi va noqonuniy mahsulotlarning bozorga chiqishi aniqlanadi.

Masalani davlat darajasida ko‘tarilgani ham bejiz emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 5-fevraldagi yig‘ilishda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish zarurligini aytib, kafolatlangan tibbiy paketga kirgan dorilarni aynan elektron retsept orqali berishni yo‘lga qo‘yishni topshirgan. Sh.Mirziyoyev onkologik va qator yo‘nalishlardagi bemorlarga dori vositalari o‘z vaqtida yetkazilmasligiga sabab bo‘layotgan soxta sxemalarni keskin tanqid qilgan. Davlat rahbari dorilarning yashirin aylanmasiga qarshi kurashda ham yetarlicha chora ko‘rilmayotganini ta’kidlagan.

Shu jarayonlar fonida 2024 yil iyulida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Toshkent shahrida yil oxirigacha elektron retsept tizimini joriy etish rejalarini ochiqlagan, 2025 yil yanvaridan esa Qibray tumanida ushbu tizim amaliyotda sinovdan o‘tkazila boshlangan.

 

Nega aholi norozi?

Yangi tartib ayrim hududlarda kutilmagan qiyinchiliklar tug‘dirdi. Tizimga to‘liq ulanmagan dorixonalar, odamlarning odatiy dorilarni retseptsiz olishga o‘rganib qolganligi, shifokorlarning elektron retsept yozishdagi texnik muammolari va ayrim aholining yangicha tartibga moslashmagani noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Biz gaplashgan ayrim mutaxassislarning fikricha, tizim o‘ta shoshilinch va uzoqni o‘ylamasdan qabul qilingan. Jumladan, ba’zi dori vositalari retsept bilan sotilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, xuddi shu dori vositasining boshqa bir analogi ro‘yxatda yo‘q. Bunday sharoitda dori-darmon savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar «gullab-yashnaydi».

Bemorlar endi oddiy shamollashga yo‘liqsa ham doktor qabuliga borishga, qabul uchun ham, dori uchun ham pul to‘lashga majbur bo‘ladi.

Qolaversa, Qozog‘istonda shunday tizim avvalroq joriy etilgani uchun ham qozog‘istonlik minglab bemorlar yurtimizga davolanishga kelgani, elektron retsept tizimi Qozog‘istonda tibbiyot sifatini keskin tushirib yuborganini ma’lum qilishdi.

Dori-darmonlarni bu tarzda realizatsiya qilish xalq tabobatining rivojlanishiga xizmat qiladi, sodda odamlarning malakali vrachlarga emas, sharlatan tabiblarga murojaat qilishini kuchaytiradi.

Haytovur, Sog‘liqni saqlash vazirligi esa bu masalalarni o‘rganish uchun doimiy ishchi guruh tuzgani va aholi yozib qoldirgan murojaatlar yuzasidan javoblar tayyorlanayotganini ma’lum qilgan.

Teglar

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 114

Barchasi

Mavzuga oid