
O‘zbekiston global sifat indeksda 15 pog‘ona ko‘tarildi
Mahsulotlar raqobatdoshligini oshirish maqsadida amaldagi «Davlat nazorati» tizimidan xalqaro amaliyotda samarali hisoblangan «Bozor nazorati» tizimiga o‘tiladi.

Akkreditatsiya, metrologiya va standartlashtirish sohalarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston «Global Quality Infrastructure Index» reytingida so‘nggi ikki yilda 15 pog‘ona yuqorilab, 52-o‘rinni egalladi. Bu mamlakatda mahsulot sifati va texnik muvofiqlikni ta’minlash tizimi sezilarli darajada yaxshilanganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mahsulotlar raqobatdoshligini yanada oshirish maqsadida texnik tartibga solish sohasida yangi yondashuv joriy etiladi. Prezident ta’kidlaganidek, amaldagi «Davlat nazorati» tizimidan xalqaro amaliyotda samarali hisoblangan «Bozor nazorati» tizimiga o‘tiladi. Bu ishlab chiqaruvchilar uchun ortiqcha ma’muriy yuklamalarni qisqartirish va sifat nazoratini bozor mexanizmlari orqali kuchaytirishni nazarda tutadi.
Innovatsiya asosida yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham kengaytiriladi. Xususan, korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadlari soliqdan ozod etiladi. Bu tadbir sanoatda innovatsion faollikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ko‘zda tutilgan islohotlar natijasida kelgusi besh yilda sanoatda mehnat unumdorligini 30 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ming dollar qo‘shilgan qiymat yaratish uchun sarflanadigan energiya hajmini 1,5 barobarga qisqartirish maqsad qilingan.
Raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. 2026 yildan «Raqamli startaplar» dasturi kengaytirilib, startap g‘oyasidan eksportgacha bo‘lgan butun zanjirni qo‘llab-quvvatlaydigan tizim joriy etiladi. Bu jarayonda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasi hisobidan besh yil muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy banki huzurida fintex ofisi va innovatsion xab tashkil etilib, unga Singapurdan mutaxassislar jalb qilinadi. Bu orqali har yili 15–20 ta fintex startapni tashqi bozorga olib chiqish va jami 1 milliard dollar investitsiya jalb etish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, venchur fondlar, startaplar va fintex kabi yangi moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish, shu sohadagi ishtirokchilar huquqlarini qonun bilan kafolatlash zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Prezident parlamentni Hukumat bilan birgalikda «Muhobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqishga chaqirdi.





