
O‘zbekistonda ilmiy konferensiyalar «byurokratik teatr»ga aylangan — olima
07.10.2025 | 18:4034395
O‘tkazilayotgan ko‘plab ilmiy anjumanlar fan yutuqlarini muhokama qilishdan ko‘ra, rasmiylik va shaklbozlik namoyishiga aylanib bormoqda. Kanadada istiqomat qiluvchi o‘zbek olimasi Dilsora Fozilova bu holatni O‘zbekiston akademik muhitining chuqur ildiz otgan byurokratik inqirozi deya baholadi.

O‘zbekistondagi ilmiy anjumanlar so‘nggi yillarda fan va g‘oyalar muloqoti maydonidan ko‘ra ko‘proq marosimiy shakldagi tadbirlarga aylanib bormoqda. Holat haqida falsafa fanlari bo‘yicha PhD, tadqiqotchi Dilsora Fozilova o‘zining shaxsiy tajribasi asosida fikrlarini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil 27 sentyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan «Sivilizatsiyalaroro muloqot: tarixiy tajriba va zamonaviy xalqaro munosabatlarda falsafiy yondashuvlar» nomli konferensiya ilmiy muloqot uchun emas, balki byurokratik ko‘rgazma uchun tashkil etilgani bilan yodda qolgan. Tadbirni Toshkent Xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etgan.
Fozilovaning yozishicha, konferensiya davlat rasmiysining — diniy masalalar bo‘yicha maslahatchi Muzaffar Kamilovning kechikishi tufayli bir soatdan ortiqqa kech boshlangan. Bu holat, uning fikricha, akademik anjumanning asosiy tamoyillaridan biri — intizom va teng imkoniyat prinsipini buzgan.
«Olimlar va tadqiqotchilarning tayyorgarligi bir mansabdor shaxs tashrifiga bo‘ysundirilishi — bu akademiyaning hokimiyat sahnasida ikkinchi darajali o‘ringa tushganidan darak beradi», — deydi u.
Fozilovaning ta’kidlashicha, haqiqiy konferensiyalar tanqidiy fikr va hamkorlik uchun platforma bo‘lishi kerak. Ammo ko‘pgina hollarda ilmiy anjumanlar «hisobot berish» yoki «reja bajarish» vositasiga aylanib, marosimiy nutqlar, rasmiy so‘zlar va fototadbirlar bilan cheklanib qolmoqda.
Tadqiqotchining fikricha, bunday amaliyot O‘zbekiston oliy ta’limidagi tizimli muammoni ifoda etadi. Universitetlar va vazirliklar tashqi ko‘rinishga katta e’tibor berib, mazmun — ya’ni ilmiy mulohaza va tanqidiy fikrni chetda qoldirmoqda. Bu esa akademik muhitda ijodiy erkinlik va fikriy muloqotga to‘siq bo‘lmoqda.
«Konferensiyalar tanqidiy fikr inkubatori emas, marosimiy mashqlarga aylandi. Bu faqat tashkiliy kamchilik emas, balki fanning o‘ziga bo‘lgan munosabat ifodasidir», — deydi Fozilova.
Olimaga ko‘ra, oliy ta’lim rivoji uchun konferensiyalarning maqsadi qayta ko‘rib chiqilishi lozim: ilmiy tadqiqotlarning qiymati ramziy ko‘rinishlardan ustun bo‘lishi, tashkiliy jarayonlar esa professional standartlarga asoslanishi kerak.
Fozilova posti yakunida shunday xulosa qiladi: haqiqiy akademik muhit davlat rasmiylari ishtiroki bilan emas, balki tadqiqot sifati, ochiq muloqot va ishtirokchilarga hurmat orqali shakllanadi. Agar bu o‘zgarishlar amalga oshmasa, O‘zbekistondagi ilmiy konferensiyalar ilm taraqqiyotining emas, balki uning shaklparast «teatri»ning davomi bo‘lib qolaveradi.





