
O‘zbekistonning qaysi hududlarida kambag‘al aholi soni ko‘proq?
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi keskin qisqargan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda ehtiyojmand aholi ulushi hali ham yuqorigicha qolmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi va Jahon banki hamkorligida o‘tkazilgan kuzatuv natijalariga ko‘ra, 2025 yil yakunlarida kambag‘al aholi soni eng ko‘p 265 ming nafar bilan Samarqand viloyatida qayd etildi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (239 ming nafar), Qashqadaryo (238 ming nafar) va Andijon (214 ming nafar) viloyatlari joy olgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda respublika bo‘yicha kambag‘al aholi umumiy soni 2,2 million nafarni tashkil qiladi. Kambag‘allik darajasi barcha hududlarda pasayganiga qaramasdan, aholi zichligi yuqori bo‘lgan viloyatlarda ko‘rsatkich yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Umumiy kambag‘allik darajasi
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2023 yilda 14 foizdan 11 foizga, 2024 yilda 8,9 foizga, 2025 yilda esa 5,8 foizgacha qisqardi. Faqat 2025 yilning o‘zida 302 ming oila kambag‘allikdan chiqarilgan.
Kambag‘allik darajasi shahar hududlarida tezroq pasayib, 2025 yilda 5,2 foizni tashkil etdi. Qishloq joylarda esa ushbu ko‘rsatkich 6,4 foiz darajasida qayd etildi.
Eng yuqori pasayish kuzatilgan hududlar
So‘nggi ikki yilda kambag‘allik darajasining eng katta qisqarishi Jizzax viloyatida (11,8 foizdan 5,8 foizgacha) qayd etildi. Shuningdek, Xorazm (11,9 foizdan 6,7 foizga), Sirdaryo (11,3 foizdan 6,2 foizga), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (10,8 foizdan 6,6 foizga) hamda Toshkent shahrida (7,3 foizdan 3,5 foizga) sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.

Aholi daromadlari va tengsizlik ko‘rsatkichlari
2025 yilda aholi jon boshiga o‘rtacha oylik daromad 2,6 million so‘mni tashkil qildi. Daromadlar tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlar 72,6 foizni, pensiyalar 11,8 foizni, qishloq xo‘jaligidan tushumlar 10,1 foizni tashkil etdi.
Daromadlar o‘rtasidagi tengsizlik ham qisqardi. Eng boy va eng kam ta’minlangan aholi guruhlari o‘rtasidagi tafovut 5,7 baravarga tushdi. Daromadlar tengsizligini ifodalovchi Jini koeffitsiyenti esa 0,35 dan 0,33 ga pasaydi.
Kambag‘allikni qisqartirishda yangi yondashuvlar
2025 yilda «Xitoy tajribasi» asosida joriy etilgan yangi yondashuvlar yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishda muhim rol o‘ynadi. Jumladan, kooperativlar, turizm mahallalari, dehqon bozorlari va mikroloyihalar orqali yuz minglab aholi bandligi ta’minlandi.
Shu bilan birga, 11 oy mobaynida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 127,1 trillion so‘m kredit ajratilib, uning salmoqli qismi kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarga yo‘naltirildi.





