
Pretzker sovrini Xitoyga ketdi: Lyu Jiakun me’morchilikda «uslubsiz» uslub yaratmoqda
Arxitektura yo‘nalishida Nobel mukofotiga tenglashtirilgan Pretzker mukofoti bu gal xitoylik me’mor, yozuvchi Lyu Jiakunga nasib etdi. Uning mahalliy loyihalari xalqaro darajaga chiqqani san’at vakillari orasida ko‘plab bahslarni uyg‘otmoqda.

Me’morchilikning eng nufuzli mukofoti bo‘lgan Pretzker sovrini 46 yildan beri o‘z tasavvurlarini dunyoga go‘yo shaxsiy imzo singari muhrlaydigan, yolg‘iz daho sifatida ko‘rilgan me’morlarga berib kelinayotgan edi. Biroq bu yil an’ana buzilib, hali aniq bir uslubda «ijod qilmaydigan» xitoylik arxitektor Lyu Jiakunga berildi.
2025 yilgi laureat sifatida e’lon qilingan Lyu Jiakun qariyb qirq yillik faoliyati davomida Xitoyning janubi-g‘arbida joylashgan, o‘zi yashaydigan shahar Chendudagi kichik akademik binolar, muzeylar va jamoat makonlarini loyihalash bilan shug‘ullangan. U mahalliylikka tayanib, o‘zi «kam texnologiyali» deb atagan uslubda ishlagan. Bundan anglash mumkinki, me’mor ijodi davomida alohida estetik imzo yaratishga intilmagan.
Xitoyda ortiqcha dabdabali me’morchilik urchigan bir paytda arxitektor Lyu har bir joyning o‘zi — uning tarixi, tabiati va hunarmandchilik an’analari loyihani shakllantirishiga imkon bergan. U zilzila oqibatida paydo bo‘lgan siniq g‘ishtlardan foydalanadimi yoki bino ichida mahalliy yovvoyi o‘simliklar o‘sishi uchun bo‘sh joy qoldiradimi, farqi yo‘q, Lyu uchun yondashuv har doim shakldan muhimroq bo‘lgan.

Pretzker mukofoti hakamlar hay’ati ham uni aynan shuning uchun maqtab, «uslubdan ko‘ra strategiyaga ega» deb aytgan. Mukofot e’lon qilinishidan oldin CNN’ga bergan intervyusida, ushbu e’tirofdan biroz hayron bo‘lgan 68 yoshli me’mor o‘z yondashuvini shunday izohlaydi:
«Men qo‘limdan kelganicha suvga o‘xshab, joyni chuqur his qilishga va tushunishga harakat qilaman... So‘ng esa vaqti kelganda hammasi mustahkamlanadi hamda bino g‘oyasi paydo bo‘ladi», deydi u.
Arxitektorning qo‘shimcha qilishicha, ayni bir uslubda qotib qolish ikki qirrali qilichdek — u me’morni tez eslab qolish imkonini beradi, biroq arxitektorni shunga bog‘lab qo‘yadi va ma’lum bir erkinligini yo‘qotadi.
Me’mor ko‘pincha ilhomni o‘z mamlakatining tarixidan olgan. Undagi an’anaviy pavilyonlarning shaklini Suchjou shahridagi «Imperial Kiln Bri» muzeyining tekis tomlarida ko‘rish mumkin. Shuningdek, Lyu Novartis kompaniyasi uchun Shanxayda loyihalagan kampusda ham aylanma balkonlardan foydalangan.

Biroq uning aytishicha, Lyu tarixiy shakllarga murojaat qilganda, buni shunchaki o‘tmishni takrorlash yoki unga hurmat sifatida emas, balki funksional maqsad va mazmun bilan qiladi.
«Men an’anaviy me’morchilikning shakllariga emas, balki an’ananing o‘zi e’tibor qaratadigan mavzulariga e’tibor beraman», deydi u.
Ya’ni, me’mor an’anaviy elementlar shunchaki o‘tmishga bo‘lgan oddiy ishora sifatida emas, funksional, zamonaviy foydalanish uchun qayta talqin qilinishi kerak deya yondashgan. Haqiqatan ham, Xitoy shaharlari bunga teskari bo‘lgan yondashuv bilan to‘lib ketgan: bino xarakterga mos kelmasa ham, shunchaki uning tepasida egri tom qo‘shib «xitoyona» ko‘rinish beriladi.
«An’anaviy shakllar — bu madaniyat, texnologiya va o‘sha davrdagi odamlarning yashash falsafasining natijasidir. Agar biz bunga faqat yuzaki e’tibor bersak, o‘sha davrda qotib qolamiz. Ammo biz an’anada bo‘lgan mavzularga yaxshiroq nazar solsak, hozirgi texnologiya va usullar bilan ularni boyitsak, unda an’ana chindan ham davom etadi», deydi arxitektor.
Xitoy arxitekturasining yangi davri
Lyu Xitoyning (va ehtimol dunyoning) eng dahshatli ocharchiligidan uch yil oldin 1956 yilda tug‘ilgan. Uning bolaligi onasi ishlagan Chendu shifoxonasi atrofida o‘tgan. U erta yoshidan san’at va adabiyotga qiziqqan, biroq o‘sha paytdagi ko‘plar singari, uning o‘smirlik davri Mao Zedongning «savodli yoshlar» dasturi doirasida qishloqqa yuborilgan madaniy inqilob bilan uzilib qolgan.
Lyuning me’mor sifatidagi faoliyati post-Mao davri — arxitektura davlat boshqaruvidan ozod bo‘lgan davrga to‘g‘ri keldi. U 1978 yilda Chunsin Me’morchilik va muhandislik instituti talabasi bo‘ladi hamda Xitoy markazlashgan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan davrda o‘qishni tugatdi.

Bu davr me’morchilikda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Chet elda chop etilgan asosiy me’morchilik matnlari mamlakatga kirib kela boshladi. Lyu ishlagan davlat dizayn institutlari avvallari faqat davlatga xizmat qilgan bo‘lsa, endi xizmatlari uchun haq olish huquqiga ega bo‘ldi. Shunga qaramay, Lyu 1980 yillarda Xitoyda me’morchilik orqada qolayotganini yaxshigina his qilib turgan.
«O‘qishni tugatganimda, menga o‘sha paytda me’morlarning qo‘lidan hech narsa kelmaydigandek tuyilar edi. Iqtisodiyot rivojlanmagan, g‘oyalar esa faol emasdi», deydi Lyu.
Me’mor 1990 yillar boshida yozuvchilik bilan ham shug‘ullanib, bir muddat arxitekturani tark etishni ham o‘ylagan. Biroq u kursdoshi Tan Xuaning ko‘rgazmasini ko‘rib, fikrini o‘zgartirgan. 1999 yilga kelib esa, u mamlakatdagi ilk xususiy amaliyotlardan biri Jiakun Architects’ga asos soldi.

Kompaniyaning ilk loyihalari Lyuning me’yorlarini aniq ko‘rsatib berdi. Uning 2002 yilda Chenduda ochilgan «Luyeyuan Stone Sculpture Art Museum» binosi bambuk o‘rmonida joylashgan bo‘lib, qo‘pol beton va kulrang tosh artefaktlar bilan uyg‘unlashgan.
2004 yilda Chunsindagi Sichuan badiiy institutida qurilgan Haykaltaroshlik bo‘limi binosida bo‘shliqdan «haykal» yasalgan. Chengdudagi yana bir loyiha Soatlar muzeyidagi oddiy qizil g‘ishtlar esa shunchaki hududning oddiy o‘tmishiga ishora qiladi. Bu odamlarga ruhiy sokinlikni beradi.
2010 yillarda Xitoyda megaloyihalar va noodatiy shakllarga ega binolar ko‘paygan sari, Lyuning ishlari sokin va dabdabadan xoli bo‘lib boraverdi. Hatto buyurtmalar miqyosi kengayganida ham u o‘zining «uslubsiz» uslubidan voz kechmadi. Lyuning aytishicha, uning kompaniyasi har doim osmono‘par binolar yoki ulkan majmualarni loyihalash uchun juda kichik bo‘lgan.
«Men binolarni balandroq va kattaroq qilish tendensiyasiga qiziqmayman. Va, albatta, men bunga ongli ravishda qarshilik qilmayman...», deydi me’mor.
«Hamma narsa hayotdan olingan...»
Osmono‘par binolarni loyihalash o‘rniga Lyu o‘z mamlakatining keskin urbanizatsiyasi oqibatlarini yumshatishga intilgan.
«Xitoy shaharlari juda tez rivojlanib, ikki katta muammo bilan yuzlashmoqda. Birinchisi jamoat makoni bilan bo‘lsa, ikkinchisi tabiat bilan munosabat. Mening loyihalarim shu ikki jihatga qaratilgan», deydi Lyu.
Tabiat va me’morchilik o‘rtasidagi uyg‘unlik Lyuning keng qamrovli «West Village» loyihasida yaqqol ko‘rinadi. Chengduning shahar markazidagi bir bo‘lak kvartali ichki hovli ko‘rinishidagi blokka aylantirilgan.
U yerda velosipedchilar va piyodalar uchun mo‘ljallangan qiya yo‘laklar besh qavatli bino atrofidan joy olgan, bino markazida esa futbol maydonlari va ko‘kalamzor hududlar loyihalashtirilgan. Me’mor tashqi devorlarni qoplash uchun teshiklari bor g‘ishtlardan foydalangan. Bu teshiklar tuproq bilan to‘ldiriladi va o‘rtasidan maysa o‘stiriladi.

Biroz narida joylashgan Shueyszinfan muzeyida esa shunga o‘xshash «qayta tug‘ilgan g‘ishtlar»dan foydalanilgan. Bu g‘ishtlar 2008 yilda Sichuan hududini vayron qilgan Shenchuan zilzilasi xarobalaridan bo‘lib, bug‘doy somoni va sement aralashmasidan qayta tayyorlangan. Bu yondashuv Lyuning nega «kundalik me’morchilik» tarafdori sifatida e’tirof etilishini ko‘rsatadi: unda doim mahalliy kontekst birinchi o‘rinda turadi. Ammo bu me’morning ishlari har doim Xitoy bilan cheklanadi, degani emas.
Garchi u 2018 yilda London «Serpentine Gallery»ning Pekindagi birinchi pavilyonini loyihalagan, Massachusets texnologiya instituti hamda London Qirollik san’at akademiyasida ma’ruzalar o‘qigan bo‘lsa-da, Lyu hali chet elda ko‘p tajriba orttirgan. Pretzker mukofoti unga bunday imkoniyatni taqdim etishi kutilmoqda. U esa bu holatni quyidagicha izohlaydi:
«Metod va metodologiya nuqtai nazaridan chet elda ishlashda hech qanday muammo yo‘q. Agar men loyiha taklif qilinayotgan joyni yetarlicha bilsam, mening usullarim to‘liq qo‘llanilishi mumkin».
Teglar






