
Pul o‘tkazmalari, import va so‘mning qadri: ichki valuta bozorida holat qanday?
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida ichki valuta bozorida pul o‘tkazmalari hajmi oshdi, valuta taklifi talabdan ustun bo‘ldi. Bu omillar so‘m kursining mustahkamlanishiga qanday ta’sir qildi?

Markaziy bank 2025 yilning yanvar–noyabr oylari yakunlari bo‘yicha ichki valuta bozori sharhini e’lon qildi.

Manba: Markaziy bank
Unga ko‘ra, ushbu davrda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 53,7 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga oshgan. valuta taklifi esa (Markaziy bank amaliyotlarisiz) 45,6 mlrd dollarga yetib, yillik hisobda 26 foizga o‘sgan.
Monetar oltin bilan bog‘liq operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha pul mablag‘lari Markaziy bank tomonidan valuta bozoridagi amaliyotlar va boshqa pul-kredit vositalari orqali muvozanatga keltirib borilmoqda.
Yuridik shaxslarda valuta taklifi talabdan yuqori
2025 yilning 11 oyi davomida yuridik shaxslarning xorijiy valyutaga bo‘lgan talabi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshdi. Shu bilan birga, ular tomonidan shakllantirilgan valuta taklifi hajmi 35 foizga ko‘paydi. Ko‘rinib turibdiki, valyutaga taklif talabga nisbatan yuqori shakllangan.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning eksport tushumlari hisobidan ichki valuta bozoriga kirib kelgan valuta taklifi 17 foizga o‘sib, 16 mlrd dollarni tashkil etdi. Ushbu eksport tushumlarining 8,9 mlrd dollari, ya’ni 55 foizi ichki valuta bozorida sotilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 19 foizga, ya’ni 1,4 mlrd dollarga ko‘p.
Shuningdek, hisobot davrida banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan ichki valuta bozoriga 8,1 mlrd dollarlik valuta mablag‘lari sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63 foizga (3,5 mlrd dollarga) ko‘p.

Manba: Markaziy bank
Yanvar–noyabr oylarida importni moliyalashtirishda asosiy manba ichki valuta bozorida sotib olingan xorijiy valuta bo‘ldi. Uning ulushi 64,7 foizni tashkil etdi (2024 yilda — 64,9 foiz). Xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobidan importni moliyalashtirish ulushi esa 24 foiz bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga oshdi.
Sotib olingan xorijiy valyutaning yarmi ishlab chiqarish uchun uskunalar, tovarlar va xomashyo importiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, 27 foizi xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarishga, 17 foizi iste’mol tovarlari va dori-darmonlar importiga sarflangan. Qolgan qismi xorijiy investorlar daromadlarini qaytarish hamda boshqa maqsadlar uchun ishlatilgan.
Aholi banklarga 19 mlrd dollardan ortiq xorijiy valuta sotdi
Aholi tomonidan tijorat banklariga 19,4 mlrd dollar xorijiy valuta sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobarga oshgan.

Manba: Markaziy bank
Sotib olingan xorijiy valuta hajmi esa 10,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 8,5 mlrd dollar bo‘lgan, ya’ni 25 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Sodda qilib aytganda, aholi orasida ham, yuridik shaxslar orasida ham valyutaga taklif talabdan yuqori. Xususan, jismoniy shaxslarda taklif talabdan 8,7 mlrd dollarga ortiq bo‘lgan.
Xalqaro pul o‘tkazmalari 17 mlrd dollardan oshdi
Joriy yilning yanvar–noyabr oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga 17,3 mlrd dollar valuta mablag‘lari kelib tushdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 25 foizga, ya’ni 3,5 mlrd dollarga ko‘p.

Manba: Markaziy bank
Chiqib ketgan valuta miqdori esa 2,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 157 mln dollarga kam.
So‘mning qadri 7,5 foizga oshdi
Yanvar–noyabr oylarida so‘m dollarga nisbatan barqarorlashib, mustahkamlanishga o‘tdi. Milliy valuta almashuv kursi yil boshidan buyon 7,5 foizga mustahkamlandi.

Manba: Markaziy bank
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bunga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, eksport tushumlarining ko‘payishi, xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli o‘sishi, xorijiy kreditlarning jalb qilinishi, import to‘lovlari hajmining nisbatan barqarorlashuvi, shuningdek, investitsiyalar, jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining ortishi so‘m kursining mustahkamlanishiga xizmat qilgan.
Shuningdek, Markaziy bank raisi Temur Ishmetov 24-oktabrda bo‘lib o‘tgan asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida so‘mning mustahkamlanishi fonida yuzaga kelgan muhokamalarga munosabat bildirib, O‘zbekiston Markaziy banki milliy valyutani sun’iy ravishda mustahkamlash yoki qadrsizlantirish siyosati olib bormasligi, balki uning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashga intilishini ta’kidlagan edi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahliliga ko‘ra, yil davomida so‘mning tarixiy darajada mustahkamlanishiga global noaniqliklar fonida dollar indeksi pasaygani ham ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, oltin narxining yil boshiga nisbatan 58 foizga oshgani, eksport tushumlarining ko‘paygani (10 oyda oltin eksporti 10 mlrd dollarga yetgani), investitsiyalar oqimining sezilarli ortgani (yarim yilda 6,5 mlrd dollar, 53 foiz o‘sish) hamda pul o‘tkazmalarining kutilganidan yuqori bo‘lishi asosiy omillar sifatida qayd etilgan.
Avvalroq, Vaqt.uz yil davomida so‘m qanday mustahkamlangani haqida yozgan edi.
Teglar






