add

Qattiq qoralangan Isroil, 12 yil bo‘layotgan maktab ta’limi va ogohlantirilgan Turkiyadagi o‘zbeklar — 9 sentyabr dayjesti

09.09.2025 | 22:0049229

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qattiq qoralangan Isroil, 12 yil bo‘layotgan maktab ta’limi va ogohlantirilgan Turkiyadagi o‘zbeklar — 9 sentyabr dayjesti
O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tiladi O‘zbekistonda maktab ta’limini 12 yillik tizimga o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu tashabbus kecha, 8 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishganidan so‘ng davlat rahbari tomonidan ma’qullangan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. «12 yillik ta’lim tizimi joriy etishning asosiy foydasi o‘rinda ta’lim sifati bo‘lsa, keyingi o‘rinda xorijiy ta’limda bizni o‘quvchilar «foundation» kursini o‘qishga majbur bo‘lishyapti. Bir yil yo‘qotilyapti. Agar 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tsak, to‘g‘ridan to‘g‘ri bakalavr bosqichida o‘qishlari mumkin bo‘ladi», — dedi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov.   Harbiy formaga o‘xshash kiyim-bosh kiyganlik uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin O‘zbekistonda harbiy va idora formaciga o‘xshash kiyim-boshdan foydalanganlik uchun jazo joriy etilishi mumkin. Bosh prokuraturasi ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Yangi moddaga ko‘ra, harbiy yoki idora formasiga o‘xshash kiyimni kiygan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 5dan 10 baravarigacha jarima to‘laydi, rasmiy formaga ruxsatsiz ega bo‘lgan shaxslar uchun esa jarima 2–5 baravargacha va musodara belgilanadi. Loyiha jinoyat kodeksiga ham o‘zgarish kiritishni nazarda tutadi, hokimiyat vakilining formasi yoki hujjatlaridan foydalangan holda jinoyat sodir etish og‘irlashtiruvchi holat deb baholanadi. Mualliflar ta’kidlashicha, ushbu chora huquqbuzarliklar va davlat organlariga ishonchga putur yetkazishning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.   Aksariyat oilalar to‘y sababli 3-4 yil o‘zini tiklolmaydi — so‘rovnoma xulosalari Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ko‘pchilik ota-onalar va yoshlar to‘ylarni ixcham va kamxarj o‘tkazish tarafdori ekanligi aniqlandi. 64 foiz ota-onalar oilaviy sharoitni inobatga olib to‘y o‘tkazish kerak, 43 foiz mahalla faollari esa tejamkorlik asosida marosimlarni tashkil etishni ma’qul ko‘rgan. Shu bilan birga, to‘y uchun ortiqcha xarajatlar oila moliyasiga salbiy ta’sir qilishi, ayrim oilalar 3–4 yil moliyaviy jihatdan tiklana olmasligi ma’lum bo‘ldi. Yosh nikohlanuvchilar o‘rtasida esa sodda va samimiy to‘ylarga ustuvorlik beriladi: 31 foiz to‘yni oilaviy muhitda o‘tkazishni afzal ko‘rsa, 34 foiz ortiqcha dabdabadan qochish muhim deb hisoblagan. Ko‘pchilik ishtirokchilar to‘y byudjetini 10–30 million so‘m oralig‘ida rejalashtirmoqda. Muammolarni bartaraf etish uchun davlat va jamoat tashkilotlari kamxarj, ma’naviy targ‘ibot va maslahat xizmatlarini kengroq joriy etishi zarurligi ta’kidlanmoqda. So‘rovnoma natijalari bilan batafsil Vaqt.uz e’lon qilgan maqolada tanishishingiz mumkin.   Rasmiy Toshkent Isroilning Qatarga hujumiga munosabat bildirdi O‘zbekiston Isroil tomonidan Qatarning Doha shahridagi turar-joy hududiga qilingan hujumni Qatar davlati suvereniteti, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan ochiqdan-ochiq tajovuz sifatida baholadi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.  «O‘zbekiston Respublikasi Isroilning Doha shahridagi turar joy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralaydi va buni Qatar Davlati suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholaydi. Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi», — deyiladi rasmiy bayonotda. Bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi ekanini bildiradi. Turkiyadagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi Turkiyaning Istanbul shahrida namoyishlar kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur davlatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi.  Qayd etilishicha, Turkiya hukumati tomonidan xavfsizlik chorasi sifatida 11 sentabrga qadar 6 tumanda, jumladan Beshiktosh tumani hududida (Bosh konsulxona joylashgan), ommaviy tadbirlarga vaqtincha taqiq joriy etilgan. Shuningdek, xorijiy messenjerlardan foydalanishda cheklovlar mavjud. «Fuqarolarimizga odam gavjum joylardan yiroqda bo‘lish, namoyish o‘tkazilayotgan hududlarga yaqinlashmaslik, mahalliy tartib-qoidalarni qat’iy rioya etish tavsiya etiladi», — deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid