
Rossiya dronlar bilan Odessadagi tug‘uruqxona va Kiyevdagi uylarga zarba berdi
10.06.2025 | 12:0012783
10 iyun kuni tongda Rossiya Ukrainaga yana yopirilma dron hujumi uyushtirdi. Odessa va Kiyev shaharlarida tug‘uruqxona, turar joylar, maktab va biznes markazlar zarar ko‘rdi. Odessa markazidagi turar-joyga berilgan zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi yaralandi.
Odessa shahar meri Gennadiy Truxanov tug‘uruqxonaga berilayotgan zarbalarni «juda shafqatsiz» deb atadi. Shaharga bir kechaning o‘zida o‘ndan ortiq dron yoppasiga hujum qildi. Shuningdek, shoshilinch yordam stansiyasi, temir yo‘l vokzali va hayvonot bog‘i ham zarar ko‘rgan.
Kiyev shahrida esa yettita rayonda zarar va yong‘inlar qayd etildi. Shahar meri Vitaliy Klichko ma’lum qilishicha, Obolon rayonida maktab hududiga dron parchalari tushib, ikki turar-joyga ziyon yetkazdi va dorixonada yong‘in keltirib chiqardi. Shevchenko, Darnitsa va Solomenka rayonlarida ham uylar zararlangan. Goloseyev va Shevchenko rayonlarida biznes markazlar hujumga uchradi. Jami to‘rt kishi jarohatlanib, kasalxonaga yotqizildi.
Ukraina harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, bu hujum urush boshlanganidan beri eng keng qamrovli havo zarbasi bo‘ldi. Rossiya tomonidan 479 ta Shahed droni, 20 ta raketa, jumladan, 4 ta «Kinjal» gipertovushli raketasi, X-101, X-31P va X-22 raketalari ishlatilgan. Ukraina tomoni 17 raketani va 277 dronni yo‘q qildi. Yana 187 dron va ikki X-22 raketasi lokatorlarda yo‘qolgan.
Hujum Kiyev, Vinnitsa, Dnepropetrovsk, Donetsk, Zaporijjya, Jitomir, Kirovograd, Poltava, Rivne, Sumi, Xarkiv, Xmelnitskiy va Chernigiv oblastlariga ham tarqaldi. 17 ta aholi punktida parchalar yerga tushgan. Rivne oblastida bir fuqaro yaralangan.





