
Rossiya urush boshlanganidan buyon Ukrainaga eng yirik havo hujumini amalga oshirdi
29.06.2025 | 18:2039483
Rossiya 29 iyun tongda Ukrainaga qarshi rekord darajada yirik havo hujumi uyushtirdi. Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Moskva tomonidan 537 ta havo hujum vositasi qo‘llanilgan. Atakaga javob qaytarish jarayonida F-16 uchuvchisi halok bo‘ldi.

Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya hujumda 477 ta Shahed droni va 60 ta turli xil raketalardan foydalangan. Ular orasida 7 ta «Iskander», 4 ta «Kinjal» gipertovushli raketasi, 41 ta X-101 va 4 ta «Kalibr» qiruvchi raketa, shuningdek, 3 ta S-300 zenit raketasi bor edi. Ukraina tomoni 475 ta havo hujum vositasini yo‘q qilishga erishdi.
Hujum natijasida Cherkassk, Zaporijjya, Xarkiv, Mikolayiv, Lviv oblastlariga talafot yetgan. Cherkassk oblasti Smela shahrida uchta to‘qqiz qavatli uy va mahalliy kollej binolariga shikast yetdi. Olti kishi, jumladan bir bola jarohatlandi. Poltava oblastida temir yo‘l infratuzilmasiga zarar yetdi, Poltava-Janubiy vokzalida to‘siqlar quladi, omborxonalarda yong‘in kelib chiqdi.
Xarkiv oblastida dron harakatdagi avtomobilni urdi, 60 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana bir kishi jarohat oldi. Mikolayivda infratuzilma va omborlar zarar ko‘rdi. Zaporijjyada korxona binolari shikastlandi. Lviv oblastida sanoat infratuzilmasida yong‘in yuz berdi.
Aviahujum vaqtida F-16 uchuvchisi, 32 yoshli podpolkovnik Maksim Ustimenko hayotdan ko‘z yumdi. U yettita havo hujum vositasini yo‘q qilgan, lekin u so‘nggi nishonni yo‘q qilish chog‘ida samolyotiga shikast yetib, qulay boshlaganida katapultadan foydalanishga ulgurmagan.
Prezident Volodimir Zelenskiy bu hujumni izohlar ekan, xalqaro hamjamiyatni Rossiyaga bosimni kuchaytirish va Ukrainaga havo mudofaa tizimlarini taqdim etishga chaqirdi. U Rossiya hali-beri to‘xtamasligini va agressiyani davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.





