
«Shundoq ham kesilib yotibdi» — Murod Nazarov daraxt kesishni qonuniylashtirish taklifini berdi
17.07.2025 | 21:2023497
«Murad Buildings» asoschisi Murod Nazarov qurilish paytida daraxtlarni kesish amaliyotini qonuniylashtirish taklifini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, cheklovlar korrupsiyaga olib kelmoqda va bu muammoni hal qilish uchun institutsional mexanizm yaratish zarur. Ammo jamoatchilik...

O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor, «Murad buildings» qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov uylar qurilishi jarayonida korrupsiya aralashgan holda daraxtlar kesilayotganini tan oldi. U daraxt kesishni qonuniylashtirishni taklif etmoqda.
Unga ko‘ra, yaqinda Toshkent shahrining bosh rejasi chiqadi.
«Toshkent shahrini oladigan bo‘lsak qurilishlar bundan buyon asosan yo renovatsiya yoki rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi va u joylarda tabiiyki bo‘sh joy yoki daraxt bo‘lmasa. Hamma joylarda daraxt bor, hamma bino atrofida daraxt bor. O‘sha daraxtlar o‘ylanmasdan kesib tashlangani rezonanslarga sabab bo‘lgani uchun morotoriylar qo‘yilgandi, bunga. Lekin to‘g‘risini tan olish kerak, rekonstruksiya qiladimi, renovatsiya qiladimi bu joylarda texnikani qo‘yaman desa daraxtlar halaqit beradi-da. Va qanaqadir yo‘llar bilan daraxtlar kesilyapti», - deydi Nazarov.
Tadbirkorga ko‘ra, daraxtlar kesilishiga cheklov qo‘yish kerak emas, cheklovlar hammasi qayta korrupsiyani kuchaytiradi.
«Imtiyozlarga ham qarshiman. Bu yerda taklifim shuki, o‘rniga o‘rin ekilsin daraxt deyishsa, boshqalar yangi ekilgani qurib ketishi mumkin degan e’tirozlar ham bildirilishi mumkin va o‘rinli bu ham, ekilganidan so‘ng u tiklanadimi yo‘qmi? Kelinglar undan ko‘ra, har bir quruvchi kompaniya yoki bo‘lmasa uchinchi shaxs kompaniya daraxtlar bankining ustida ishlasin. Masalan, biz keyingi yil, undan keyingi yil taxminan qancha qurilish qilamiz, taxminan qancha daraxt kesilishi mumkin. Oldindan daraxtlarni ekib qo‘yaylik, diametr ko‘rsatkichlari bo‘lsin, hokimyatning balansiga o‘tib ketaveradi kerak bo‘lsa. Uchinchi shaxslar ham bu bilan shug‘ullanadi kerak bo‘lsa, chunki daraxt ekmagan kompaniya bo‘lsa uchinchi shaxsdan sotib olsin o‘sha limitni. Natija daraxt ekishga ham investitsiyadek qarash boshlanadi», - dedi u.
Murod Nazarov institutsional mexanizm yaratishni taklif etmoqda.
«Mirobodda uy quryapmizmi, u yerdagi balansni aynan Mirobodda ekiladigan daraxtlar orqali tiklaylik. Chunki shundoq ham daraxtlar kesilyapti. Endi cheklovdan ko‘ra, uning mexanizm va reglamentini yaratib qo‘yaylik. Masalan, agar 40 sm diametridagi daraxt kesilsa, uning o‘rniga 15–20 smlik 10 ta daraxt ekilishi kerak», - dedi tadbirkor.
Bu fikr jamoatchilik orasida keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodga ko‘ra, buni faqat jamoatchilik hal qilishi mumkin. Hozirgi kunda ko‘pchilik fuqarolar Toshkent markazida yangi binolar qurilishi emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori.
«Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7-10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib bog‘ yaratadimi?», - demoqda rais.
Shu o‘rinda ayrim kuzatuvchilar ta’kidlayotgan yana bir jiddiy jihat — Nazarovning chiqishi orqali Toshkentning bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilayotgani ham oshkor bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar qanday muhokama qilinmoqda, jamoatchilikdan qanday fikrlar olinmoqda — buning o‘zi alohida savol.
Nazarovning chaqiriqlari va real amaliyot o‘rtasida katta farq bor. Hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan ayrim developerlar o‘z chiqishlarida ochiq-oydin «baribir pulini to‘layapmiz», deya gapirishi — tizimdagi halokatli muhit va jazosizlik hissini ko‘rsatadi», - demoqda ijtimoiy tarmoq faollari.





