
«Taklif berayotgan daraxt ekib, bog‘ yaratganmi?» — faollar Murod Nazarovning so‘zlariga munosabat bildirdi
18.07.2025 | 18:00411417
17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasi bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkor, Murad Buildings qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov daraxtlarni kesishga moratoriyga qarshi chiqib, uni baribir buzishayotganini, bu esa korrupsiyaga zamin yaratishini ta’kidladi.

Murod Nazarov 2022 yildan buyon daraxtlarni kesishga qo‘yilgan moratoriy haqida fikr bildirdi:
«Hamma joylarda daraxt bor, har bir binoning atrofida daraxt bor. Va daraxtlarni o‘sha o‘ylamasdan kesib tashlagani uchun, katta rezonans olib kelgani uchun moratoriy qo‘yilgandi bunga. Lekin, to‘g‘risini tan olish kerak, bu joylarda, mana, rekonstruksiya qiladimi, renovatsiya qiladimi, o‘sha hatto rekonstruksiya paytida texnikani qo‘yaman desa ham, daraxtlar xalaqit beradi-da. Va qanaqadir yo‘llar bilan baribir ham daraxtlar kesilyapti», deya ta’kidladi u.U taqiq o‘rniga yangi daraxtlarni oldindan ekish sharti bilan kesishga ruxsat berishni taklif qildi. Unga ko‘ra, kompensatsiya to‘lashda daraxt tanasining o‘lchamini hisobga olish kerak: «Masalan-da, 40 diametrli, santimetrli daraxtni kesyapti. O‘sha reglamentda yozilgan: 40 diametrli bo‘lishi uchun 20 yoki 15 diametrli daraxtdan 10 ta bo‘lishi kerak». Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, ayrim hollarda qurilish kompaniyalari diametri bo‘yicha hatto uch-to‘rt barobar ko‘proq daraxt ekishga ham tayyor. Faollar munosabati Jamoatchilik ushbu fikrga nisbatan, asosan, qarshi munosabat bildirmoqda. Xususan, iqtisodchi, professor Botir Qobilovga ko‘ra, Toshkent, umuman, O‘zbekiston uchun maktab yerlari, shahardagi jamoat bog‘lari, kutubxona va umuman jamoatchilik foydalanadigan va jamoatchilikni sog‘lom qiladigan, nafasini yaxshilaydigan, uydan chiqib qayerdadir o‘tirib biroz bo‘lsa ham tabiatdan bahramand bo‘la oladigan joylar kerak. Iqtisodchiga ko‘ra, O‘zbekistonda, xususan Toshkentda bunday joylar nihoyatda kam va kamaymoqda ham.
«Daraxt bu qurilishga xalaqit qilayotgan shunchaki ob’ekt emas. Daraxtni kesishga cheklovlarni olib tashlash emas (ular shundoq ham yaxshi ishlamayapti shekilli?) aksincha daraxtlarni, shahardagi bog‘larni davlat va hokimiyat tomonidan muhofazasini kuchaytirish kerak. Shundoq ham qarovsiz bo‘lib yotibdi, shundoq ham tashlandiq bo‘lib yotibdi, biz qilmasak shundoq ham buzilmoqda, kimdir qilmoqda degan argumentlar bilan ko‘z yumish emas, aksincha aynan shu misollarni ishlatib jamoatchilik joylarini va har bir dona daraxt va parklarni davlat o‘z muhofazasiga yanada ko‘proq olishi kerak deb o‘ylayman. Hukumatni kuchi yetmaydi degan argumentga men qo‘shila olmayman. Yetadi, yetmasa yetqazishni ko‘proq so‘rash kerak», deb yozdi u.Yana bir iqtisodchi Behzod Hoshimov yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha qilib, qurilish mutlaq taqiqlangan zonalarni yaratish zarurligini ta’kidladi.
«Zotan, bu ish juda oson bo‘lishi kerak, shaharlarda qurilish mutlaq taqiqlangan zonalar — «yashil zonalar» deb e’lon qilsa bo‘ldi. Buni hukumat qila olishi kerak. Endi men shunday deb o‘ylar edim. Lekin Botanika bog‘i va bir nechta shahar bog‘larini ichida qurilishlar qilinganidan so‘ng, ancha shubha qilib qoldim. Ayniqsa, butun boshli Milliy bog‘ni betonlashtirib tashlashganidan so‘ng — umuman umidim qolmadi. Keyin men yashaydigan dahadagi sobiq Bobur bog‘i ichida butun boshli yangi kvartal qurilmoqda, hali bitmadi».Urbanist Iskandar Soliyev yuqoridagi fikrlarga quyidagicha munosabat bildirdi:
«Umuman olganda Behzod Hoshimovning ushbu gaplarida biror g‘alati yoki g‘ayrioddiy fikrlarni o‘qimadim. Takliflari menimcha hohlagan rivojlangan shaharda ish berib keladi, parklar ham, yashil zonalar ham yuqoridan umuman qurilish qilish taqiqlangan hududlarga haqiqatda kiritiladi. Va qizig‘i shu land use qoidalari ishlaydi. Buning ortidan yana bir qiziq savol tug‘iladi: siz shaharning cheksiz kengayishini tanlaysizmi yoki shaharni kompakt va yashash uchun qulay maskan qilishni? Balkim haqiqatda kesilgan har bir daraxt kesilishidan so‘ng (park, yashil zonalardan tashqari) ortidan balkim ekilishi kerak bo‘lgan daraxtga shundan (masalan 30 sm radiuslik yoki diametrlik) kichik bo‘lmagan shuncha daraxt ekasan deyish kerakdir?.. Lekin uning uchun bizga ko‘plab pitomniklar kerak bo‘lar ekan, katta daraxtli pitomniklar bizda deyarli yo‘q ekan... Qurilishga kelsak Toshkentda hali ko‘plab sanoat zonalari qimmatli yerlarni egallab turipti va yarim asrlik yosh mahallalar ham shaharning katta qismini tashkil qilishadi va issiqlik orollarida aynan shu hududlar eng yonadigani».Jurnalist Muhrim Azamxo‘jayev o‘zining telegram kanalida bergan «Qurilishlarni ko‘paytirish kerak bo‘lsa, daraxtlarni kesmasdan ham qurilishlarni ko‘paytirsa bo‘lar?» degan savoliga Behzod Hoshimov quyidagicha javob berdi:
«Aynan. Ko‘p xollarda, bizni xato dixtomiyalarga tiqishga urunishadi, chunki o‘sha dixtomiyalarda o‘ylab topilgan dilemmani taqdim qilishadi, masalan, ayrimlar aytishadi: «iqtisodiy o‘sish bo‘lsa demak, ekologiya yomon bo‘ladi», «qurilish bo‘lsa, daraxtlar qolmaydi» deb. Aslida teskarisi, progress va rivojlanish natijasida ekologiya ham yaxshilanadi, qurilishlar ham, shahar cho‘llanishiga emas, daraxtzorga aylanishiga yordam beradigan narsa. Deylik, Singapur yoki Nyu York Toshkentdan ancha yashil, lekin ancha ko‘proq odam ularda yashaydi. Lekin Toshkentdan kichik talaygina shaharlar bor, daraxtlari kam, yashash ahvoli yomonroq. O‘zi umuman, boyroq shaharlarda, yashillik ham ko‘proq, kambag‘alroq mamlakatlarda, daraxtlar ham kamroq. Qaysi hollarda bunday? Hukumatni kompetensiyasi yuqori bo‘lmasa. Demak, asosiy o‘zgaruvchi, hukumatlar bu narsani to‘g‘ri boshqara olishi. Lekin o‘ylab topilgan dixtomiya orqali, korrupsiya va past kompetensiyani yashirish mumkin. Yolg‘on tanlovda odamlarga go‘yoki tanlov huquqi beriladi».O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov moratoriy muhokama masalasi emasligi ta’kidlab, quyidagi fikrlarni bildirdi:
«Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa, developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi — bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori. Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7-10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?».MyTaxi, Express24, Workly, Ma asoschisi Akmal Payziyev yuqoridagi fikrlarni davom ettirib, yashil hududlar uchun belgilangan normalar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
«Shaharlar nafaqat binolar va yo‘llardan, balki odamlar dam olishi, bolalar o‘ynashi, yoshlar sport bilan shug‘ullanishi va keksalar sayr qilishi mumkin bo‘lgan yashil hududlardan ham iborat bo‘lishi kerak. Bunday hududlar uchun belgilangan normalar bo‘lishi lozim. Afsuski, Toshkentda bu kabi joylar tobora kamayib bormoqda. Bu yerlar xalqniki bo‘lishi kerak. Ular xususiylashtirilmasligi yoki qurilish uchun berilmasligi shart. Agar bunday joylar yetarli bo‘lmasa, zarurat tug‘ilganda davlat bizneslar yoki shaxslardan joy sotib olib, uni xalq uchun parkka aylantirishi kerak. Bu jamoat sog‘lig‘i, bolalarning to‘g‘ri rivojlanishi va umumiy hayot sifati uchun juda muhim», — deydi Payziyev.Jurnalist Ibrat Safo o‘zining Facebookdagi sahifasida loyihani hukumat vakillari ma’qullaganidan shokka tushgani yozdi.
«Bu absurd g‘oyani hukumatning vakillari qo‘llab o‘tirganlaridan shokka tushmay ilojing yo‘q. Bitta daraxt tutib o‘sib ketguncha va atrof-muhitga foydasi tegishni boshlaguncha qancha vaqt o‘tishini bilmaydimi bular? Katta daraxt va ko‘chat o‘rtasidagi CO2ni yutish va saqlash darajasida qancha katta farq borligi haqida salgina o‘ylanib ko‘rishganmi?» — deya savol qo‘yadi u.Uning qo‘shimcha qilishicha, «Ariqlar ko‘mib tashlangan, suv ko‘chatlarga kelmaydigan, yashil hududi karrasiga kamaygan shaharda yana bir amallab jon saqlab kelayotgan daraxtlarni yo‘q qilmoqchi. Yana, qurilish uchun. Ahmoqlikning cho‘qqisi bu! Bularning o‘zlari ham, bolalari ham shu shaharda yashaydi-ku? Daraxt — karbonat angidridni, jaydaricha peshonaga bir urib tushuntirilsa, havodagi zaharni yutib o‘zida g‘amlaydigan yagona tabiiy yo‘l! Boshqasi yo‘q. Filtrlaringiz ham ish bermaydi, faqat va faqat daraxt yumshatadi muammoni». Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021 yil 31 dekabrdagi prezident farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgandi. Farmon bilan jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirildi. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlandi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





