add

Ta’lim muassasalari uchun yangi akkreditatsiya tartibi joriy etildi

25.08.2025 | 10:4521754

Akkreditatsiyadan o‘tmagan yoki kamchiliklarni bartaraf etmagan muassasalar litsenziyasidan mahrum qilinishi va faoliyati to‘xtatilishi mumkin.

Ta’lim muassasalari uchun yangi akkreditatsiya tartibi joriy etildi
O‘zbekistonda barcha davlat va nodavlat ta’lim muassasalari 2025 yil noyabridan boshlab majburiy akkreditatsiyadan o‘tadi. Vazirlar Mahkamasining 6.08.2025 yildagi «O‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi 498-sonli qarori prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. U ta’lim xizmatlari sifati bahosida oshkoralik va samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan. Yangi tizimga ko‘ra, muassasalar kompleks davlat akkreditatsiyasi orqali ta’lim dasturlari va me’yorlarga muvofiqlik jihatdan baholanadi. Shuningdek, maxsus akkreditatsiya yangi dasturlar yoki rejadan tashqari holatlarda amalga oshiriladi. Xalqaro agentliklardan akkreditatsiya olgan dasturlar avtomatik tarzda tan olinadi. Akkreditatsiya jarayoni prezident administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi orqali o‘tkaziladi. Uning natijalari muayyan dastur bo‘yicha qabul qilish huquqiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Oliy o‘quv yurtlari va kollejlarda ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limlari tuzilishi shart etilib, oliygohlarda kamida 3 nafar, kollej va texnikumlarda esa kamida 1 nafar mutaxassis faoliyat yuritishi belgilab qo‘yildi. Ular ichki sifat auditi, akkreditatsiyaga tayyorgarlik va ta’limdagi xavflarni monitoring qilish bilan shug‘ullanadi. Qarorga muvofiq, 2025 yil oxirigacha «Akkreditatsiya» elektron platformasi ishga tushiriladi. Akkreditatsiyadan o‘tmagan yoki kamchiliklarni bartaraf etmagan muassasalar litsenziyasidan mahrum qilinishi va faoliyati to‘xtatilishi mumkin. Yopilgan muassasalar talabalari esa mos yo‘nalishlar bo‘yicha boshqa oliygoh va kollejlarga o‘tkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid