add

Toshkentda tadbirkordan 35 ming dollar pora talab qilgan sobiq soliq xodimi qo‘lga olindi

28.10.2025 | 12:004031

Firibgarlikda gumonlanayotgan shaxs tadbirkordan QQS guvohnomasini qayta faollashtirish va 17 mlrd so‘mlik manfiy soliq farqini qaytarish bahonasida pora talab qilgan.

Toshkentda tadbirkordan 35 ming dollar pora talab qilgan sobiq soliq xodimi qo‘lga olindi

Toshkent shahrida transport va logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi xususiy kompaniya hisobchisi tadbirkordan 35 ming AQSH dollari talab qilgan sobiq soliq xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u avval soliq idoralarida faoliyat yuritgan bo‘lib, o‘zining «tanishlar»i orqali bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaga 17 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy farq summasini qaytarib berish va to‘xtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirishni va’da qilgan.

Evaziga hisobchi tadbirkordan 35 ming dollar talab qilgan. DXX va Departament xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida u 20 ming 500 dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan hisobchi va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) hamda 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berishga urinish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, ushbu hisobchi «masalani hal qilish»ni Soliq qo‘mitasining katta inspektori orqali amalga oshirishni rejalashtirgan. Hozirda mazkur davlat xizmatchisi ham jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan.

Teglar

Mavzuga oid