Logo

Toshkentliklar Prezidentga nimadan eng ko‘p shikoyat qilmoqda?

Prezident qabulxonalariga Toshkentdan kelgan takroriy murojaatlar soni keskin oshgan. Tahlil aholini eng ko‘p qiynayotgan muammolar va idoralardagi kamchiliklarni ochiqladi.

Toshkentliklar Prezidentga nimadan eng ko‘p shikoyat qilmoqda? © Foto: prezident.uz

2026 yilning yanvar–may oylarida Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga Toshkent shahri aholisidan jami 48,3 mingta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 foizga ko‘p. Bu haqda qabulxona matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur davrda eng ko‘p murojaatlar quyidagi yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelgan:

• aliment, qarz undirish va ijro ishi yuritishga oid masalalar — 5,4 mingta;

• huquqbuzarlik, firibgarlik hamda surishtiruv-tergov harakatlari bo‘yicha — 5,2 mingta;

• xizmatchilar faoliyati va xatti-harakatlari bilan bog‘liq masalalar — 3,2 mingta;

• nafaqa tayinlash, moddiy yordam ajratish va pensiyaga oid masalalar — 2,7 mingta;

• boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatiga oid masalalar — 2 mingta;

• kreditlar, bank plastik kartalari, bankomatlar va to‘lov tizimlari bo‘yicha — 1,9 mingta;

• yo‘l harakati qoidalari buzilganini rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasi olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga oid masalalar — 1,3 mingta.

Takroriy murojaatlar oshgan

Tahlillar shahar tashkilotlari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan.

Xususan, yanvar–may oylarida Toshkent shahri aholisidan 5282 ta takroriy murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 142 foizga ko‘p.

Ma’lum qilinishicha, 2779 nafar fuqaro bir masala yuzasidan 3-martadan 10-martagacha murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Yana 265 nafar fuqaro 10-martadan 25-martagacha, 65 nafar fuqaro esa 25-martadan ortiq murojaat yo‘llagan.

Jumladan:

• Toshkent shahar uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi — 13 ta;

• Toshkent shahar hokimligi — 12 ta;

• Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi — 4 ta;

• Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi — 4 ta;

• Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi — 3 ta;

• Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi — 2 ta;

• Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi — 2 ta;

• Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi — 1 ta;

• O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi — 1 ta.

«Aniqlangan holatlar yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmagan murojaatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish topshirig‘i berildi» — deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid