Tramp barcha davlatlar uchun bojlarni 10 foizdan 15 foizga oshirdi
Oliy sud tariflarni bekor qilganidan so‘ng Donald Tramp import bojlarini 15 foizgacha oshirdi. Qaror yangi huquqiy mexanizmlar asosida joriy etilmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp barcha davlatlar uchun import bojlarini 10 foizdan 15 foizga oshirdi. U «Truth Social» tarmog‘ida bu qarorni Oliy sudning «o‘ta aksilamerikacha» deb baholagan hukmidan keyin qabul qilganini bildirdi.

20-fevral kuni Oliy sud prezident tomonidan 1977 yilgi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun asosida joriy etilgan ko‘plab tariflarni bekor qilgan edi. Sud qaroriga ko‘ra, mazkur qonun prezidentga xorijiy davlatlarga nisbatan keng ko‘lamli bojlar joriy etish huquqini bermaydi.
Shundan so‘ng Tramp 10 foizli global tarifni e’lon qilgan, endi esa uni 15 foizgacha oshirishga qaror qildi. Prezident ma’muriyati yaqin oylarda «huquqiy jihatdan maqbul yangi bojlar»ni ishlab chiqishini ma’lum qildi.
Qonunlar va mexanizmlar
Ma’muriyat vakillari IEEPAdan tashqari boshqa qonunlardan foydalanish imkoniyatini bildirgan. Xususan, 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-bo‘limi prezidentga Kongress roziligisiz 150 kungacha 15 foizgacha tarif joriy etish huquqini beradi. Shuningdek, 301-bo‘lim ham savdo cheklovlari uchun qo‘llanishi mumkin.
Tramp Oliy sud qarorini «sharmanda» deb atab, tarif siyosati davom etishini bildirgan. Uning aytishicha, ma’muriyatda zaxira reja mavjud va bojlar orqali «Amerika buyukligini tiklash» siyosati to‘xtamaydi.
Iqtisodiy ta’sir
Kil jahon iqtisodiyoti instituti tahliliga ko‘ra, 2024 yil yanvaridan 2025 yil noyabrigacha qiymati taxminan 4 trln ljkkfh bo‘lgan 25,6 mln tranzaksiya o‘rganilgan. Hisob-kitoblar importchilar va amerikalik iste’molchilar qo‘shimcha xarajatlarning 96 foizini qoplaganini ko‘rsatgan, xorijiy yetkazib beruvchilar ulushi 4 foizni tashkil etgan.
Mutaxassislarning fikricha, eksportchilar narxlarni tushirish o‘rniga AQSH bozoridagi ulushni qisqartirish va tovarlarni Yevropa hamda Osiyoga qayta yo‘naltirish strategiyasini tanlagan. Bu esa tariflar ichki bozorda inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi.





