
Tramp urushni to‘xtatishga chaqirdi, Putin esa Rossiya maqsadlaridan chekinmasligini aytdi
03.07.2025 | 22:306432
Rossiya va AQSH prezidentlari Vladimir Putin hamda Donald Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tramp Ukrainadagi urushni yakunlash zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa, Putin Rossiya o‘z maqsadlaridan qaytmasligini bildirgan. Prezidentlar, shuningdek, Suriya va Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qilgan.
Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilishicha, 3 iyul kuni Rossiya va AQSH rahbarlari o‘rtasidagi telefon orqali suhbat qariyb bir soat davom etgan. Bu Tramp qayta prezidentlikka kirishganidan beri ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi oltinchi muloqot hisoblanadi.
Muloqotda Donald Tramp Ukrainada davom etayotgan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini qayd etgan. Unga javoban, Vladimir Putin Rossiya hali ham siyosiy-diplomatik yechim izlashdan qaytmaganini aytgan, biroq o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan voz kechmasligini aniq bildirgan.
Suhbat AQSH mustaqillik kuni arafasida bo‘lib o‘tdi. Putin Trampni ushbu bayram bilan tabriklab, Rossiya AQSH davlatchiligi shakllanishida muhim rol o‘ynaganini ta’kidlagan.
Ikki davlat rahbarlari Suriya, Eron va butun Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qilgan.
Suhbat ochiq, konstruktiv va amaliy ruhda o‘tgani qayd etilgan. AQSH tomoni esa hozircha bu borada rasmiy izoh bermadi.





