add

Tramp yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlamoqchi: bu nima anglatadi va oqibati nima bo‘ladi?

Bugun 17:253067

Trampning bayonotlaridan aniq xulosa chiqarish qiyin — gap aniq nima haqida ketmoqda? Agar u chindan ham yadroviy portlashlar haqida gapirayotgan bo‘lsa, u holda insoniyat xavfli qarama-qarshilik bosqichiga yaqinlashmoqda.

Tramp yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlamoqchi: bu nima anglatadi va oqibati nima bo‘ladi?

AQSH prezidenti Donald Tramp AQSH yadroviy sinovlarni qayta boshlashini e’lon qildi. Bu haqda u Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuv arafasida Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. 

«AQSHda boshqa istalgan mamlakatga qaraganda ko‘proq yadroviy qurol bor. Biz bu natijaga prezidentlikdagi ilk muddatimda mavjud qurollarni to‘liq modernizatsiya qilish va yangilash orqali erishdik. Bu qurollarning ulkan vayronkorligi tufayli men BUNI QILISHNI JUDA XOXLAMAGAN EDIM, ammo menda boshqa iloj yo‘q» — deb yozdi Donald Tramp.

Yadroviy qurollar sinovini qayta boshlashga buyruq berganini esa u shunday tushuntirgan:

«Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa ancha orqada bo‘lsa-da, 5 yil ichida ular tenglasha oladi. Boshqa mamlakatlar o‘tkazayotgan sinov dasturlarini hisobga olgan holda, men harbiy vazirlikka biz ham teng asosda yadroviy qurollarimizni sinovdan o‘tkazishni boshlash buyrug‘ini berdim. Bu jarayon darhol boshlanadi. Bu masalaga e’tiboringiz uchun rahmat!» — deb yozdi u Truth Social ikrobloglar servisida.

Vashingtonga qaytib kelayotganida, prezidentlik samolyoti sahnida u niyatlarini yana bir bor ta’kidladi:

«Agar boshqalar sinov o‘tkazayotgan bo‘lsa, menimcha, biz ham xuddi shunday qilishimiz ma’qul».

Biroq Trampning ayrim bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. bugungi kunda dunyoda yadroviy sinov dasturiga ega yagona mamlakat — KXDR. U ham 2018 yilda portlashlarni to‘xtatgan. Boshqa hech bir davlat so‘nggi yillarda yadroviy portlashlar o‘tkazmagan.

Biroq gap yadroviy qurol, xususan, dunyodagi eng yirik arsenallardan biri haqida ketganda, har qanday noaniqlik va xatolar, odatda, eng yomon ssenariy foydasiga talqin qilinadi. Shuning uchun Trampning postini ko‘pchilik aynan yadroviy sinovlarga tayyorgarlik boshlangani haqidagi e’lon sifatida qabul qildi.

Biroq Oq uy rahbari Pentagonga yadroviy sinovlarni boshlashni shunchaki buyura olmaydi, chunki bu sohadagi vakolatlar AQSH Energetika vazirligiga tegishli.

Bundan tashqari, «darhol boshlash» ham amaliy jihatdan mumkin emas — yadroviy sinovlar uchun uzoq va puxta tayyorgarlik talab qilinadi.

Shu sababli ko‘plab tahlilchilar Tramp ehtimol, yadroviy qurol tashuvchi raketalarning sinovini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari surdi. Axir bunday sinovlarni aynan Pentagon amalga oshiradi.

Ammo AQSH ham, Rossiya ham bu kabi raketalarni muntazam ravishda sinovdan o‘tkazib turadi. Masalan, 2025 yilning 19 fevral va 21 mart kunlari Amerika qit’alararo ballistik raketalar uchirgan. Albatta, ular yadroviy kallaklarsiz bo‘lgan.

Ammo yadroviy portlashli sinovlar o‘tkazish uchun yanada jiddiy va asosli to‘siqlar mavjud, deyiladi BBC materialida.

 

Shartnoma

1996 yildan beri yadroviy sinovlarni umumqamrovli taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma — YASUTSH (Comprehensive Nuclear-Test-Ban Treaty — CTBT) mavjud.

Bu shartnomani 187 ta davlat imzolagan, shulardan 178 tasi uni ratifikatsiya qilgan. Ammo shartnomaning kuchga kirishi uchun unda belgilangan asosiy 44 ta davlat tomonidan ham imzolanishi, ham ratifikatsiya qilinishi shart. Hozircha ulardan to‘qqiztasining ratifikatsiyasi yetishmayapti.

Shartnomani umuman imzolamagan davlatlar qatorida KXDR, Hindiston va Pokiston bor. Imzolagan, lekin ratifikatsiya qilmaganlar orasida esa AQSH, Isroil va Rossiya bor — bularning barchasi yadroviy qurolga ega davlatlar hisoblanadi. Rossiya shartnomani imzolaganiga qaramasdan, 2023 yili uning ratifikatsiyasini bekor qilgan.

Bir qarashda, shartnoma rasman kuchga kirmagani uchun davlatlarni yadroviy sinovlardan tiyib turadigan hech qanday huquqiy to‘siq yo‘q.

Biroq boshqa tarafdan — 1990-yillar oxiridan buyon butun dunyoda jami o‘nta yadroviy portlash amalga oshirilgan, xolos. Hindiston va Pokiston 1998 yilda ikkitadan sinov o‘tkazgan, KXDR esa 2006 yildan 2017 yilgacha oltita portlash qilgan. Demak, bu shartnoma ma’lum ma’noda ish beryapti.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1945 yildan 1996 yilgacha dunyoda 2000 tadan ortiq yadroviy sinov amalga oshirilgan.

SSSR so‘nggi yadroviy sinovni 1990 yilda o‘tkazgan, Buyuk Britaniya — 1991 yilda, AQSH — undan bir yil keyin. Fransiya va Xitoy esa 1996 yilda yadroviy sinovlarga chek qo‘ygan.

Xalqaro siyosatda yadroviy sinovlarni o‘tkazmaslikka nisbatan sukutli «tabu» shakllangan va ushbu tamoyilni buzgan davlat jahon hamjamiyati oldida obro‘sini jiddiy yo‘qotadi.

 

Yadroviy sinovlar nega kerak?

Yadroviy sinovlar yangi yadroviy qurollar yaratish, mavjud arsenalni modernizatsiya qilish hamda uni doimiy jangovar shay holda ushlash uchun zarur. Harbiylar yadroviy urush yuz bergan taqdirda, bombalar ishlamay qolmasligiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lishadi.

Bu o‘rinda yadroviy zaryadlar texnik jihatdan juda murakkab qurilmalar hisoblanadi. Ular eng og‘ir va ekstremal sharoitlarda ishlashi uchun loyihalashtirilgan.

Ammo hozirgi kunda to‘liq miqyosdagi portlashlarni amalga oshirish mumkin bo‘lmagani bois muhandislar shunday atalgan «subkritik» sinovlarni o‘tkazishmoqda. Oxirgi shunday sinov 2024 yil may oyida amalga oshirilgan.

Bu turdagi tajribada yuqori harorat va bosimni yuzaga keltirish uchun portlovchi moddalardan foydalaniladi va bu ta’sir maxsus yadroviy materiallarga yo‘naltiriladi. Biroq to‘liq sinovlardan farqli o‘laroq, bunda materiallar tarkibi va konfiguratsiyasi o‘z-o‘zini qo‘llab-quvvatlovchi zanjirsimon yadroviy reaksiyani yuzaga keltirishga imkon bermaydi.

Boshqacha aytganda, olimlar tajriba davomida reaksiyani deyarli boshlash darajasiga yetkazishadi, lekin uni ishga tushirishmaydi.

Yana bir yo‘l — yadroviy portlashni kompyuter modellashtirishi orqali amalga oshirish, bu jarayonda barcha parametrlar hisobga olinadi.

Biroq na subkritik tajribalar, na kompyuter simulyatsiyalari to‘liq yadroviy portlashni to‘liq almashtira oladi.

«Texnik nuqtayi nazaridan olganda, yadroviy davlatlar real portlashlarsiz ham yadroviy qurollar yaratish va ishlab chiqarish qobiliyatiga ega. Lekin YASUTSH shartnomasi va yadroviy sinovlarni taqiqlashning asosiy maqsadlaridan biri ham aynan shundan iborat — yangi yadroviy qurollarni osonlikcha ishlab chiqarishning oldini olish. Sinovlarga taqiq qo‘yish aynan mana shu qiyinchilikni yuzaga keltirishi kerak edi. Ha, zamonaviy texnologiyalar sinovlar shart emas degandek ko‘rinadi, ammo sinovlarsiz yaratilayotgan zaryadlarning samaradorligi masalasi — bu hali noma’lum hudud», — dedi BBCʼga bergan intervyusida Kuins universiteti Xalqaro va mudofaa siyosati markazi vakili Maksim Starchak.

 

Nega Tramp yadroviy sinovlar haqida yozdi?

Donald Trampning Truth Social tarmog‘idagi postida Xitoy yadroviy arsenalidagi o‘sish to‘g‘risida so‘z boradi. Shuningdek, Tramp bu bayonotni Xitoy rahbari bilan uchrashuv oldidan yozgan.

Shu bois, mantiqan olib qaralsa, mazkur bayonotning asosiy manzili — Xitoy Xalq Respublikasi.

Xitoy yadroviy arsenali o‘sishi va uni modernizatsiya qilishi AQSHni jiddiy tashvishga solmoqda. Amerikaliklar bu masalani strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi SHQ-III shartnomasi muhokamalarida ko‘tarishgan.

«Amerikalik yadroviy qurollar ishlab chiqaruvchilari yadroviy portlashlarsiz ham yadroviy bombalarni qo‘llanishga tayyor holda ishlab chiqarish mumkinligini tasdiqlashmoqda. Ya’ni, bu holda yadroviy sinovlar masalasi siyosiy masalaga aylanadi. AQSHda shunday fikr borki, yadroviy sinovlar Xitoyni strategik qurollarni qisqartirishga doir kelishuvlarga qo‘shilishga undashi mumkin», — deydi Maksim Starchak.

Mazkur shartnoma 5 fevral kuni amal qilishdan to‘xtaydi, ammo Rossiya 2023 yilda undagi ishtirokini to‘xtatgan edi. Sentyabr oyida Vladimir Putin AQSHga murojaat qilib, shartnoma amal qilishi tugaganidan keyin yana bir yil davomida uning chegaralariga rioya etishni ixtiyoriy ravishda e’lon qilishni taklif etdi.

Biroq Londondagi Qirollik Umumiy Mudofaa Tadqiqotlari Instituti (RUSI) mutaxassislarining fikricha, Rossiya yadroviy arsenalni modernizatsiya qilishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lishi mumkin va shu orqali qurollanish poygasini cheklash maqsadida shartnomani uzaytirish tarafdori bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, Donald Tramp va Si Jinping uchrashuvidan ilgarigi so‘ngi kunlarda Vladimir Putin Rossiya tomonidan ikki strategik yadroviy qurol — qanotli raketa va ekipajsiz suvosti kemasi sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Har ikki qurol yadroviy energetik uskuna bilan jihozlangan va ularning harakat radiusi chegaralanmagan.

Ijtimoiy tarmoqda ko‘plab tahlilchilar ushbu ikki voqeani bog‘lab, Trampning bayonoti faqat Xitoyga emas, balki Putinga ham javob bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirdi.

 

Yadroviy sinovlar qayta boshlansa, nima bo‘ladi?

Maksim Starchakning aytishicha, «bunday hol yadroviy qurollanish poygasini tezlashtiradi, chunki tomonlar texnik ma’lumotlarni ko‘proq qo‘lga kiritadi va qurollarini takomillashtirishga harakat qiladi».

«Agar Rossiya rostdan ham yadroviy sinovlarga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, u holda AQSH o‘z sinovlarini yakunlashi bilanoq bunday harakatga darhol kirishishi mumkin. Lekin menimcha, bu Rossiya uchun manfaatli emas», — deya qo‘shimcha qilgan u.

«Tramp Nevadada kuchli jamoatchilik qarshiligiga duch keladi, AQSH ittifoqchilari ham bu qarorni qoralaydi. Bunday qaror AQSH dushmanlarining yadroviy sinovlarni boshlashiga turtki bo‘lib, Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani ham zaiflashtirishi mumkin», — deb yozgan «X» ijtimoiy tarmog‘ida Qurollarni nazorat qilish uyushmasi ijrochi direktori Daril J.Kimboll.

Bu jarayon faqat Rossiya, AQSH yoki Xitoy harbiy yadroviy mutaxassislarining ishini tezlashtirish emas, balki hali katta arsenaliga ega bo‘lmagan davlatlarga ham o‘z dasturlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish imkonini yaratib berishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlamoqchi: bu nima anglatadi va oqibati nima bo‘ladi? | Vaqt.uz