add

Turkiyada muxolifatga qarshi kurash: 3 shahar hokimi qamoqqa olindi

05.07.2025 | 20:00158711

Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) vakillari bu hibsga olishlarni hukumatning muxolifat partiyasini zaiflashtirishga qaratilgan harakatlari sifatida baholadi. Biroq hukumat sud va prokuratura organlari mustaqil ishlayotganini ta’kidlamoqa

Turkiyada muxolifatga qarshi kurash: 3 shahar hokimi qamoqqa olindi
5 iyul kuni Turkiyada o‘tkazilgan reydlar natijasida Adiyaman shahri hokimi Abdurahmon Tutdara va Adana shahri hokimi Zaydan Qoralar hibsga olindi. Ular har ikkalasi ham asosiy muxolifat partiyasi – Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) a’zolaridir. Bu haqda AP xabar berdi. Shuningdek, Antalya shahrida olib borilgan alohida tergov doirasida Antalya hokimi Muhiddin Bo‘chak ham qo‘lga olindi. U ham JXP a’zosi hisoblanadi. Prokuratura bu ish poraxo‘rlik bilan bog‘liq ekani, yana ikki shaxs ham ushlanganini bildirdi. CHP vakillari bu hibsga olishlarni hukumatning muxolifat partiyasini zaiflashtirishga qaratilgan harakatlari sifatida baholamoqda. Biroq hukumat sud va prokuratura organlari mustaqil ishlayotganini ta’kidlamoqda. Qoralar Istanbul yaqinida, Tutdara esa uyi joylashgan poytaxt Anqarada qamoqqa olingan. Tutdere o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘zini Istanbulga olib ketishayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, politsiya Adana va Adiyaman shaharlaridagi mahalliy boshqaruv idoralarida tintuv o‘tkazdi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, Adana hokimi Zaydan Qaralar va Adiyaman hokimi Abdurahmon Tutdaraga nisbatan dalillar bir tadbirkor tomonidan taqdim etilgan. U ilgari o‘zi ham hibsga olingan, keyinroq prokurorlar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. Prokurorlarning aytishicha, hokimlar shaharda ishlayotgan ba’zi kompaniya rahbarlaridan noqonuniy tarzda pul talab qilishgan. Bu hibslar, so‘nggi oylarda JXP (Jumhuriyat Xalq partiyasi) boshqaruvidagi shahar hokimliklarida ishlayotgan bir necha amaldorlarning qamoqqa olinishi ortidan sodir bo‘ldi. Hokimlarning hibsga olinishi ortidan, JXP yetakchisi O‘zgur O‘zal partiyaning yuqori rahbariyatini favqulodda yig‘ilishga chaqirdi. Shuningdek, Anqara shahri hokimi Mansur Yavash hukumatga murojaat qilib, nega prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an partiyasi boshqaruvidagi shahar hokimliklari xuddi muxolifatdagidek qat’iy tergov qilinmayapti, degan savolni o‘rtaga tashladi. U ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: «Agar qonun siyosatga qarab ishlasa, adolat faqat ayrimlarga qo‘llanilib, boshqalar e’tiborsiz qolsa, hech kim bizdan bunday tizimga ishonishimizni kutmasin». Avvalroq Istanbul hokimi Akram Imomo‘g‘luning hibsga olinishi Turkiyada katta noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Bu so‘nggi o‘n yil ichidagi eng yirik ko‘cha namoyishlariga olib kelgan.   Akram Imomo‘g‘lu voqealari Turkiya siyosatida so‘nggi yillarda eng e’tiborli shaxslaridan biri bo‘lgan Istanbul shahri hokimi Akram Imomo‘g‘lu atrofidagi voqealar mamlakatda siyosiy adolat, sud tizimi mustaqilligi va muxolifatga nisbatan bosim masalalarini keskin muhokamaga olib chiqdi. Imomo‘g‘lu 2019 yilda Istanbulda bo‘lib o‘tgan saylovlarda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning partiyasi – Adolat va Taraqqiyot partiyasi (ATP) nomzodiga qarshi chiqib, kutilmagan holda g‘alaba qozondi. Bu natijalar bekor qilinib, saylovlar qayta o‘tkazilgan bo‘lsa-da, u ikkinchi bor ham ancha katta farq bilan g‘alaba qozonib, Erdo‘g‘an hokimiyati uchun jiddiy siyosiy raqibga aylandi. Imomo‘g‘lu 2024 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda yana Istanbul hokimi etib saylandi. Saylovdagi bu muvaffaqiyat Imomo‘g‘luning siyosiy mavqeini yanada mustahkamladi. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, unga nisbatan korrupsiya va vakolatdan suiiste’mol qilish ayblovlari ilgari surildi. Prokuratura uni shahar byudjeti mablag‘larini noqonuniy maqsadlarda ishlatganlikda, ayrim davlat buyurtmalarini tanish-bilishlarga berganlikda aybladi. Natijada, 2025 yil mart oyida u hibsga olindi. Imomo‘g‘lu va uning advokatlari bu ishni mutlaqo siyosiy sabablarga tayanilgan qatag‘on deb hisoblamoqda. Uning hibsga olinishi butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa Istanbulda minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, hukumatni siyosiy raqiblarni qamal orqali chetlatishga urinishda aybladilar. Norozilik namoyishlari «Adolat talab qilamiz!», «Imomo‘g‘lu biz bilan!», «Demokratiyaga hujum – xalqka qarshi hujum!» kabi shiorlar ostida o‘tdi. Bu noroziliklar so‘nggi o‘n yil ichidagi eng keng ko‘lamli siyosiy ko‘cha harakatlariga aylandi. Turli xalqaro tashkilotlar, jumladan Yevropa Ittifoqi va inson huquqlari himoyachilari ham Turkiya hukumatini sud tizimining mustaqilligini saqlashga va siyosiy erkinliklarga hurmat bilan qarashga chaqirdilar.   Imomo‘g‘lu effekti Imomog‘lu ishi fonida boshqa shahar hokimlariga qarshi ham keskin chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Turkiyaning uchinchi yirik shahri bo‘lgan Izmirda JXPga mansub sobiq mer Tunch So‘yer va 137 nafar shahar amaldori tender firibgarligi va moliyaviy qalloblikda gumon qilinib, hafta boshida hibsga olingan. 4 iyul kuni esa Tunch So‘yer va yana 59 kishi sud qarori chiqqunga qadar qamoqda qoldirildi. So‘yerning advokati bu ishni «ochiqdan-ochiq adolatsiz, qonunga xilof va siyosiy sababli» deb baholadi. Shu kuni yana bir shov-shuvli hibs holati Antalya viloyatida yuz berdi. O‘rta yer dengizi bo‘yidagi mashhur sayyohlik shahri Manavgatning JXP vakili bo‘lgan meri Niyozi Nefi Qora va yana 34 nafar kishi korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar asosida hibsga olindi. Bu xabarni davlat ommaviy axborot vositalari e’lon qildi. Kuzatuvchilar fikricha, bu hibslar Turkiyada muxolifatga nisbatan kuchayib borayotgan siyosiy bosimning bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkin. Hukumat esa barcha ishlar qonuniy asosda olib borilayotganini va sud-huquq organlari mustaqil harakat qilayotganini ta’kidlamoqda. Biroq muxolifat bu harakatlarni adolatsiz va siyosiy manfaatlar bilan bog‘lamoqda. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Turkiyada muxolifatga qarshi kurash: 3 shahar hokimi qamoqqa olindi | Vaqt.uz