«Ular bir-birini xushlamaydi»: Rossiya va Eron ittifoqi parchalanyaptimi?

Bugun 21:0013 daqiqa

Rossiya va Eron aloqalari qonli tarixga ega. Bundan 197 yil avval elchi Griboyedov Tehronda vahshiylarcha o‘ldirilgan edi. Eron shohi qasosdan qo‘rqib, rus imperatoriga Buyuk Boburiylarning noyob olmosini sovg‘a qilgan. Bugungi kunda Kreml va Tehron AQSHga qarshi birlashgan bo‘lsa-da, eronliklarning Rossiya bilan bog‘liq salbiy xotiralari hamon saqlanib qolmoqda.

«Ular bir-birini xushlamaydi»: Rossiya va Eron ittifoqi parchalanyaptimi?

Chor Rossiyasining Forsdagi elchisi, bugungi kunga qadar rus diplomatlari uchun haqiqiy namuna hisoblanib keladigan Aleksandr Griboyedov bundan 197 yil muqaddam Tehronda o‘ldirilgan, uning jasadi nimtalanib, axlatxonaga tashlab yuborilgan edi.

Doim ko‘zoynak taqib yuruvchi 34 yoshli bu elchi rus aristokratiyasi orasida tom ma’noda ko‘p qirrali iste’dod egasi (Uyg‘onish davri namoyandasi) sifatida tanilgan edi. U hanuzgacha mashhur bo‘lgan vals va she’rlar, shuningdek, bugungi kunda ham Rossiya maktab dasturidan o‘rin olgan «Gore ot uma» nomli mashhur pesaning muallifi hisoblanadi.

Bir nechta tillarni mukammal bilgan poliglot, qo‘rqmas askar va zukko diplomat bo‘lgan Griboyedov Eron shohi Fath Alining qat’iy talabini rad etishga jur’at topa oladi. O‘shanda shoh Rossiya elchixonasidan boshpana topgan qochoq armanlarni — saroy xazinachisi bo‘lgan mulozim va haramdagi ikki ayolni qaytarib berishni talab qilgan edi.

Bu qochoqlar bugungi Armanistonning Rossiya tomonidan egallangan hududlariga ko‘chib o‘tmoqchi edi. Chunki yangi imzolangan «Turkmanchoy» shartnomasiga ko‘ra, Rossiya fuqarolari va nasroniy ozchilik vakillariga Rossiya nazoratidagi hududlarga erkin o‘tish ruxsati berilgandi. Diplomatning qochoqlarni o‘z himoyasiga olishi o‘ta nozik siyosiy va diniy masalalarga bevosita daxldor edi.

Griboyedovning rad javobidan darg‘azab bo‘lgan o‘n minglab olomon 1829 yilning 11-fevralida elchixonaga bostirib kirib, elchini, o‘nlab diplomatlarni va kazak otliq askarlarini vahshiylarcha o‘ldiradi.

Biroq, Rossiyaga qarshi ko‘tarilgan bu qonli g‘alayonning ildizlari ancha chuqurroq edi.

Qonli olmos

Eron 1826–1828 yillardagi Rossiya–Fors urushida mag‘lubiyatga uchragach, 1829 yilning yanvarida Griboyedovga Tehrondan 20 million kumush rubl (bugungi qiymati taxminan 20 milliard dollardan ortiq) miqdoridagi ulkan tovon pulini undirish vazifasi yuklatilgan edi. Bu Rossiyaning mintaqada o‘rnatgan yangi ta’sir kuchining Eron uchun o‘ta qimmatga tushgan isboti edi.

Griboyedov bu ulkan moliyaviy yukning Fors iqtisodiyotiga qanchalik og‘ir zarba bo‘lishini juda yaxshi tushunardi.

Tovon puli Forsni qanchalik qon-qaqshatganini tasvirlar ekan, u: «Buni ta’riflashga so‘z ojiz, ahvol o‘ta og‘ir», — degan edi. Tovon pulini to‘lash uchun hatto shoh oilasi ham oltin qandillarni eritishga, kiyimlaridagi qimmatbaho toshlardan yasalgan tugmalarni yulib olib berishga majbur bo‘lgan.

Shuningdek, Chor Rossiyasi bu urush ortidan hozirgi Ozarboyjon, Armaniston, Gruziyaning katta qismini, qolaversa, hanuzgacha Rossiyaning eng ko‘p millatli respublikasi bo‘lib qolayotgan Dog‘istonni ham o‘z tarkibiga qo‘shib olgan edi.

Elchixonadagi xunrezliklar va Griboyedovning o‘limidan so‘ng, Fors saroyi Rossiyaning qasos olishidan qattiq vahimaga tushib qoladi. Shu bois, 1829 yilning avgustida Eron shohining nevarasi Rossiya imperiyasi poytaxti Sankt-Peterburgga — imperator Nikolay I ga mashhur «Fors olmosi»ni sovg‘a qilish uchun yuborildi.

Imperator bu tortiqni Qishki saroydagi qabul marosimi paytida qabul qiladi. Bir vaqtlar Hindistonning Buyuk Boburiylariga tegishli bo‘lgan, og‘irligi qariyb 89 karatga teng bu sarg‘ish, sakkiz qirrali noyob javohir bugungi kunda ham Moskvada saqlanmoqda.

Bugungi kunda Moskva markazida bronza haykali o‘rnatilgan Griboyedov hanuzgacha rus diplomatlari tomonidan yuksak e’zozlanadi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2020 yildagi nutqida uni alohida tilga olib, Griboyedov «Vatan uchun o‘z jonini fido qilgan buyuk ajdodlar» qatorida ekanini ta’kidlagan edi.

Kiyevdagi «Penta» siyosiy tahlil markazi rahbari Vladimir Fesenko bu voqeani shunday baholaydi: «Griboyedovning o‘limi Rossiya va Eron o‘rtasidagi tarixiy qarama-qarshilikning eng mashhur madaniy epizodidir».

Kazak brigadasi

XIX asrning keyingi o‘n yilliklari davomida Rossiya Forsning Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyodagi shimoliy hamda sharqiy viloyatlarini birin-ketin bosib olishda davom etdi. Chor hukumati Forsga o‘zidan quyiroq turuvchi «osiyolik» tobe davlat sifatida qarar, uni Britaniya imperiyasi bilan Markaziy Osiyo nazorati uchun olib borilgan mashhur «Katta o‘yin»da shunchaki ojiz piyodaga aylantirib qo‘ygan edi.

Biroq Londonning Forsdagi ta’siri tobora ortib borayotganiga qarshi turish maqsadida, Aleksandr II 1879 yilda Tehronga Rus–Fors kazak brigadasini shakllantirishga yordam berdi.

Mazkur harbiy bo‘linma Rossiyaning imperiyaviy bosqinchilik yurishlariga boshchilik qilgan sara qo‘shinlar — kazaklardan andoza olingan holda tuzilgan edi. Kelib chiqishi hozirgi markaziy Ukraina hududlariga borib taqaluvchi kazaklar ko‘chmanchi otliq qo‘shin taktikasi va o‘qotar qurollar kuchini o‘zida mujassam etgan o‘ta xavfli harbiy kuchga aylangandi. Bunday qo‘shinga faqatgina Birinchi jahon urushi davriga kelib, pulemyotlar yordamidagina qarshilik ko‘rsatish mumkin bo‘lgan.

Sanoqli yillar ichida mazkur brigada Forsning eng qudratli va dahshatli harbiy qismiga aylandi. U qandaydir ma’noda imperatorlar va sultonlarni taxtdan ag‘dargan yoki taxtga o‘tqazgan Qadimgi Rimning pretorian gvardiyasi yoxud Usmonlilarning yanicharlarini eslatardi. Keyinchalik aynan shu brigada bo‘lajak shoh Rizo Pahlaviyning hokimiyat tepasiga kelishida hal qiluvchi rol o‘ynadi.

1920 yilda endigina tarkib topgan Sovet hukumati shimoliy Forsni kommunistik respublikaga aylantirishga urinib ko‘rdi. Biroq «Gilon Sovet Respublikasi» loyihasi 1921 yilning oxiriga kelib quladi. Bunga Rizo Xon qo‘shinlarining uni tor-mor qilgani va Sovetlarning mahalliy kommunistlarga ko‘rsatayotgan yordami yo‘qqa chiqqani sabab bo‘ldi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Sovet diktatori Iosif Stalin Erondan (1935 yilda Fors xalqaro miqyosda o‘z nomini rasman Eron deb o‘zgartirgan edi) neft qazib olish bo‘yicha mutlaq konsessiyalarni (imtiyozli huquqlarni) talab qildi va bunga erishmasa, Eron Kurdistonini mustaqil davlatga aylantirib yuborish bilan tahdid qildi.

Shuning uchun ham, shoh Muhammad Rizo Pahlaviy mazkur neft konsessiyasidan qutulib, Kurdiston ustidan nazoratni qaytarib olgach, Moskvadan uzoqlashishni va G‘arb bilan ittifoq tuzishni afzal ko‘rgani ajablanarli emasdi.

Hatto 1979 yilda Pahlaviylar sulolasini ag‘darib tashlagan Islom inqilobidan keyin ham, Eronning yangi hukumati rasman ateistik sanalgan Sovet Ittifoqini tez-tez «kichik shayton» deb atar edi (garchi bu atama odatda Isroilga nisbatan ishlatilsa-da).

Biroq 1991 yilda Sovet Ittifoqining parchalanishi bu ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarda keskin burilish yasab, butunlay yangi sahifa ochdi.

1

Strategik ittifoqchilar

1990-yillarga kelib Eron uchun Rossiya bosqinchiligidan xavfsirashga hojat qolmadi. O‘z navbatida, Rossiya ham Yaqin Sharqdagi ta’sirini saqlab qolishda Eronni o‘ta muhim ittifoqchi sifatida ko‘ra boshladi.

Shu bois, Moskva BMT Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqidan foydalangan holda, Eronga qarshi xalqaro sanksiyalarni kechiktirish yoki umuman bloklashga o‘tdi. Bunga javoban Tehron Rossiya qurol-yarog‘lari — qiruvchi samolyotlar, vertolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va o‘qotar qurollarni sotib olishga milliardlab dollar sarfladi.

1997 yilda Moskva va Tehron Eron bilan chambarchas madaniy rishtalarga ega bo‘lgan sobiq sovet respublikasi — Tojikistondagi qonli fuqarolar urushini (1991–1994 yillar) yakunlashga qaratilgan tinchlik muzokaralarida faol vositachilik qildi.

Yaqin o‘tmishda Kreml nazoratidagi «Rosatom» yadroviy monopoliyasi Germaniya loyihasi asosidagi Bushehr atom elektr stansiyasi qurilishini yakunladi. 2025 yilda esa Eron janubida yana to‘rtta atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha 25 milliard dollarlik yirik shartnomaga imzo chekdi.

Bugungi kunda Rossiyaning energetika kompaniyalari Eronda ishlab chiqariladigan neft va tabiiy gazning qariyb 6 foizini qazib olmoqda. Bundan tashqari, Moskva rus neftini Hind okeaniga olib chiqish maqsadida «Shimol–Janub» transport yo‘lagini barpo etmoqda.

Shuningdek, 2022 yilda Moskva Tehronga Eronning asosiy optik kuzatuv sun’iy yo‘ldoshi — «Xayyom»ni koinotga uchirish uchun o‘zining Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan foydalanishga ruxsat berdi. Ushbu yo‘ldosh linzalarining piksellar o‘lchami bir metrni tashkil etadi — bu esa Yaqin Sharq va Hind okeanidagi harbiy kemalar harakatini bemalol kuzatish imkonini beradi.

Ammo shunga qaramay, Rossiya va Eron aloqalari go‘yoki shunchaki «manfaatlar ustiga qurilgan nikoh»ni eslatadi.

Rossiya–Eron munosabatlari bo‘yicha ekspert va bestseller kitoblar muallifi Nikita Smagin «Al-Jazira» bilan suhbatda bu holatni shunday izohlaydi: «Ularning yaqinlashuviga asosiy sabab — har ikki davlatning xalqaro maydonda yakkalanib qolgani va bundan kelib chiqadigan sof pragmatizmdir».

«Aslida ular bir-birini xushlamaydi», — deydi u.

«Tarixan olib qaraganda, eronliklarning Rossiya bilan bog‘liq faqat salbiy xotiralari bor. Eronda hatto eng konservativ ommaviy axborot vositalari ham Rossiyaga ishonib bo‘lmaydi, deb yozishadi», — deya qo‘shimcha qiladi Smagin.

Ammo bu mamlakatlarni o‘zlarining sobiq ta’sir doiralari bo‘lmish Ukraina, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Iroqdagi AQSH siyosatiga nisbatan o‘nlab yillardan beri davom etib kelayotgan ishonchsizlik birlashtirib turadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu munosabatlarni doimo strategik ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etib keladi. Jumladan, 2024 yilda Rossiya, Hindiston, Xitoy va boshqa rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni o‘z ichiga olgan BRIKS sammitida Putin: «Bizning aloqalarimiz tom ma’noda ittifoqchilik munosabatlaridir», — deya bayonot bergan edi.

G‘arb institutlarining gegemonligiga qarshi kurashish maqsadida, Putin 2023 yilda Eronning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatladi. Tehron 2024 yilning boshida guruhga rasman qo‘shildi va shundan buyon blok «BRIKS+» nomi bilan atalmoqda.

Rossiya yetakchisi Tehronga Moskvaning Turkiya tomonidan ortib borayotgan ta’siriga qarshi kurashishda yordam bera oladigan asosiy Yaqin Sharq ittifoqchisi sifatida qaraydi. Qolaversa, Kreml o‘zining ichki musulmon aholisi bilan bog‘liq murakkab munosabatlariga qaramay, Eron orqali jahonga «musulmonlarga do‘st» davlat imijini namoyish qilmoqchi.

Mazkur ittifoq 2015 yilda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqandek ko‘rindi — o‘shanda Moskva va Tehron Suriya prezidenti Bashar Asadning qulayotgan rejimini saqlab qolish uchun birlashib harakat qildi. Bu jarayonda rossiyalik harbiylar Ikkinchi jahon urushidan beri Eron hududida harakatlangan ilk xorijiy askarlarga aylandi.

So‘nggi o‘n yillikda esa Xitoy ham ushbu tandemga qo‘shilib, Amerikaga qarshi o‘zaro manfaatlar yo‘lida ular bilan birlashdi.

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida joylashgan «Minval Politika» jurnalining bosh muharriri Emil Mustafayevning ta’kidlashicha: «So‘nggi yillarda Rossiya, Eron va Xitoy o‘rtasida o‘zaro manfaatlarning barqaror konfiguratsiyasi shakllandi».

«Bu klassik ma’nodagi rasmiy ittifoq emas. Aksincha, G‘arb bosimiga nisbatan umumiy murosasizlik va mavjud dunyo tartibini qayta ko‘rib chiqish istagiga asoslangan strategik yaqinlashuvdir», — deya tushuntiradi u.

Ammo, Smaginning qayd etishicha, Xitoy ushbu uchburchakning eng qudratli, lekin ayni paytda eng kam faollik ko‘rsatayotgan tomonidir.

«Mazkur uchburchakda Xitoy eng kuchli va hozircha eng ehtiyotkor o‘yinchi bo‘lib qolmoqda. Xitoy Eronni qutqarishga umuman shoshilgani yo‘q. To‘g‘ri, Rossiya ancha faol, biroq unda Xitoy kabi cheksiz resurslar va imkoniyatlar mavjud emas», — deydi u.

O‘tgan yilning boshida Moskva va Tehron «Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risida»gi shartnomani imzoladi, biroq ular o‘rtasida o‘zaro mudofaa borasida hanuzgacha aniq kelishuv mavjud emas. Buning sababi ham aynan Rossiyaning mintaqadagi boshqa nozik aloqalariga borib taqaladi.

2

Manfaatlar ustiga qurilgan «nikoh»

Moskva arab dunyosida Eronning asosiy raqiblari sanalmish Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan aloqalarini hech qachon uzmagan.

«Rossiya, tabiiyki, mintaqadagi ta’sirini saqlab qolishga va barcha tomonlar bilan iliq munosabat o‘rnatishga harakat qilib kelgan», — deydi 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik bildirib, Tashqi ishlar vazirligidagi lavozimidan iste’foga chiqqan sobiq rus diplomati Boris Bondarev «Al-Jazira» bilan suhbatda.

Shuningdek, Rossiya Isroil bilan ham yaxshi munosabatlarni saqlab kelmoqda. Buning muhim sabablaridan biri shundaki, Isroil siyosatchilari saylovlarda sobiq Ittifoq davrida tug‘ilgan ko‘p sonli rusийзабон yahudiylar jamoasining qo‘llab-quvvatlashiga doimiy ravishda ehtiyoj sezadi.

2009 yilda Isroil prezidenti Shimon Peres Moskvada uning tashrifidan asosiy maqsad — Kremlni Tehronga zamonaviy S-300 havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotish qarorini «qayta ko‘rib chiqishga» ko‘ndirish ekanini aytgan edi.

Moskva mazkur savdo битимиni 2016 yilga qadar kechiktirib keldi. Oxir-oqibat Eronga yetkazib berilgan bu tizimlar AQSHda ishlab chiqarilgan Isroilning F-16 qiruvchi samolyotlari oldida ojiz bo‘lib chiqdi: 2024 yilda Isroil aviatsiyasi S-300 radarlarini ishdan chiqarib, ularning aksariyatini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi.

2012 yilda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Putinni Quddusda qabul qildi. Keyinroq har ikki yetakchi ham «Eron qo‘liga yadro qurolining tushishi birinchi navbatda Isroil uchun, qolaversa, butun mintaqa va dunyo uchun jiddiy xavf tug‘dirishi» borasida hamfikr ekanliklarini e’lon qildi.

O‘shanda Putin Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar olib borish yagona to‘g‘ri yechim ekanini ta’kidlab, Isroildagi tinchlik va barqarorlik Rossiyaning «milliy manfaatlariga» to‘liq mos kelishini qo‘shimcha qilgan edi.

Bundan tashqari, Moskva va Tehron Xitoyga eksport qilinadigan eng muhim va serdaromad mahsulot — xom neft borasida ham o‘zaro raqobatchi bo‘lib qolmoqda.

«Rossiya va Eron munosabatlarini rasmiy ittifoqdan ko‘ra, manfaatlar ustiga qurilgan «nikoh»ga, mafkuraviy koalitsiyadan ko‘ra, pragmatik hamkorlikka qiyoslash o‘rinliroqdir», — deb yozgan edi 2023 yilda London universitetining Yaqin Sharq va Eron tadqiqotlari bo‘yicha mutaxassisi, doktor Sayyid Ali Alaviy.

Bugungi kundagi asosiy savol esa ochiq qolmoqda: mazkur pragmatik hamkorlik AQSH va Isroilning Eronga qarshi kuchayib borayotgan ziddiyati hamda Ukrainada davom etayotgan qonli urush fonida o‘zining eng murakkab sinovidan muvaffaqiyatli o‘ta oladimi?

3

Ukraina osmonidagi dronlar

2022 yilning fevralida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganida, Eron urushni qoralovchi BMT rezolyutsiyalarida betaraf qolib yoki qarshi ovoz berib, o‘zining «neytrallik» pozitsiyasida ekanini bot-bot takrorladi.

Ammo Eron Oliy rahnamosining bayonotlari betaraflikdan ancha yiroq edi.

Oyatulloh Ali Xomanaiy Vashingtonning «mafiya rejimi»ga «butun dunyo bo‘ylab inqiroz o‘choqlari» kerakligini va Ukrainani aynan AQSH o‘z «qurboniga» aylantirganini ta’kidladi.

«G‘arb hukumatlarining o‘zlari tomonidan o‘rnatilgan ma’muriyatlar va siyosatchilarni qo‘llab-quvvatlashi sarobdir», — degan edi u 2022 yil 1-mart kungi bir soatlik nutqida Ukrainaning g‘arbparast hukumatiga shama qilib.

Oradan to‘rt oy o‘tib, Putin Tehronga tashrif buyurganda ham Xomanaiydan G‘arbga qarshi xuddi shunday keskin fikrlarni eshitdi.

«Ukraina masalasida, agar siz tashabbus ko‘rsatmaganingizda, boshqa tomon urush boshlagan bo‘lardi», — dedi Xomanaiy Putinga, urushni «NATO va jamoaviy G‘arb qo‘zg‘atgani» haqidagi Moskvaning qarashlarini takrorlab.

«Agar NATO Ukrainada to‘xtatilmaganida, ular [Rossiyaga qo‘shib olingan] Qrimni bahona qilib urush boshlagan bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Putin bu so‘zlardan mamnun ko‘rindi va bunga javoban «G‘arbning o‘zini tutishi Rossiyaga boshqa chora qoldirmaganini» qayd etdi.

Biroq Rossiya yetakchisini Eronning shunchaki quruq gaplardan va betaraflikdan voz kechib, «Shahid» kamikadze dronlarini yetkazib berish orqali Moskvaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatishga o‘tgani yanada ko‘proq quvontirdi.

«Geran-2» nomi ostida tanilgan Rossiyaning «Shahid»lari jiddiy modernizatsiya qilingan bo‘lib, Ukraina harbiy razvedkasining ma’lumotlariga ko‘ra, ularning eng so‘nggi modellari reaktiv dvigatellarga yoki qiruvchi samolyotlarga kichik raketalar uchirish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, Eron Rossiyaga o‘q-dorilar, kaskalar va o‘q o‘tkazmaydigan nimchalar ham yetkazib bergan.

Fevral oyida AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlari boshlangandan so‘ng, Moskva bu yaxshilikka javob qaytardi. Rossiya radarlarni chalg‘itish xususiyatiga ega bo‘lgan «Kometa-B» sun’iy yo‘ldosh navigatsiya moduli o‘rnatilgan «Shahid»larni Eronga jo‘natdi. Buyuk Britaniyaning «The Times» gazetasi xabariga ko‘ra, 1-mart kuni Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Hizbulloh Livan janubidan uchirgan shunday modernizatsiya qilingan dronlardan biri Kiprdagi Britaniya aviabazasiga kelib urilgan.

Harbiy ekspert Pavel Luzinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Tehronga Rossiyaning yagona to‘liq ishlaydigan josuslik sun’iy yo‘ldoshlari tizimi bo‘lmish «Liana» orqali Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy infratuzilmalarining joylashuvi haqidagi maxfiy ma’lumotlarni ham taqdim etib kelgan.

Rossiya 28-fevral kuni Xomanaiyniнг o‘limiga sabab bo‘lgan Isroil va AQSH hujumlarini keskin qoraladi. Biroq Putin Eronga yordam berish uchun qo‘shin yuborishni xayoliga ham keltirmadi.

«Bu vaziyat Putinning imijiga jiddiy zarba bo‘lib, uning o‘z sheriklariga va ittifoqchilariga haqiqatan ham yordam berishga qodir emasligini yana bir bor ko‘rsatmoqda», — dedi AQSH va Britaniyaning «Yangi Yevroosiyo Strategiyalari Markazi» ilmiy xodimi Ruslan Suleymanov «Al-Jazira» bilan suhbatda.

Ayrim tahlilchilar hatto Moskva va Tehron ittifoqi bu mojarodan omon chiqmasligini, chunki Kreml Eron bilan aloqalarni Vashingtonning Ukraina bo‘yicha yon berishlariga almashtirishga doim tayyor ekanini ta’kidlashgan edi.

Sobiq rus diplomati Bondarevning fikricha, Moskva Eronni Ukrainaga almashtirishni taklif qilishi mumkin.

«Ammo ular [Eron bo‘yicha] taklif qila oladigan narsa, Ukrainada erishmoqchi bo‘lgan narsalaridan ko‘ra ancha kamroq», — dedi u Rossiyaning tinchlik muzokaralari uchun dastlabki shart sifatida Donbas mintaqasining qolgan qismini berishni talab qilayotganiga ishora qilib.  

«Moskva Ukraina bo‘yicha jiddiy yon bosishlar evaziga Erondan mamnuniyat bilan voz kechgan bo‘lardi. Eronni Ukrainaga almashtirish shubhasiz Kremlning manfaatlariga to‘liq mos kelardi va u buni ikkilanmay qilgan bo‘lardi», — deydi Smagin.

Biroq bu uchun vaqt o‘tib ketdi, deya qo‘shimcha qiladi Smagin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarida tutgan roli sababli, endi bunday «oldi-berdi» kelishuvi amalga oshishi dargumon. Rossiyaning Ukrainadagi urushini Yevropa uchun «ekzistensial xavf» sifatida ko‘rgan Brussel Vashingtonning «har qanday narx evaziga tinchlik» takliflariga ham, Moskvaning Ukraina Qurolli Kuchlarini cheklash haqidagi talablariga ham keskin qarshi chiqmoqda.

Smaginning taxminiga ko‘ra, agar Vashington Ukraina armiyasiga sun’iy yo‘ldosh va razvedka ma’lumotlarini berishni to‘xtatsa, bunga javoban Rossiya ham Vashington va Tel-Avivga Eronga shunday ma’lumotlarni berishni to‘xtatish borasida va’da berishi mumkin.

Aslida, Rossiya turli tomonlardan xabarlarni yetkazishda ma’lum darajada yordam bergan bo‘lsa-da, AQSH–Isroil–Eron muzokaralarida asosiy vositachilik qilish uchun Pokiston tanlandi. Bu tanlov esa Moskvaning va uning Eron bilan bo‘lgan ittifoqining global maydondagi ahamiyatsizligini yaqqol ta’kidlaydi, deydi Mustafayev.

Moskvaning vositachi sifatida tanlanmaganining yana bir jiddiy sababi bor: Rossiyaning ishonchni suiiste’mol qilganini dunyo hamjamiyati unutgani yo‘q.

1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, Kiyev dunyodagi uchinchi yirik yadroviy qurol arsenaliga ega bo‘ldi. 1994 yilgi Budapesht memorandumida esa Moskva va Vashington Ukrainaning yadroviy quroldan ixtiyoriy voz kechishi evaziga Kiyevning hududiy yaxlitligi va xavfsizligini kafolatlagan edi.

Oradan o‘ttiz yil o‘tib, Moskva Qrimni anneksiya qildi va Ukraina janubi-sharqidagi ayirmachilarni ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatladi.

«Vositachilik barcha ishtirokchilarning o‘zaro ishonchini talab qiladi. Bu esa bugungi kundagi Rossiyada mutlaqo mavjud bo‘lmagan resursdir», — deya xulosa qiladi Mustafayev.

Teglar

Mavzuga oid