add

«Yeyayotgan taomimizgacha chang tushayapti» — Yashnoboddagi mahallalar tosh maydalash zavodlaridan aziyat chekmoqda

Bugun 12:006364 Daqiqa

Yashnobod tumanidagi bir necha mahalla aholisi faoliyati davomida havoga katta miqdorda chang va boshqa zararli zarralar tarqatayotgan hamda shu orqali minglab insonlar sog‘lig‘iga katta zarar keltirayotgan tosh maydalash zavodlari ishidan norozi.

«Yeyayotgan taomimizgacha chang tushayapti» — Yashnoboddagi mahallalar tosh maydalash zavodlaridan aziyat chekmoqda

Vaqt.uz tahririyatiga Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Bog‘zor va Olmos mahallalari aholisidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda mahalla aholisi yillar davomida turli idoralarga murojaat qilingan bo‘lsa-da, hal etilmay kelayotgan, hududdagi ko‘plab insonlar sog‘lig‘i va yashash sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan og‘ir ekologik muammo haqida so‘z boradi.

Ziyonli faoliyat davomida Chirchiq daryosi o‘zanidan tinimsiz qum-shag‘al qazib olinmoqda. Bu orqali esa daryoga ham tiklab bo‘lmas zarar yetkazilmoqda, deydi murojaatchilar.

 

«Odamlar ezilyapti, kasalliklar ko‘paygandan ko‘paymoqda»

Bog‘zor mahallasida yashovchi va murojaat egalaridan biri bo‘lgan Dilfuza Qambarovaning ta’kidlashicha, Chirchiq daryosidan tosh qazib olib, uni maydalash orqali qum-shag‘al ishlab chiqaruvchi zavodlar faoliyatidan hududga yaqin joyda joylashgan mahallalardagi minglab insonlar aziyat chekib kelmodqa. Lekin bugunga qadar turli idoralarga qilingan ko‘plab murojaatlar besamar ketgan.

chang 01

chang 02

chang 03

«O‘nlab tosh maydalash zavodlarining kecha-yu kunduz tinmaydigan, shovqinli ish jarayoni oqibatida havoga nihoyatda katta miqdorda chang, tosh kukuni va mayda zarrachalar tarqaladi. Zavodning bevosita aholi yashash hududulari yaqinida (200-300 metr atrofida) joylashgani sababli ushbu zarrachalar har kuni nafas olayotgan havomizga aralashib, uylarimiz ichigacha kirib keladi. Uylar, yotoqxonalar, maishiy buyumlar doimiy ravishda chang bo‘lib turadi. Bu holat yillar davomida odamlar uchun chidab bo‘lmas darajada kundalik muammoga aylangan. Odamlar ezilyapti, kasalliklar esa ko‘paygandan ko‘paymoqda», — deydi Qambarova.

 

«Bolalarimizni tashqariga chiqarishga qo‘rqamiz»

Muammodan aziyat chekayotgan va murojaatda o‘z fikrlarini bildirganlardan yana biri Rahmonberdi Abdusattorovga ko‘ra,  uning uyiga yaqin masofada joylashgan tosh maydalash zavodlari faoliyati yillar davomida uning o‘zi va oila a’zolari sog‘lig‘i, rivojlanishi hamda umumiy hayot sifatiga og‘ir zarar yetkazmoqda.

«Zavodlarda toshlarni maydalash jarayonida havoga chiqayotgan zich chang, mayda zarrachalar, tosh kukuni shamol bilan butun mahalla bo‘ylab tarqalib, kundalik hayotimizda nafas olishni ham qiyinlashtirib qo‘ygan. Eng og‘iri bu – chang uylarimiz ichigacha kirib kelishi», — deydi murojaatchi.

chang 04

chang 05

chang 06

Afsuski, bolalarimiz orasida yo‘tal, allergiya, astma juda ko‘p kuzatilmoqda. Keksalar esa yurak-qon tomir, nafas yo‘llari kasalligidan va nafas olishdagi qiyinchiilkdan tez-tez shikoyat qiladi.

«Bilasiz, shifokorlar homilador ayollar va yosh bolalarga ko‘proq toza havoda sayr qilishni tavsiya qiladi, lekin bizda shu imkoniyat yo‘q. Chunki bilamiz, tashqariga chiqilsa, chang yutiladi. Chang oqibatida bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchalari usti ham doim kulrang chang bilan qoplangan bo‘ladi. Biz og‘ir tanlov qarshisida qolgan insonlarmiz: bolalarni tashqariga chiqarsak, changdan zaharlanishadi, chiqarmasak, ruhiy rivojlanishiga zarar», — deydi u.

Tahririyatga yuborilgan murojaatda shuningdek, yana o‘nlab insonlar ism-familiyasi zikr etilgan va ular tomonidan zavod faoliyati ekologik me’yorlarga mos emasligi, changni ushlab qoladigan zamonaviy filtrlash yoki suv sepish tizimlari bilan jihozlanmagani, shuning oqibatida odamlardagi turli muammolar yildan yilga kuchayib, ko‘payib borayotgani ta’kidlanadi.

«To‘rt beshta tadbirkor minglab insonni zaharlashdan tashqari, tosh qazib olish davomida Chirchiq daryosi o‘zaniga ham jiddiy zarar yetmoqda. Mas’ullar qanday qilib ularning faoliyatiga ruxsat bergan, tushunmayman», – deb yozadi boshqa bir murojaatchi Iroda Bakirova.

«Ekologik me’yorlarga ko‘ra bunday ishlab chiqarish obektlari aholi zich joylashgan hududlardan yetarlicha masofada bo‘lishi kerak va changni ushlab qoluvchi filtrlash texnologiyalari majburiy hisoblanadi. Ammo amalda hududimizdagi korxona faoliyatida bu talablar umuman bajarilmaydi.

Shulardan kelib chiqqan holda, mas’ullardan, quyidagilarni qat’iy tartibda ko‘rib chiqishini so‘raymiz:

  • mazkur tosh maydalash zavodlarining ekologik normativlarga muvofiqligi bo‘yicha shoshilinch tekshiruv o‘tkazish;

  • me’yorlarga zid holatlar tasdiqlansa, zavodlar faoliyatini to‘xtatish yoki aholi yashash hududidan xavfsiz masofaga ko‘chirish;

  • zavod faoliyati davom ettiriladigan bo‘lsa, unda changni to‘liq ushlab qoluvchi, zamonaviy filtrlash va suv bilan changsizlantirish tizimlarini joriy etishni majburiy qilish;

  • hududda havoning tarkibini muntazam o‘lchab boruvchi monitorlar o‘rnatish va natijalarni aholi uchun ochiq qilish;

  • mahallamiz aholisi, ayniqsa bolalar uchun profilaktik tibbiy ko‘riklarni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish lozim, deyiladi murojaatda.

chang 07

chang 08

chang 09

chang 10

chang 11

Daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al qazib olish o‘zi nafaqat ekologik, geologik muammolar ham keltirib chiqaradi. Tinimsiz qazib olish natijasida daryoning sathi pasayadi, yer osti suvlari sathi tushib ketadi. Daryo uzra o‘tgan ko‘priklar cho‘kadi. Bu birgina Chirchiq daryosi uchun xos emas. Respublikamizning ko‘plab daryolarida kuzatilayotgan holat.

O‘ylaymizki, yangidan tuzilgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ushbu muammoga ham e’tibor qaratadi, tegishli choralarni ko‘rib, odamlarni changli havodan qutqaradi.

 

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 13

Barchasi

Mavzuga oid