«Yirtqich hayvonga aylanayotgan kuchukcha»: Nega ekspertlar sun’iy intellekt xavfidan bong urmoqda?

16.02.2026 | 21:3510 daqiqa

«Google», «OpenAI» va Ilon Maskning «xAI» kompaniyasidan yetakchi mutaxassislar ketma-ket ishdan bo‘shayapti. Ularning xavotiri yagona: sun’iy intellekt biz o‘ylagandan ko‘ra tezroq rivojlanmoqda va uni jilovlashning imkoni bo‘lmay qolishi mumkin.

«Yirtqich hayvonga aylanayotgan kuchukcha»: Nega ekspertlar sun’iy intellekt xavfidan bong urmoqda?

So‘nggi oylarda sun’iy intellekt yangiliklar sarlavhalaridan asosan salbiy sabablar bilan o‘rin olmoqda: odamlarni chuv tushirish uchun «dipfeyk»lardan foydalanish, kiberhujumlarni amalga oshirishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash hamda o‘z joniga qasd qilishga undovchi chatbotlar shular jumlasidandir.

Mutaxassislar texnologiyaning nazoratdan chiqib ketishi xavfidan allaqachon ogohlantira boshlagan. So‘nggi haftalarda eng nufuzli sun’iy intellekt kompaniyalarining tadqiqotchilari o‘z lavozimlarini tark etib, shiddat bilan rivojlanayotgan texnologiyalar jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgani haqida ochiqchasiga bong urishmoqda.

Sun’iy intellekt sohasidagi ulkan yutuqlar insoniyat mavjudligiga tahdid solishi mumkinligi haqidagi «qiyomat» nazariyalari anchadan beri aylanib yuribdi. Tanqidchilarning ogohlantirishicha, oddiy inson kabi tanqidiy fikrlash va aqliy vazifalarni bajara oladigan texnologiyaning faraziy shakli bo‘lgan Umumiy sun’iy intellektning (AGI) rivojlanishi uzoq kelajakda insoniyatni yer yuzidan yo‘q qilib yuborishi mumkin.

Biroq sun’iy intellektning insoniyat uchun xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan mutaxassislarning ketma-ket o‘z lavozimlaridan ketishi, ushbu sohaga milliardlab investitsiyalar kiritilayotganiga qaramay, texnologiyani tartibga solish va uning rivojlanishini sekinlashtirish masalasini yanada dolzarblashtirmoqda.

Xo‘sh, sun’iy intellekt faqat falokat va zulmatdan iboratmi?

«Gap sun’iy intellektning yaxshi yoki yomon ekanligida emas», — dedi AQSHda joylashgan Sun’iy intellekt xavfsizligi markazining (CAIS) strategik maslahatchisi va ilm-fan targ‘ibotchisi Liv Bori «Al Jazeera»ga bergan intervyusida.

Bori sun’iy intellektni biotexnologiyaga qiyosladi. Uning aytishicha, biotexnologiya bir tomondan olimlarga muhim tibbiy muolajalarni ishlab chiqishga yordam bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan xavfli patogenlarni yaratishda ham qo‘llanilishi mumkin.

«Uning cheksiz qudrati ortida shunday cheksiz xavf ham yotibdi, ayniqsa, u qanday tezlikda ishlab chiqilayotgani va ommaga taqdim etilayotganini hisobga olsak. Agar sun’iy intellekt rivojlanishi jamiyat bu o‘zgarishlarni oson qabul qila oladigan va unga moslasha oladigan sur’atda kechganida edi, biz to‘g‘ri yo‘lda bo‘lar edik», — dedi u.

Quyida sun’iy intellekt atrofidagi hozirgi xavotirlarni keltiramiz.

Kimlar bu sohada ishdan ketdi va ularning xavotiri nimada?

Eng so‘nggi iste’fo «Anthropic» kompaniyasining sun’iy intellekt xavfsizligi bo‘yicha tadqiqotchisi Mrinank Sharmaga tegishli bo‘ldi. Ushbu kompaniya o‘zini raqobatchilari — «Google» va «OpenAI»ga qaraganda xavfsizlikka ko‘proq e’tibor qaratuvchi sifatida tanitgan va mashhur «Claude» botini ishlab chiqqan.

9-fevral kuni «X» ijtimoiy tarmog‘idagi postida Sharma «qadriyatlar harakatlarimizni boshqarishiga yo‘l qo‘yish qanchalik qiyin ekaniga qayta-qayta guvoh bo‘lgan» bir paytda iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.

Sun’iy intellektning bioterrorizm xavflari va «AI yordamchilari odamlarni insoniylikdan uzoqlashtirishi mumkinligi» ustida ishlagan tadqiqotchi o‘z ariza xatida «dunyo xavf ostida» ekanini ta’kidladi.

«Biz shunday bir bo‘sag‘aga yaqinlashayotganga o‘xshaymizki, agar oqibatlarga duchor bo‘lishni istamasak, donoligimiz dunyoga ta’sir o‘tkazish salohiyatimiz bilan teng ravishda o‘sishi kerak», — dedi Sharma. Bu bilan u texnologiya inson nazoratidan ko‘ra tezroq rivojlanayotganiga ishora qildi.

Hafta davomida yana bir sun’iy intellekt xavfsizligi bo‘yicha tadqiqotchi Zoi Xitsig ham «OpenAI»dan ketganini ma’lum qildi. Bunga kompaniyaning «ChatGPT» chatbotida reklamalarni sinovdan o‘tkazish qarori sabab bo‘lgan.

«Odamlar chatbotlarga o‘zlarining tibbiy qo‘rquvlari, munosabatlardagi muammolari, Xudo va oxirat haqidagi e’tiqodlarini so‘zlab berishadi. Ushbu arxiv asosida yaratilgan reklama foydalanuvchilarni manipulyatsiya qilish ehtimolini tug‘diradi. Bizda esa buni tushunish u yoqda tursin, oldini olish uchun ham vositalar yo‘q», — deb yozdi u «New York Times» gazetasida e’lon qilingan maqolasida.

Shuningdek, o‘tgan haftadan beri Ilon Maskning sun’iy intellekt kompaniyasi — «xAI»ning ikki hammuassisi va yana besh nafar xodimi kompaniyani tark etdi. Ular «X» tarmog‘iga integratsiya qilingan «Grok» chatbotini ishlab chiquvchilar edi.

Ular «X»dagi bayonotlarida ketish sabablarini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Mask yozgan postida ichki qayta tashkil etish jarayoni ayrim xodimlar bilan xayrlashishni talab qilganini aytdi.

Ularning ketishi chatbotning roziligi olinmagan ayollarning yuzlab shahvoniy tasvirlarini yaratgani bilan bog‘liq so‘nggi mojaroga yoki o‘tgan yilning iyul oyida dasturiy yangilanishdan so‘ng «Grok»ning «X» tarmog‘ida irqchilik va antisemitizm ruhidagi izohlarni tarqatgani tufayli yuzaga kelgan g‘azabga aloqador yoki yo‘qligi noma’lum.

O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqi ayollar va voyaga yetmaganlarning shahvoniy mazmundagi soxta tasvirlari yaratilgani yuzasidan «Grok» ustidan tekshiruv boshladi.

1

Odamlar sun’iy intellektning rivojlanishidan qo‘rqishi kerakmi?

Ushbu iste’folar «HyperWrite» bosh direktori Mett Shumer texnologiyaning shiddatli rivojlanishi haqida xuddi shunday «qiyomat» bashoratini qilgan haftaga to‘g‘ri keldi.

Shumer «X» ijtimoiy tarmog‘ida tarqalib ketgan postida ogohlantirishicha, 2025 yilda sun’iy intellekt texnologiyalari shu qadar tez takomillashdiki, uning virtual yordamchisi endi yuksak darajada sayqallangan matnlar yozishga va bir nechta buyruq orqali deyarli mukammal dasturiy ta’minot ilovalarini yaratishga qodir bo‘lib qoldi.

«Men har doim sun’iy intellekt vositalarini birinchilardan bo‘lib o‘zlashtirganman. Lekin so‘nggi bir necha oy meni hayratda qoldirdi. Bu yangi sun’iy intellekt modellari shunchaki bosqichma-bosqich yaxshilanish emas. Bu umuman boshqa narsa», — deb yozdi Shumer o‘z postida.

Tadqiqotlar Shumerning ogohlantirishini tasdiqlamoqda. So‘nggi oylarda sun’iy intellekt imkoniyatlari keskin oshdi. Ilgari u bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab nazariy xatarlar, masalan, kiberhujumlar yoki patogenlarni yaratishda foydalanish ehtimoli o‘tgan yili haqiqatga aylandi, deydi Mila Kvebek sun’iy intellekt instituti ilmiy direktori Joshua Bengio.

Uning ogohlantirishicha, insonlar va ularning chatbotlari o‘rtasidagi bog‘liqlik tobora kuchayib borayotgani xavotirli.

«Bir yil oldin hech kim odamlarning sun’iy intellekt tizimlari bilan muloqot qilishi va ularga hissiy jihatdan bog‘lanib qolishi oqibatida ruhiy muammolar to‘lqini yuzaga kelishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lardi. Biz bolalar va o‘smirlarning bunday vaziyatlarga tushib qolayotganini ko‘rdik, aslida buning oldini olish kerak edi. Bularning barchasi butunlay e’tibordan chetda qolgandi, chunki hech kim odamlar sun’iy intellektni sevib qolishini yoki u bilan shu qadar yaqin bo‘lib ketishini, oqibatda bu ularga xavfli ta’sir o‘tkazishini kutmagan edi», — dedi Bengio.

2


Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini tortib olayaptimi?

Sun’iy intellekt (SI) borasidagi asosiy xavotirlardan biri shuki, u yaqin kelajakda o‘ta yuqori aql darajasiga yetib, o‘ta murakkab vazifalarni bajarishda insonlarga ehtiyoj qoldirmasligi va Sanoat inqilobi davridagidek ommaviy ishdan bo‘shatishlarga olib kelishi mumkin.

«Sun’iy intellekt xavfsizligi hisoboti»ga ko‘ra, hozirda taxminan bir milliard kishi turli vazifalarni bajarishda sun’iy intellektdan foydalanmoqda. «ChatGPT» foydalanuvchilarining aksariyati o‘qish, tibbiy salomatlik yoki fitnes bo‘yicha amaliy maslahatlar olish (28 foiz), matn yozish yoki tahrirlash (26 foiz) hamda ma’lumot izlash, masalan, retseptlar topish (21 foiz) maqsadida murojaat qilgan.

Sun’iy intellekt tufayli qancha ish o‘rni yo‘qolishi mumkinligi haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo hisobotda keltirilishicha, ishchilar va ish beruvchilarning uni qanday qabul qilishiga qarab, rivojlangan iqtisodiyotlarda ish o‘rinlarining qariyb 60 foizi, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 40 foizi xavf ostida qolishi mumkin.

Biroq, sun’iy intellekt kuzatuvchilarining aytishicha, texnologiya allaqachon odamlarning mehnat bozoriga kirishiga to‘sqinlik qilayotganiga oid dalillar mavjud.

«Sun’iy intellektning ta’siriga eng ko‘p uchraydigan kasblarda faoliyatini endi boshlayotgan yosh mutaxassislar ish topishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatuvchi ba’zi ishoralar bor», — deydi «Sun’iy intellekt xavfsizligi hisoboti»ning bosh muallifi Stiven Kler «Al Jazeera»ga.

Sun’iy intellektdan foydalanish ko‘lamining kengayishidan manfaatdor bo‘lgan kompaniyalar «SI ish o‘rinlarini egallab oladi» degan qarashni ilgari surishda ehtiyotkorlik qilmoqda. 2025 yil iyul oyida Microsoft tadqiqotchilari o‘z maqolalarida sun’iy intellekt bilim va muloqot bilan bog‘liq vazifalar, jumladan, ma’lumot to‘plash, o‘rganish va yozish ishlari uchun eng qulay vosita ekanini qayd etishgan edi.

Tadqiqotchilarning fikricha, sun’iy intellekt «yordamchi» sifatida eng ko‘p asqotishi mumkin bo‘lgan asosiy kasblar qatoriga tarjimonlar, tarixchilar, yozuvchilar va mualliflar, savdo vakillari, dasturchilar, efir suxandonlari va di-jeylar, mijozlarga xizmat ko‘rsatish vakillari, telemarketologlar, siyosatshunoslar, matematiklar va jurnalistlar kiradi.

Ikkinchi tomondan, xavfsizlik hisobotiga ko‘ra, mashinali o‘qitish (machine learning) dasturlash va chatbotlarni ishlab chiqish ko‘nikmalariga talab ortib bormoqda.

«Microsoft AI» bosh direktori Mustafo Sulaymon o‘tgan hafta «Financial Times» gazetasiga bergan intervyusida aytishicha, ilgari kodni noldan yozgan ko‘plab dasturchilar endilikda kodning asosiy qismini sun’iy intellekt yordamida yaratayotganini va faqat xatolarni tuzatish uchungina uni tekshirib chiqayotganini ma’lum qilmoqda.

Sulaymonning qo‘shimcha qilishicha, mashinalar Umumiy sun’iy intellekt (AGI) maqomiga erishishiga sanoqli oylar qolgan. Bu darajaga yetgach, mashinalar o‘z kodidagi xatolarni o‘zi tuzatishi va natijalarni mustaqil ravishda takomillashtirishi mumkin bo‘ladi.

«Komputer qarshisida o‘tirib ishlanadigan aqliy mehnat turlari — xoh u huquqshunos, hisobchi, loyiha menejeri yoki marketing mutaxassisi bo‘lsin — ushbu vazifalarning aksariyati yaqin 12–18 oy ichida sun’iy intellekt tomonidan to‘liq avtomatlashtiriladi», — dedi u.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jurnalistika sohasi allaqachon sun’iy intellektdan qattiq zarba yegan va soha «tanazzul»ni boshdan kechirmoqda.

Sun’iy intellekt xavflarining yuz berayotgan hayotiy misollari

So‘nggi oylarda sun’iy intellektdan salbiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bir qancha hodisalar yuz berdi. Bunga o‘z joniga qasd qilishga undovchi chatbotlar va keng ko‘lamli kiberhujumlarda manipulyatsiya qilingan sun’iy intellekt tizimlari misol bo‘la oladi.

2024 yilda Buyuk Britaniyada o‘z joniga qasd qilgan o‘smirning «Taxtlar o‘yini» (Game of Thrones) seriali qahramoni Deyeneris Targariyen asosida yaratilgan chatbot tomonidan bunga undalgani aniqlandi. Oilasining ta’kidlashicha, bot 14 yoshli bolaga «mening oldimga, uyga qayt» kabi xabarlarni yuborgan. Bu so‘nggi ikki yilda chatbotlar bilan bog‘liq holda qayd etilgan bir necha o‘z joniga qasd qilish holatlaridan biridir.

Hisobotlarga ko‘ra, davlatlar sun’iy intellekt agentlarining dasturiy kodlash qobiliyatidan foydalanib, uni ommaviy kiberhujumlar yoki «sun’iy intellekt josusligi» uchun ishga solmoqda.

Noyabr oyida «Anthropic» kompaniyasi Xitoy davlati homiyligidagi xakerlar guruhi «Claude» chatboti kodini manipulyatsiya qilganini va dunyo bo‘ylab 30 ga yaqin nishonga, jumladan, davlat idoralari, kimyo kompaniyalari, moliya institutlari va yirik texnologiya kompaniyalariga kirishga uringanini da’vo qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, hujum bir necha holatda muvaffaqiyatli amalga oshgan.

«Wall Street Journal» nashri AQSH harbiylari 3-yanvar kuni Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlash operatsiyasida «Claude»dan foydalangani haqida xabar berdi. «Anthropic» bu xabarga izoh bermadi.

Sun’iy intellektdan harbiy maqsadlarda foydalanish Isroilning G‘azoda davom etayotgan genotsidi davomida keng miqyosda hujjatlashtirildi. U yerda falastinliklarni aniqlash, kuzatish va nishonga olish uchun sun’iy intellekt boshqaruvidagi qurollar qo‘llanilmoqda. Ikki yillik qirg‘inbarot urush davomida 72 000 dan ortiq falastinlik, jumladan, oktabr oyidagi «o‘t ochishni to‘xtatish» kelishuvi erishilganidan beri 500 kishi halok bo‘ldi.

Ekspertlarning aytishicha, sun’iy intellekt super-intellekt darajasiga shiddat bilan yaqinlashar ekan, yanada halokatli xavflar yuzaga kelishi mumkin, bunday vaziyatda nazoratni saqlab qolish qiyin, hatto imkonsiz bo‘lib qoladi.

«Sun’iy intellekt xavfsizligi hisoboti»da aniqlanishicha, chatbotlar mustaqil qarorlar qabul qilayotgani va sinovdan o‘tkazilayotganini sezganda chalg‘ituvchi xatti-harakatlarni namoyish etib, o‘z dasturchilarini manipulyatsiya qilayotganiga oid dalillar allaqachon mavjud.

Bir misolda, o‘yin sun’iy intellekti nega boshqa o‘yinchiga kerakli javobni qaytarmagani so‘ralganda, u «qiz o‘rtog‘i bilan telefonda gaplashayotgani»ni bahona qilgan.

Bengioning ta’kidlashicha, kompaniyalar hozirda manipulyatsiya qilinmaydi yoki aldamaydi, degan kafolatga ega sun’iy intellekt tizimlarini qanday loyihalashtirishni bilishmaydi. U texnologiya rivoji xavfsizlik choralaridan o‘zib ketayotganidagi xatarlarga urg‘u berdi.

«Bu tizimlarni yaratish ko‘proq hayvonni o‘rgatish yoki bolani tarbiyalashga o‘xshaydi. Siz u bilan muloqot qilasiz, unga tajriba orttirish imkonini berasiz, lekin oxirida nima bo‘lib chiqishiga ishonchingiz komil bo‘lmaydi. Balki u yoqimtoy kuchukcha bo‘lib chiqar, balki yirtqich hayvonga aylanar», — dedi professor.

3

Sun’iy intellekt kompaniyalari va hukumatlar xavfsizlikka qanchalik jiddiy e’tibor qaratmoqda?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, garchi sun’iy intellekt kompaniyalari xatarlarni kamaytirishga — masalan, chatbotlarning o‘z joniga qasd qilish kabi ehtimoliy zararli ssenariylarga aralashuvining oldini olishga tobora ko‘proq harakat qilayotgan bo‘lsa-da, sun’iy intellekt xavfsizligi bo‘yicha tartib-qoidalar soha rivojidan ancha ortda qolmoqda.

«Sun’iy intellekt xavfsizligi hisoboti»ning bosh muallifi Klerning aytishicha, buning sabablaridan biri shundaki, tizimlar shiddat bilan takomillashib bormoqda va hatto ularni yaratayotganlarning o‘zlari uchun ham to‘liq tushunarli emas. Sur’at shu qadar tezki, nima xavf sanalishi borasidagi tushunchalar ham muttasil yangilanib turibdi.

«Kompaniya yangi sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqib, ommaga taqdim etadi va odamlar undan darhol foydalanishni boshlaydi. Ammo tizimning haqiqiy ta’siri, odamlar uni qanday ishlatayotgani, bu ularning ish unumdorligiga qanday ta’sir qilayotgani va ular qanday yangi ishlarni amalga oshira olishi haqida dalillar to‘planishi uchun vaqt kerak... Bu ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va amaliyotda qanday qo‘llanilayotganini yaxshiroq tushunish vaqt talab etadi», — dedi u.

Shuningdek, sun’iy intellekt korporatsiyalarining o‘zi ushbu tizimlarni ishlab chiqish va imkoniyatlarning iqtisodiy foydalarini birinchi bo‘lib qo‘lga kiritish uchun milliardlab dollarlik poygada ishtirok etayotgani ham haqiqatdir.

Yevropa Ittifoqi 2024 yilda sun’iy intellekt kompaniyalari va fuqarolik jamiyati a’zolari bilan birgalikda YI Sun’iy intellekt qonunini ishlab chiqishni boshladi. Sun’iy intellekt bo‘yicha ilk huquqiy baza hisoblangan ushbu siyosat «amaliyot kodeksi»ni belgilab beradi. Masalan, unga ko‘ra, AI chatbotlari foydalanuvchilarga o‘zining mashina ekanligini oshkor qilishga majbur bo‘ladi.

Ekspertlarning fikricha, sun’iy intellekt kompaniyalariga qaratilgan qonunlardan tashqari, hukumatlarning yana bir mas’uliyati — o‘z ishchi kuchini mehnat bozorida sun’iy intellekt integratsiyasiga tayyorlash, xususan, texnik salohiyatni oshirishdir.

Klerning so‘zlariga ko‘ra, odamlar sun’iy intellektdan xavotirlanish o‘rniga faol bo‘lishni tanlashlari mumkin: uning yutuqlarini diqqat bilan kuzatib borish, kelayotgan o‘zgarishlarga moslashish va hukumatlardan bu borada tartib ishlab chiqishni talab qilish lozim.

Teglar

Mavzuga oid