130 milliard dollarlik savol

22.02.2026 | 13:106 дақиқа

Oliy sud Trampning ayrim bojlarini noqonuniy deb topdi, ammo yig‘ilgan 130 mlrd dollar taqdiri hali noaniq. Shu bilan birga, ma’muriyat yangi qonunlar asosida tarif siyosatini davom ettirmoqda.

130 milliard dollarlik savol

AQSH Oliy sudi prezident Donald Tramp o‘tgan yili joriy etgan keng qamrovli global bojlar orqali o‘z vakolatlarini oshirib yuborgan, degan qarorga keldi. 6 ga qarshi 3 ovoz bilan qabul qilingan qarorda sud Tramp 1977 yilgi «Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun» (IEEPA)dan deyarli dunyoning barcha mamlakatlaridan import qilinadigan tovarlarga soliq joriy etish uchun foydalana olmasligini bildirdi.

Qaror bojlar orqali yig‘ilgan taxminan 130 milliard dollar mablag‘ni iste’molchilar va biznes subyektlariga qaytarish imkoniyatini ochiq qoldirdi. Oliy sud bu masalani muhokama qilmadi, ammo bu ehtimol yana bir sud tortishuviga sabab bo‘lishi kutilmoqda.

Qaror e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, Tramp 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-moddasiga tayanib yangi farmonni imzoladi. Ushbu qonun unga barcha mamlakatlar tovarlariga nisbatan 10 foizlik vaqtinchalik boj joriy etish imkonini beradi. Shanba kuni u ijtimoiy tarmoqda bu yangi bojlarni 15 foizgacha oshirishini yozdi.

Quyida bojlar bo‘yicha keyingi qadamlar va hali ham ochiq qolgan savollar haqida bilish lozim bo‘lgan jihatlar keltiriladi.

Qaysi bojlar noqonuniy deb topildi va nima uchun?

20-fevral kuni e’lon qilingan Oliy sud qarori faqat Tramp IEEPA – 1977 yilgi «Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun» asosida joriy etgan bojlarga taalluqlidir. Ushbu qonun prezidentga favqulodda holat sharoitida savdoni tartibga solish vakolatini beradi.

Tramp bu qonunni ilk bor 2025 yil fevral oyida qo‘llab, Xitoy, Meksika va Kanadadan keladigan tovarlarga boj joriy etgan edi. Uning ta’kidlashicha, ushbu mamlakatlardan fentanil kontrabandasi favqulodda holatni yuzaga keltirgan.

Bir necha oy o‘tib, Tramp «Ozodlik kuni» deb atagan sanada yanada keskin qadam tashlab, deyarli dunyoning barcha mamlakatlaridan keladigan tovarlarga 10 foizdan 50 foizgacha boj joriy qildi. Bu holatda u AQSH savdo taqchilligini, ya’ni mamlakat import hajmi eksportdan yuqori bo‘lishini «noodatiy va favqulodda tahdid» deb baholagan.

Sud ta’kidlashicha, yangi soliqlar joriy etish vakolati prezidentga emas, balki AQSH Kongressiga tegishli. Shuningdek, IEEPA doirasidagi tartibga solish choralari davlat budjetiga daromad yig‘ishni nazarda tutmaydi.

Shu bilan birga, Tramp so‘nggi bir yil davomida joriy etgan ayrim bojlar IEEPA doirasidagi favqulodda holatlarga bog‘liq emas va Oliy sud qaroriga qaramay kuchda qolishi mumkin. Jumladan, po‘lat, alyuminiy, yog‘och materiallari va avtomobillar sohasiga oid tarmoq-maxsus bojlar 1962 yilgi Savdoni kengaytirish to‘g‘risidagi qonunning 232-moddasi asosida joriy etilgan bo‘lib, ular milliy xavfsizlik masalalari bilan izohlangan.

Tramp boshqa qonun asosida yangi vaqtinchalik bojlar joriy qildi

20-fevral kuni Oliy sud qarori e’lon qilinganidan so‘ng, Tramp 122-modda deb ataluvchi, ilgari deyarli qo‘llanilmagan qonun asosida AQSHga import qilinadigan tovarlarning qariyb barchasiga 10 foizlik global boj joriy etish to‘g‘risida farmon chiqardi. 21-fevral kuni u o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida global bojlarni 10 foizdan 15 foizgacha oshirishini ma’lum qildi.

122-modda prezidentga 150 kun muddatgacha 15 foizgacha bo‘lgan bojlarni joriy etish vakolatini beradi. Shu muddat tugagach, Kongress aralashishi kerak bo‘ladi.

Biroq Tramp qonun chiqaruvchilarni aylanib o‘tish imkoniyatiga ham ega bo‘lishi mumkin. O‘ng qarashlarga yaqin «Cato Institute» tahlil марказиning ta’kidlashicha, 122-modda prezidentga 150 kun o‘tgach bojlarni bekor qilib, keyin yangi favqulodda holat e’lon qilish orqali ularni qayta joriy etishni ochiqcha taqiqlamaydi.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Tramp 122-moddani «xalqaro to‘lovlar sohasidagi asosiy muammolarni hal qilish» va Amerika savdosini qayta muvozanatlashtirish uchun qo‘llamoqda. Shu bilan birga, u 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-moddasi asosida ham boj joriy etish imkoniyatini o‘rganmoqda.

Mazkur qonun AQSH Savdo vakiliga (hozirda bu lavozimni Jeymison Grir egallab turibdi) boshqa davlatlarning savdo amaliyotlarini tekshirish vakolatini beradi. Agar bu amaliyotlar «kamsituvchi» yoki «adolatsiz» deb topilsa, Savdo vakili bojlar joriy qilishi mumkin.

Ma’muriyat, shuningdek, 1962 yilgi «Savdoni kengaytirish to‘g‘risida»gi qonunning 232-moddasi asosida ham bojlar joriy etishda davom etishi mumkin. Tramp birinchi prezidentlik muddatida ushbu moddadan faol foydalangan. U milliy xavfsizlikka tahdid soladigan importga qarshi boj qo‘llash imkonini beradi, ammo buning uchun avval tekshiruv o‘tkazilishi shart/ Шu sababli bunday bojlar joriy etilishi vaqt talab qiladi.

BBC’ning iqtisodchi manbasiga tayanib yozishicha, tekshiruv va rasmiy xulosalar talab qilinishi bojlarni keyinchalik sud orqali bekor qilishni qiyinlashtiradi va ular joriy etilganidan so‘ng olib tashlashni ham mushkul qiladi.

AQSH moliya vaziri Skott Bessent 122-modda bo‘yicha bojlar 232 va 301-moddalar asosidagi kuchaytirilgan bojlar bilan birga qo‘llanilsa, «2026 yilda bojlardan tushum deyarli o‘zgarishsiz qoladi», deb aytgan. Bu esa IEEPA asosidagi bojlar bekor qilinganidan kelib chiqqan yo‘qotishlarni qoplashga xizmat qiladi.

Iste’molchilar va biznes noqonuniy deb topilgan bojlar uchun pullarini qaytarib oladimi?

Tramp bojlarni joriy etishga asos sifatida keltirgan sabablardan biri ulardan tushgan mablag‘ AQSH G‘aznachiligiga yo‘naltirilib, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashidir. Ko‘plab hisobotlarga ko‘ra, AQSH hukumati chet el mahsulotlarini import qilgan kompaniyalardan o‘nlab milliardlab dollar yig‘gan. Ayrim baholashlarga ko‘ra, bu summa taxminan 130 milliard dollar atrofida.

Oliy sud Trampning IEEPA asosida joriy etgan bojlarini noqonuniy deb topgan bo‘lsa-da, to‘langan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha aniq ko‘rsatma bermadi.  Tramp jurnalistlarga ehtimoliy qaytarishlar masalasi yillab sud tortishuvlarida qolib ketishini kutyapman, deb aytgan.

Qaror e’lon qilinganidan so‘ng, Moliya vaziri Skott Bessent ham qaytarishlar masalasi yillab cho‘zilishi mumkinligini bildirdi. Dallas shahridagi tadbirda so‘zlagan Bessentning aytishicha, Oliy sud qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma bermagani sababli IEEPA asosida yig‘ilgan daromadlar hozircha «nizoli» hisoblanadi.

Bu masala AQSH Xalqaro savdo sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, ehtimoliy qaytarishlar asosan yirik kompaniyalarga tegishi mumkin, chunki kichik bizneslar pulni qaytarish uchun zarur bo‘lgan ko‘p bosqichli jarayonni o‘tashga resurs topa olmasligi mumkin.

Liberal qarashlarga yaqin «Groundwork Collective» tahlil markazining siyosat va advokatsiya bo‘yicha rahbari Aleks Jakezning CBSga aytishicha, qarordan oldin ham 1 000 dan ortiq biznes bojlar bo‘yicha pullarni qaytarishni so‘rab murojaat qilgan. Uning ta’kidlashicha, bu raqam yanada oshishi mumkin.

Shuningdek, Illinoys shtati demokratik gubernatori Jey Robert Pritzker Oq uydan har bir amerikalik xonadonga noqonuniy bojlar sabab 1 700 dollarlik chek berishni talab qildi. Tramp esa bir necha bor omma oldida amerikaliklarga «bojlar bo‘yicha qaytim cheki» berish g‘oyasini ishora qilgan edi.

Hozir qaysi bojlar amal qilmoqda?

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, yangi bojlar 24-fevral soat 12:01 dan boshlab, tovarlar qayerdan kelishiga qaramasdan, AQSHga kiritilayotgan barcha import mahsulotlariga nisbatan qo‘llanilishi kerak edi.

Oq uy rasmiysi BBC’ga ma’lum qilishicha, AQSH bilan savdo kelishuvlarini imzolagan davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi ham avval kelishilgan stavkalar emas, balki 122-modda asosidagi global bojga duch keladi. Ma’muriyat кuтишича, ushbu davlatlar baribir savdo kelishuvlarida qabul qilgan imtiyoz va majburiyatlarga rioya qilishda davom etadi. Ayrim tovarlar esa «AQSH iqtisodiyoti ehtiyojlari» sababli yoki bojni aniqroq yo‘naltirish maqsadida soliqdan ozod qilinadi. Bular quyidagi yirik toifalarni o‘z ichiga oladi: ayrim strategik foydali qazilmalar, metallar, energiya mahsulotlari, tabiiy resurslar, oziq-ovqat ekinlari, farmatsevtika mahsulotlari, elektronika, yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, aviatsiya-kocmik sohasi mahsulotlari.

Oq uy tarqatgan ma’lumotnomaga ko‘ra, «axborot materiallari (masalan, kitoblar), xayriya yuklari va shaxs bilan birga olib kiriladigan bagaj» ham bojga tortilmaydi. Biroq ko‘plab imtiyozli toifalar bo‘yicha farmon umumiy shaklda yozilgan bo‘lib, qaysi aniq tovarlar ozod etilishi ochiq ko‘rsatilmagan.

Yana bir muhim istisno – USMCA doirasidagi tovarlardir. Bu AQSH, Meksika va Kanada o‘rtasidagi savdo kelishuvi bo‘lib, mazkur mahsulotlar avval IEEPA asosidagi bojlardan ham ozod etilgan edi. Kanada bosh vaziri Mark Karney bir necha bor Kanada USMCA tufayli dunyodagi eng past boj stavkalariga ega davlatlardan biri ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, Kosta-Rika, Dominikan Respublikasi, Salvador, Gvatemala, Gonduras va Nikaraguadan keladigan to‘qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlari Dominikan Respublikasi – Markaziy Amerika erkin savdo kelishuvi asosida bojsiz qoladi. Ayni paytda, Tramp arzon tovarlarga nisbatan bojlarni saqlab qolishini aytgan. O‘tgan yili u «de minimis» deb atalgan imtiyozni bekor qilgan edi. Bu imtiyoz qiymati 800 dollar yoki undan kam bo‘lgan tovarlarni AQSHga bojsiz olib kirish imkonini berar edi.

Теглар

Мавзуга оид