2026 yilda birorta davlat banki xususiylashtirilmaydigan bo‘ldi
2026 yilda «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Ammo yangilangan strategiyaga ko‘ra joriy yilda birorta bank sotilmaydi.

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan versiyasida 2026 yilda bitta bank xususiylashtirilishi rejalashtirilgan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining moliyaviy strategiyasiga ko‘ra, 2025–2026 yillarda xususiylashtiriladigan bank «O‘zsanoatqurilishbank» bo‘lishi kerak edi.
Ammo 16-fevral kuni Prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasida joriy yilda birorta davlat banki sotilmasligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirgi kunda to‘qqizta bank davlat tasarrufida qolmoqda. Ular qatoriga «Milliy bank», «Agrobank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Xalq banki», «BRB», «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Turonbank» kiradi.
Tasdiqlangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilga qadar beshta davlat banki xususiylashtiriladi va natijada davlat ixtiyorida to‘rtta bank qoladi. Yillar kesimida davlat banklari soni bosqichma-bosqich qisqaradi: 2027 yilda 7 ta, 2028 yilda 6 ta, 2029 yilda 5 ta va 2030 yilda 4 ta.
Shuningdek, strategiyaga muvofiq, davlat banklarining bank tizimi aktivlaridagi ulushi ham kamaytiriladi. 2026 yilda bu ko‘rsatkich 65 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2030 yilga kelib u 55 foizgacha tushirilishi rejalashtirilgan. 2025 yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, davlat ulushi mavjud banklar hissasiga jami aktivlarning 64,53 foizi, ya’ni 576,2 trln so‘m to‘g‘ri kelgan.
Davlat banklarining xususiylashtirish jarayoni nega kechikmoqda?
2024 yil 27-dekabrda Prezident bir nechta davlat banklarini xususiylashtirishning so‘nggi muddatlarini uzaytirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagandi. Unda «Asakabank», «O‘zsanoatqurilishbank» (SQB) va «Aloqabank»dagi davlat ulushlarini sotish muddatlari 2025 yilga ko‘chirilgan.
O‘zbekistondagi ikkinchi yirik bank hisoblangan «O‘zsanoatqurilishbank»dagi barcha davlat ulushini 2022 yil oxirigacha, keyinchalik esa 2023 yil oxirigacha savdoga chiqarish rejalashtirilgandi. Shundan so‘ng 2024 yil oxirigacha xususiylashtirish orqali bankdagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirishga qaror qilindi, ammo bu amalga oshmadi.
2025 yil iyul oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilingan 2026–2028 yil uchun fiskal strategiyada 4 ta bankni xususiylashtirish kechiktirilishi ma’lum qilingandi. Bunda «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirish 2025–2026 yillarda amalga oshirilishi kutilsa, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank» esa 2026–2027 yilgacha kechikishi belgilangan.
«Asakabank»ning xususiylashtirish muddati esa 2023 yil oxiridan 2025 yil oxirigacha surilgan. 2024 yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan «Asakabank»ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Shundan so‘ng, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida «Asakabank»ning 15 foiz aksiyasini sotib olgan va 2026 yilda davlat banki aksiyadorlari tarkibiga kirishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, fiskal strategiyada 2026-2028 yillarda hukumat ayrim davlat banklarini xususiylashtirmaslikka qaror qilgani keltirilgan edi. Jumladan, «Milliy bank», «Agrobank», «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» davlat ulushi saqlangan holda faoliyat yuritishda davom etishi belgilandi.
2030 yilgacha ushbu banklardan yana biri davlat ixtiyoridan chiqariladi. Hozirda aynan qaysi bankligi ma’lum qilinmagan.
Теглар






