Logo

60 kunlik sulh tugadi: AQSH va Eronni endi nima kutmoqda?

Iyun oyida imzolangan kelishuvdan ko‘p o‘tmay, tomonlar bir-birini uni buzishda ayblay boshlagan edi.

60 kunlik sulh tugadi: AQSH va Eronni endi nima kutmoqda? © aurora-israel.co.il

AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘rtasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan memorandumнинг amal qilish muddati, bugun, dushanba kuni o‘z nihoyasiga yetadi. Biroq so‘nggi haftalarda o‘zaro ayblovlarga sabab bo‘layotgan bu kelishuv muddatini uzaytirishga hech qaysi tomon qiziqish bildirmayapti.

«AQSH bilan muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha hali qaror qabul qilganimiz yo‘q», — deb yozdi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi shanba kuni o‘zining Telegram sahifasida.

Ayni paytda Qatar va Pokiston vositachilari Eron bilan muloqotni davom ettirmoqda. Araqchining qo‘shimcha qilishicha, Tehron Ummon bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakati uchun yangi yo‘nalishlar belgilashga doir alohida kelishuv ustida ishlamoqda. Biroq vazir bunga faqat siyosiy yechim orqali erishish mumkinligini bildirgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp esa juma kuni Nyu-Yorkda tarafdorlari oldida qilgan chiqishida, Qo‘shma Shtatlar tez orada ushbu o‘ta muhim suv yo‘lini o‘z nazoratiga olishini ma’lum qilgan edi.

Memorandumning mazmuni nimadan iborat?

17-iyun kuni Donald Tramp va Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon imzolagan kelishuv Pokiston mezbonligida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar natijasida yuzaga kelgandi. Mazkur hujjat minglab insonlarning yostig‘ini quritgan, Fors ko‘rfazidagi tijorat qatnovlarini, xususan, butun dunyo uchun o‘ta muhim bo‘lgan neft va gaz eksportini izdan chiqargan uch oylik urushga chek qo‘yishi kutilgan edi.

Eronning yadro dasturi singari murakkab masalalar yechimini keyinga qoldirgan holda, bu kelishuv nafaqat Tehron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha tezkor diplomatik chora topishga, balki Livandagi mojaroga ham nuqta qo‘yishga qaratilgan edi.

Kelishuvda ta’kidlanishicha, Eron va AQSH «harbiy harakatlarni zudlik bilan va uzil-kesil to‘xtatishni e’lon qiladi» hamda «yakuniy bitim» «barcha jabhalarda urushning butunlay yakunlanishini tasdiqlaydi». Hujjatda bunday «yakuniy bitim» BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullanishi va unga uzog‘i bilan 60 kun ichida erishilishi, mazkur muddat o‘zaro rozilik asosida uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.

Shuningdek, AQSH 30 kun ichida dengiz qamalini bekor qilishi, «yakuniy bitim» tuzilganidan so‘ng o‘z qo‘shinlarini Eron chegaralaridan olib chiqib ketishi va Eron uchun kamida 300 milliard dollarlik qayta tiklash hamda rivojlantirish dasturi ustida ishlashni boshlashi lozim edi. Bundan tashqari, Vashington Eronga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishga, Eron neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashga va Tehronga muzlatib qo‘yilgan mablag‘laridan foydalanishga ruxsat berishga rozi bo‘lgan. Eron esa, o‘z navbatida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalardan tozalashi va 60 kun davomida kemalarning bo‘g‘ozdan boj to‘lamasdan o‘tishini ta’minlashi kerak edi.

Shu bilan birga, Tehron yadro quroliga ega bo‘lishga intilmasligini va uranni boyitish kabi masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borishini yana bir bor tasdiqlagan bo‘lib, buning tafsilotlari BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «yakuniy bitim»da to‘liq o‘z aksini topishi ko‘zda tutilgan edi.

Kelishuv nega ishlamadi?

AQSH va Eronning kelishuv borasidagi talqinlari biroz farq qilsa-da, imzolanishdan keyingi bahslarning aksariyati asosiy masalalar — bu vaqtinchalik sulhmi yoki doimiy bitimmi va har bir tomon aynan nima qilishi kerakligi atrofida yuz berdi.

27-iyunga kelib Tramp Eronning mintaqadagi hujumlarini bitimning «ahmoqona tarzda buzilishi» deb atadi. Eron esa AQSH zarbalarini «O‘zaro anglashuv memorandumining 1-moddasini buzish» sifatida baholadi.

7-iyul kuni Tramp kelishuv «tugganini» ma’lum qildi. Shundan so‘ng AQSH Eronga, xususan, Tehron tomonidan fuqarolik infratuzilmasi deb atalgan inshootlarga hujumlarni davom ettirdi va bu kamida 50 kishining o‘limiga olib keldi. Eron rasmiylari AQSH barcha majburiyatlarini «buzgani va bajarishni to‘xtatganini», shu bois Tehron ham «o‘z majburiyatlarini bajarishni to‘xtatishga qaror qilganini» bildirdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish masalasi ham amalga oshmay qoldi. Eron va AQSH rasmiylari bo‘g‘ozni aynan o‘zlari nazorat qilayotganini ta’kidlashda davom etmoqda. Ushbu hafta boshida Pentagon bo‘g‘ozda Panama bayrog‘i ostida harakatlanayotgan yuk kemasiga qarata o‘t ochganini ma’lum qildi. Bunga kemaning «AQSH tomonidan Eronga qarshi o‘rnatilgan qamalni buzib o‘tgani» sabab qilib ko‘rsatildi.

«AQSH kelishuv yoki memorandum shartlariga amal qilmaganidan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish tartibi o‘z kuchini yo‘qotdi va butunlay bekor bo‘ldi», — dedi Tehrondagi Amaliy fanlar universiteti professori Mustafo Xushcheshm «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Tehron AQSHni bir qator va’dalarni bajarmaganlikda ayblamoqda. Xususan, Eron aktivlarini blokdan chiqarish, sanksiyalarni bekor qilish, dengiz qamalini olib tashlash va Isroil qo‘shinlarini Livan janubidan olib chiqib ketish kabi majburiyatlar shular jumlasidandir.

«Endilikda esa hujjatning muddati rasman tugagani aytilmoqda», — dedi Xushcheshm.

Bundan keyin nima bo‘ladi?

Memorandum muddati dushanba kuni yakuniga yetsa-da, buning amalda nimani anglatishi masalasida tomonlarning yondashuvi turlicha.

Eron Talabalar axborot agentligi (ISNA) xabariga ko‘ra, Abbos Araqchi juma kungi bayonotida Islomobod memorandumida ko‘zda tutilgan maqsad «o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish emas, balki urushni butunlay yakunlash» ekanini ta’kidlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH memorandum shartlarini buzib, hujumlarni davom ettirgani sababli, «uzaytirilishi mumkin bo‘lgan 60 kunlik sulhning o‘zi amalda bo‘lmagan».

Eron milliy xavfsizlik tizimida so‘nggi paytlarda yuz bergan kadrlar almashinuvi Tehronning kelgusi muzokaralarda yanada qattiqqo‘lroq pozitsiyani egallashidan dalolat bermoqda. Xususan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi nazorati masalasida yon berish ehtimoli juda past. Masalan, shu oy boshida Islom inqilobi posbonlari korpusining sobiq qo‘mondoni Muhsin Rizoiy Eronning eng oliy xavfsizlik organi — Oliy milliy xavfsizlik kengashi rahbari etib tayinlandi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu qadam harbiy va fuqarolik amaliyotlarini o‘zaro yanada samarali muvofiqlashtirishga qaratilgan.

«Muhsin Rizoiyning bu lavozimga tayinlanishi va rahbariyatdagi boshqa so‘nggi o‘zgarishlar Eron o‘zini ustunroq vaziyatda deb hisoblayotganini ko‘rsatadi», — dedi Xushcheshm.

Uning fikricha, har qanday yangi muzokaralarda Eron stol atrofiga yanada yirikroq talablar bilan kelishi ehtimoli yuqori. Bu talablar G‘azodagi urushni to‘xtatishdan tortib, sanksiyalar hamda Yaman qamalini bekor qilish, hatto Isroilni yadro qurolidan xoli hududga aylantirishni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

AQSHning qo‘lida sanoqli imkoniyatlar qoldi

Tramp va uning ma’muriyati Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hamda iqtisodiy urushga doir bayonotlarini yanada keskinlashtirgan.

Juma kuni Tramp mazkur suv yo‘lini rasman AQSH hududi deb e’lon qilish rejasi borligini ma’lum qildi.

«Eronni uzil-kesil mag‘lub etganimizdan so‘ng — ayni paytda ular juda og‘ir mag‘lubiyatni boshdan kechirmoqda — tez orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozini AQSH hududi sifatida e’lon qilaman», — dedi u.

Moliya vaziri Skott Bessent ham juma kungi chiqishida AQSH Eronga nisbatan shu paytgacha «misli ko‘rilmagan» choralarni qo‘llashini ta’kidladi.

Biroq Vashingtondagi Stimson markazining yetakchi ilmiy xodimi Barbara Slavin «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida, agar Tramp Tehronga ko‘proq bosim o‘tkazmoqchi bo‘lsa ham, uning qo‘lida ta’sir o‘tkazish uchun vositalar deyarli qolmaganini aytdi.

Slavinning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning havo hujumidan mudofaa raketalari zaxirasi tugamoqda, strategik neft zaxiralari ham bo‘shab qolgan. Asosiy harbiy texnikalar, jumladan, aviatashuvchi kemalar rejalashtirilganidan bir necha oy ko‘proq vaqt davomida dengizda ushlab turilgan. Bu esa AQSHda harbiy yechimlar uchun imkoniyatlar juda cheklanganini anglatadi. Iqtisodiy bosim masalasida esa Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tranzit qatnovini izdan chiqarish orqali boshqalarga qanchalik jiddiy iqtisodiy zarar keltira olishini allaqachon ko‘rsatib qo‘ygan.

«Eron bu borada keskin harakat qilmoqda. O‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib, ular iyun oyida imzolangan memorandum shartlarini bajarmagani uchun Tramp ma’muriyatidan qattiq g‘azablangan. Ular Donald Trampni va xalqaro iqtisodiyotni jiddiy ter to‘kishga majbur qilmoqda», — dedi Slavin.

Slavinning ta’kidlashicha, u yoki bu tarzda, Eronga urush uchun tovon puli to‘lanishi va u Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan kengroq nazoratga ega bo‘lishi ehtimoli juda yuqori. Uning fikricha, bu mojaro «AQSHdagi oraliq saylovlardan so‘ng, ovoz berish jarayoniga ta’siri kamroq bo‘ladigan paytda, katta ehtimol bilan o‘zaro bitim tuzish orqali hal qilinadi».

Eron parlamenti spikeri Muhammad G‘olibof shanba kuni Tehronda jurnalistlarga bergan intervyusida, memorandum orqali Eron foydasiga qilingan yon bosishlar «g‘urur va g‘alaba manbai» ekanini aytdi.

«To‘la ishonch bilan ayta olamanki, biz bu urushda ham harbiy, ham siyosiy jihatdan haqiqiy g‘olib bo‘lib chiqdik», — deya ta’kidladi u.

Теглар

Мавзуга оид

60 kunlik sulh tugadi: AQSH va Eronni endi nima kutmoqda? | Vaqt.uz