Aholiga pul beriladi, pedofiliya uchun umrbod qamoq, «Tinchlik kengashi»ga milliardlar — hafta dayjesti

21.02.2026 | 19:596 дақиқа

Joriy hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan Vaqt.uz dayjestida batafsil tanishing.



Ramazon oyi boshlandi

19-fevraldan boshlab O‘zbekistonga Ramazon oyi kirib keldi.

O‘zbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq, Ramazon oyida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga qo‘shimcha bir martalik moliyaviy yordam ajratiladi.

Ijtimoiy reyestrdagi «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiruvchi xo‘jaliklar, shuningdek o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi fuqarolar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidagi fuqarolarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik yordam puli to‘lanadi. Bu chora Ramazon oyida ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, «kambag‘al oila» toifasiga kiritilgan hamda mahalla tomonidan qo‘shimcha ro‘yxatga olingan oilalarga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.

Qolaversa, Ramazon oyida ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash uchun  «Vaqf» fondiga 1,05 trln so‘m mablag‘ ajratildi.

G‘azo sektoriga 7, «Tinchlik kengashi»ga 10 mlrd dollar 

19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida «Tinchlik kengashi»ning dastlabki yig‘ilishida ishtirok etdi. 

Donald Tramp bu tuzilma BMTga yordam berishini aytdi va yangi tuzilmaga 10 mlrd dollar ajratishga tayyorligini bildirdi. Prezident bu miqdorni «urush xarajatlari bilan taqqoslaganda juda kichik» deb atadi.

Trampning ta’kidlashicha, Qozog‘iston, Ozarboyjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Kuvayt G‘azo sektoriga yordam uchun 7 mlrddan ortiq mablag‘ ajratgan. Indoneziya, Marokash, Albaniya, Kosovo va Qozog‘iston esa mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun harbiy va politsiya kuchlarini yo‘llamoqchi.

«Ishonchim komil, kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Tramp yig‘ilishda barcha mehmon yetakchilarni birma-bir tanishtirib chiqdi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni «mening do‘stim» deb atadi.

«O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev, u qayerda... qani u? Mana u, mening do‘stim. Sizning mamlakatingiz ajoyib ishlarni amalga oshirmoqda, siz ham ajoyib ishlayapsiz. Shunchaki muammosiz. Uni har gal ko‘rganimda, biz (rejalarimizni) yaxshi, muammosiz amalga oshiryapmiz, deb aytaman», — dedi Tramp bugungi Tinchlik kengashi yig‘ilishida.

Ma’lumotga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1 mlrd dollardan oshdi, O‘zbekiston bozorida AQSHning 340 ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.

Prezident administratsiyasida o‘zgarish

Prezident administratsiyasida kutilmagan kadrlar o‘zgarishi kuzatildi. Hilola Umarova Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi. U Saida Mirziyoyevaning ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari edi. Uning o‘rniga Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimiga Ilhom Siradjev tayinlandi.

2,5 yildan ortiq vaqt davomida vazirlikni boshqarib, 2025 yil iyul oyida Prezident administratsiyasiga o‘tgan Hilola Umarova nima sababdan rektorlikka qaytarilgani ma’lum emas. Qizig‘i shundaki, u Prezident administratsiyasida atigi 217 kun ishladi. Uning lavozimdan olingani sabablari ochiqlanmagan.

O‘ldiga chiqqan Imomali Rahmon

Bu hafta ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida Tojikiston prezidanti Imomali Rahmonning sog‘lig‘i yomonlashgani, hattoki vafot etgani haqida mish-mishlar tarqaldi.

Prezidentning ikki hafta davomida omma oldida ko‘rinmay qolishi bunday gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi: ba’zilar u ta’tilda ekanini, boshqalar esa Xitoyning Haynan oroliga davolanishga ketganini yozdi.

Rahbariyat rasmiylari bu xabarlarga darhol munosabat bildirmaganligi mish-mishlarning kuchayishiga olib keldi. Ammo oxir-oqibat tarqalgan ma’lumotlar tasdiqlanmadi. Prezident Imomali Rahmon 14-fevralda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Zou Jiayini qabul qildi, 15-fevralda esa Xitoy raisi Shi Jinpingni Xitoycha yangi yili bilan tabriklab, videotabrik e’lon qildi.

17-fevralda esa u Dushanbe shahrida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermak Kosherbayev va O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashdi.

Shu tariqa, Imomali Rahmon tirik va faol, davlat ishlarini davom ettirmoqda. U haqidagi vafot xabarlari yana bir bor haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi tasdiqlandi.

Tashiyev endi davlat lavozimlarida ishlamaydi

O‘tgan hafta Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining rahbari  Qamchibek Tashiyev va uning uch o‘rinbosari ishdan olingan edi. Bu hafta esa Prezident Sadir Japarov sobiq chekist endilikda davlat lavozimlarida ishlamasligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy munosabatlar yaxshi saqlanib qoladi, ammo u davlat xizmatidan dam olishi va sog‘lig‘iga e’tibor qaratishi kerak.

Men bahsli masalalarni tinch va ziddiyatlarsiz hal qilishni afzal ko‘raman. Do‘stlar do‘stligicha qoladi, lekin u hech qanday davlat xizmatida ishlamaydi. Dam olsin, sog‘lig‘iga qarasin. Atrofini tozalasin, «oqsoqollar va ko‘ksoqollar»dan xalos bo‘lsin.

Tergov xizmatlari hammasini aniqlab, tozalab beradi. Albatta, hozir u rahmat demaydi, xafa bo‘ladi. Ammo yillar o‘tib, «Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan», deb minnatdorlik bildiradi, dedi Japarov.

Qamchibek Tashiyev ishdan olingach, uning o‘rniga Shabdanbekov Jumg‘albek Kumarovich Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.

Forma masalasida bahslar

Yakunlanayotgan haftada oliy ta’lim tizimidagi tartib-intizom masalasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

16-fevral kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida forma kiymagan va darsga kech qolgan 100 dan ortiq talabalar mashg‘ulotlarga kiritilmagani haqida xabarlar tarqaldi. E’lon qilingan videoda magistrant Akmal Yo‘ldoshev galstuk taqmagani uchun darsga qo‘yilmagani aytilgani, bu holat kredit to‘lash va ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja vaziyatga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, talabalar galstuk sabab emas, balki darsga kechikkanlari uchun mashg‘ulotlarga kiritilmagan. Rektor o‘z bayonotida professor-o‘qituvchilarning ishga erta yetib kelishi va talabalarning mas’uliyati masalasiga alohida urg‘u berdi.

Shuningdek, u universitetda odob-axloq kodeksi mavjudligini, talabalar ushbu talablar bilan tanishib, ixtiyoriy ravishda shartnoma imzolashini qayd etdi.

«Agar universitet kimgadir bosim qilayotgan, talabaning ta’lim olishiga halaqit berayotgan bo‘lsa, o‘qimasin. Lekin men yana bir marta aytaman: O‘zJOKU universiteti talabalar uchun liberal va erkin», degan Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Voqea ortidan ijtimoiy tarmoqlarda bahslar davom etdi va mashmashalarning ertasiga — 17-fevral kuni Akmal Yo‘ldoshev o‘z sahifasida kostyum va bo‘yinbog‘da tushgan suratini e’lon qildi.

O‘zbekistonda pedofiliya uchun umrbod qamoq

Nihoyat O‘zbekistonda ko‘pchilik kutgan muhim qaror qabul qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan islohotlar dasturi va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturida ayollar va bolalarga qarshi zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish va pedofiliyaga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy qilish kabi choralar belgilandi.

Shu bilan birga, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari ishtirokini yo‘lga qo‘yish va korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish kabi tashabbuslar ham nazarda tutilgan.

Iqtisodiy va ekologik sohalarda ham yangiliklar bor: ipoteka va elektromobil xaridlarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Ushbu islohotlar jamiyatda xavfsizlik va huquqiy tartibni mustahkamlash, zaif qatlamlarni himoya qilishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Davlat dasturida bu 2026 yil 1-apreldan joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

«Mirzo Ulug‘bek» nomli sun’iy yo‘ldosh uchiriladi

O‘tgan haftada O‘zbekiston kosmik tadqiqotlarida muhim qadam tashladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbari birinchi milliy fazogirni tayyorlash va uni qisqa muddatli – 10-14 kunlik parvozga yuborish, shuningdek, ilmiy sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki ishlar haqida ma’lumot oldi.

Ta’kidlanishicha, sun’iy yo‘ldoshlar orqali tibbiyot, biologiya, o‘simliklar genetikasi va materialshunoslik sohalarida amaliyotda qo‘llaniladigan tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan.

2028 yilda «Mirzo Ulug‘bek» nomli ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish va Samarqandda xalqaro kosmos kongressini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish va kosmik texnologiyalarda hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Prezident mutasaddilarga barcha loyihalarni puxta tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

 

Теглар

Нозима Қаршибоева

Нозима ҚаршибоеваМақолалар сони: 44

Барчаси

Мавзуга оид