Logo

«Apple» ayrim qurilmalari narxini keskin oshirdi

Бугун 14:442 дақиқа

Avvalroq kompaniya bosh direktori Tim Kuk xotira chiplari keskin qimmatlashgani sabab kompaniya mahsulotlar narxini ko‘tarishga majbur bo‘layotganini aytgandi.

«Apple» ayrim qurilmalari narxini keskin oshirdi © yahoo.com

«Apple» xotira chiplari va ma’lumot saqlash qurilmalari narxining keskin qimmatlashishi ortidan iPad, Mac, Vision Pro va bir qator boshqa mahsulotlari narxini oshirdi. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.

Eng katta o‘zgarishlar noutbuklar qatorida kuzatildi. Xususan, MacBook Neo narxi 100 dollarga oshib, 699 dollarni tashkil etdi. 13 dyuymli MacBook Air 200 dollarga qimmatlab, 1299 dollarga yetdi. 14 dyuymli MacBook Pro 1699 dollardan 1999 dollarga, 16 dyuymli versiya esa 2499 dollardan 2999 dollarga ko‘tarildi. 15 dyuymli MacBook Air ham 1299 dollardan 1499 dollargacha qimmatladi.

Planshetlar ham narx oshishidan chetda qolmadi. Bazaviy iPad va iPad mini 100 dollarga qimmatlab, mos ravishda 449 va 599 dollardan sotilmoqda. 11 dyuymli iPad Pro 1199 dollarga, 13 dyuymli modeli esa 1499 dollarga yetdi.

Shuningdek, HomePod narxi 299 dollardan 349 dollarga, Apple TV pristavkasi 129 dollardan 199 dollarga oshirildi.

Vision Pro garniturasi esa endi 3699 dollardan taklif etilmoqda. Avval uning boshlang‘ich narxi 3499 dollar edi.

Ayni paytda kompaniya iPhone, Apple Watch va AirPods narxlarini o‘zgartirmagan. Biroq «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, kelgusida boshqa mahsulotlar narxiga ham tuzatishlar kiritilishi mumkin.

25-iyun kuni narxlar oshirilgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng «Apple» aksiyalari 6,2 foizga arzonlashib, 274,86 dollarga tushdi. Bu 2025 yil 10-apreldan buyon bir kunlik eng yirik pasayish hisoblanadi.

Avvalroq Tim Kuk Apple kompaniyasi xotira va ma’lumot saqlash mikrosxemalari narxining keskin oshishi fonida o‘z mahsulotlari narxini ko‘tarishga tayyorlanayotganligi haqida aytgandi.

Unga ko‘ra, xotira (DRAM) va ma’lumot saqlash (NAND) chiplari narxining keskin ko‘tarilishi ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada oshirgan.

«Afsuski, narxlarni oshirishning oldini olib bo‘lmaydi. Biz xarajatlarning oshishini imkon qadar yumshatishga va mijozlarimizni bundan himoya qilishga harakat qildik, ammo vaziyat endi barqaror emas», – dedi Kuk.

Теглар

Мавзуга оид