AQSH–Eron mojarosi: xavfli ssenariylar tahlili

Eron bilan qarama-qarshilik avj olgan sari, AQSHning harbiy rejalari amalda bajarilishi qiyin bo‘lgan ssenariylarga aylanmoqda.

AQSH–Eron mojarosi: xavfli ssenariylar tahlili

Turli taxmin va mish-mishlarga qaramay, Erondagi harbiy harakatlar tez orada yakunlanishidan dalolat beruvchi belgilar hozircha ko‘zga tashlanmayapti. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ittifoqchilarga vaziyatni o‘nglash uchun yana kamida to‘rt hafta muddat zarurligini ta’kidlamoqda. Donald Trampning Xitoyga tashrifi may oyining o‘rtalariga qoldirildi, vaholanki, ungacha ushbu inqirozni bartaraf etish rejalashtirilgan edi. Eron esa o‘z navbatida murosaga kelish niyatida emas. Tehron nafaqat asosiy masalalarda yon bosmayapti, balki tovon puli to‘lanishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlab qolish kabi keskin talablarni ilgari surmoqda.

Bunday sharoitda urushdan chiqish Tramp uchun taslim bo‘lish bilan barobardir. Bu esa noyabr oyidagi oraliq saylovlarda u uchun haqiqiy halokatga aylanadi. Shuningdek, bu holat AQSHning Yaqin Sharqdagi mavqeiga jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, Vashingtonda vaziyatni yanada keskinlashtirish va quruqlikdagi harbiy amaliyotlarga hozirlik ko‘rishdan o‘zga chora qolmayapti.

1

Biroq AQSH hozircha bu uchun ko‘pi bilan 20 ming kishilik qo‘shinga ega. Hatto ayrim ittifoqchilarning qo‘shilishi ham (ayni damda faqat BAA va Uganda bunga tayyorligini ma’lum qilgan) mavjud harbiy kontingentni sezilarli darajada kuchaytira olmaydi. Isroilning ham imkoniyatlari cheklangan: bir tomondan «Hizbulloh»ning faollashgani, ikkinchi tomondan XAMASning hali to‘liq mag‘lub etilmagani vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

20 ming kishilik kontingent bilan AQSH Eronga nisbatan keng ko‘lamli harbiy intervensiyani, ayniqsa, mamlakatni to‘liq okkupatsiya qilish amaliyotini amalga oshira olmaydi. Taqqoslash uchun, Iroq urushiga 170 ming kishi safarbar etilgan edi. Shu bois, faqat cheklangan, qisqa muddatli va muayyan maqsadlarga yo‘naltirilgan, hududni uzoq vaqt nazorat qilishni ko‘zda tutmaydigan amaliyotlargina haqiqatga yaqin.

Voqealar rivojining eng ehtimoliy to‘rtta asosiy ssenariysi kutilmoqda:

  • Eron neft eksportining 99 foizi yo‘naltiriladigan Xark orolini va boshqa bir qator strategik ahamiyatga ega orollarni nazoratga olish;

  • Kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash hamda qirg‘oqdagi raketa tizimlari, dron va radiolokatsiya stansiyalarini yo‘q qilish maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqiniga cheklangan miqdorda desant tushirish;

  • Muayyan yadro yoki raketa obyektlarini zararsizlantirish, portlatish, muhim materiallarni olib chiqish yoki aviazarbalar natijasini tasdiqlash uchun maxsus reydlar uyushtirish;

  • Yirik port yoki neft terminalini vaqtincha egallab, jangovar vazifa bajarilgach, hududni tez fursatda tark etish.

Xark orolidan tashqari, mintaqadagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining boshqa tayanch nuqtalari ham nishon bo‘lishi mumkin. Masalan, Fors ko‘rfazidagi eng yirik (uzunligi 135 km, kengligi 40 km) Qeshm oroli bo‘lib, eronliklar u yerda mustahkam mudofaa infratuzilmasiga ega haqiqiy yer osti raketa bazasini barpo etgan. Yoki bo‘g‘ozning eng tor qismida joylashgan, qo‘mondonlik-kuzatuv punkti va dengizni minalash bazasi sifatida foydalaniladigan Larak oroli. BAAga eng yaqin joylashgan yana bir nuqta — Abu-Musa oroli bo‘lib, u bo‘yicha BAA va Eron o‘rtasidagi hududiy nizo haligacha hal etilmagan. AQSH bir vaqtning o‘zida barcha orollarni qo‘lga kirita olmaydi, bunga uning kuchi yetmaydi.

2

Eng ko‘p muhokama qilinadigan holat - Xark oroliga hujum. Biroq bu ham juda qaltis amaliyot bo‘lib, taktik yo‘qotishlar xavfi yuqori, AQSH jamiyati esa bunday talafotlarga mutlaqo toqat qila olmaydi. Asosiy muammo shundaki, orol Eron qirg‘oqlariga juda yaqin (25 km gacha) joylashgan bo‘lib, Eron raketalari, dronlari va boshqa zarba berish vositalari yetib boradigan masofada turadi.

Orolning nazoratga olinishi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasini to‘liq hal etishga kafolat bermaydi (chunki orol bo‘g‘ozdan 450 km janubda joylashgan). So‘nggi vaqtlarda Eron orol mudofaasini qo‘shimcha qo‘shinlar, havo hujumidan mudofaa vositalari va minalar bilan kuchaytirdi. Hatto desant tushishi mumkin bo‘lgan hududlarga minalar joylashtirilgan. Bu esa hatto orolga tushish bosqichidayoq talafotlar ehtimolini oshiradi.  

Orol egallangan taqdirda ham, Eronning tinimsiz hujumlari sharoitida garnizonga dengiz va havo yo‘llari orqali ta’minot yetkazib turish zarurati tug‘iladi. Bu esa o‘z navbatida «operativ qopqon» xavfini keltirib chiqaradi: AQSH obyektni tez fursatda nazoratga olishi mumkin, biroq o‘z nufuziga putur yetkazmasdan yoki qo‘shimcha kuch safarbar qilmasdan turib, mazkur vaziyatdan osongina chiqib keta olmaydi. Agar Eron orolga va ta’minot yo‘laklariga muntazam zarbalar berishni boshlasa (bu esa muqarrar), Vashington yo harbiy kontingentni kengaytirishga, yoki chekinishga majbur bo‘ladi. Har ikki holat ham jiddiy siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarishi tayin.

Xark oroliga hujum uyushtirilishi Eronning butun mintaqa bo‘ylab keng ko‘lamli qasos kampaniyasini boshlab yuborishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu jarayon, birinchi navbatda, AQSHning Fors ko‘rfazidagi arab ittifoqchilariga beriladigan zarbalarning keskin kuchayishida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, Suvaysh kanalining «janubiy darvozasi» hisoblangan Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopib qo‘yishga qodir Yaman husiychilarining nizoga faol qo‘shilishi vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

Agar shunga qaramay, quruqlikda cheklangan harbiy operatsiya o‘tkazish haqida qaror qabul qilinsa, asosiy zarba beruvchi kuch vazifasini dengiz piyodalari bajaradi. Ular desant bo‘linmalari va AQSH Markaziy qo‘mondonligi ixtiyoridagi mintaqaviy infratuzilma bilan kuchaytiriladi.

Bunga javoban Eron armiyasi bo‘linmalari, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va «Basij» ko‘ngillilar guruhlari darhol safarbar qilinadi (Eronda safarbarlik allaqachon e’lon qilingan).

Natijada Vashington uchun faqat ayrim strategik obyektlarga aniq yo‘naltirilgan zarbalar berish bilan cheklanishdan o‘zga chora qolmaydi. Shundan so‘ng ular yo «g‘alaba» haqida jar solib, Tehron bilan muayyan kelishuvlarga erishishga urinadi, yoki topshiriqni bajarib bo‘lmasligini tan olishga majbur bo‘ladi.

Теглар

Мавзуга оид