AQSH Eronga bog‘liq kriptoaktivlarni muzlatdi

Кеча 21:352 дақиқа

Vashington Tehronga iqtisodiy bosimni kuchaytirish maqsadida 344 million dollarlik kriptovalyuta aktivlarini muzlatdi.

AQSH Eronga bog‘liq kriptoaktivlarni muzlatdi © en.coin-turk.com

AQSH Moliya vazirligi 24-aprel kuni Eron bilan aloqador bir nechta kriptovalyuta hamyonlariga sanksiyalar joriy etilganini ma’lum qildi. Moliya vaziri Skott Bessentning ta’kidlashicha, mamlakat tashqarisiga olib chiqilishi mumkin bo‘lgan barcha mablag‘lar qat’iy nazorat ostida bo‘ladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, global kriptooperatsiyalar bilan shug‘ullanuvchi Tether kompaniyasi AQSH hukumati bilan hamkorlik qilib, noqonuniy harakatlarga aloqador deb topilgan ikki manzildagi jami 344 million dollarlik aktivlarni muzlatgan.

AQSH rasmiylariga ko‘ra, blokcheyn tahlillari ushbu mablag‘larning Eron rejimi bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan. Xususan, operatsiyalar Eron kriptobirjalari va Eron Markaziy bankiga tegishli raqamli hamyonlar orqali amalga oshirilgani aytilmoqda.

Eron kriptoaktivlardan nima maqsadda foydalanmoqda?

Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, Eron milliy valutasi — riyolni barqarorlashtirish va tashqi savdoni davom ettirish maqsadida kriptovalyutalardan faol foydalanmoqda. Shuningdek, Rossiya va Shimoliy Koreya kabi davlatlar ham sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun raqamli aktivlarga ko‘proq murojaat qilmoqda.

«Chainalysis» tahlillariga ko‘ra, 2025 yilda Erondagi kriptoaktivlar hajmi 7,8 milliard dollarga yetgan. Shu kuni AQSH Xitoydagi Eron neftini qayta ishlagan mustaqil zavodga ham sanksiya joriy qildi. Bu choralar Vashingtonning Tehronga iqtisodiy bosim strategiyasining bir qismi sifatida baholanmoqda.

2025-yili Isroilning Eronga harbiy zarbalari fonida hakerlar Eronning eng yirik kriptobirjasidan qariyb 90 million dollar o‘g‘irlagan edi.

Теглар

Мавзуга оид