AQSH Eronga uchinchi aviatashuvchi kemasini yubordi: ular Eron neftini «tortib olmoqchi»

08.03.2026 | 08:252 дақиқа

Mintaqaga «George H.W. Bush» uchinchi aviatashuvchi guruhi yuborilishi fonida AQSH rasmiylari Tehronning energiya resurslari ustidan boshqaruv o‘rnatilishini ochiq e’lon qilmoqda.

AQSH Eronga uchinchi aviatashuvchi kemasini yubordi: ular Eron neftini «tortib olmoqchi»

AQSH Energetika ustuvorligi bo‘yicha milliy kengash direktori Jarrod Eygen «Fox Business» telekanaliga bergan intervyusida Vashington Eron neft zaxiralarini nazorat ostiga olishni rejalashtirayotganini bildirdi.

«Bizning maqsadimiz — Erondagi ulkan neft zaxiralarini terrorchilar qo‘lidan tortib olish», — dedi prezident yordamchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yurituvchi Eygen.

Uning ta’kidlashicha, bu Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib beriladigan neft bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etish imkonini beradi.

Oq uy vakili o‘z so‘zlariga isbot sifatida Venesuela misolini keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH harakatlari natijasida Venesuelada neft qazib olish hajmini tez fursatda oshirishga erishilgan. Xususan, Amerikaning «Chevron» kompaniyasi atigi ikki oy ichida u yerda ishlab chiqarish bo‘yicha rekord natijaga chiqqan. Ushbu bayonotlar AQSH Harbiy-dengiz kuchlari uchinchi aviatashuvchi guruhini Yaqin Sharqqa yuborishga tayyorligini e’lon qilgan paytda yangradi.

 

Harbiy kuchlarning safarbar etilishi

5-mart kuni «USS George H.W. Bush» aviatashuvchi kemasi va uning hamrohligidagi harbiy kemalar hamda uchoqlar guruhi «milliy miqyosdagi missiyalarda» ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan mashg‘ulotlarni yakunladi. Fevral oyi boshida Virjiniya qirg‘oqlarida bo‘lgan ushbu aviatashuvchi guruh endi Yaqin Sharq mintaqasiga o‘tkazilishini kutmoqda.

Hozir mintaqada AQSHning «Abraham Lincoln» va «Gerald R. Ford» aviatashuvchi kemalari boshchiligidagi ikkita zarbdor guruhi harakat qilmoqda. «USNI News» va «Marine Tracker» ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi guruh Arabiston dengizida, ikkinchisi esa Qizil dengizda joylashgan. Uchinchi guruhning kelishi AQSHning mintaqadagi harbiy ishtirokini yanada kuchaytiradi.

 

Strategik maqsadlar

«The Wall Street Journal» nashrining yozishicha, «George H.W. Bush» kemasiga Yaqin Sharqqa joylashish haqidagi buyruq fevral oyi boshidayoq berilgan edi. Vashingtonning bunday harakatlari Eronning energiya resurslarini nazorat qilish va mintaqadagi harbiy ustunlikni ta’minlashga qaratilgan.

Bugunga kelib AQSH nafaqat harbiy bosimni oshirmoqda, balki Eronning iqtisodiy asosi bo‘lgan neft sektorini qayta taqsimlash bo‘yicha o‘z rejalarini ochiq bayon etmoqda. Bu esa Yaqin Sharqdagi keskinlikni yangi bosqichga olib chiqishi va global energiya bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид