AQSH Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi
Suriya 1979-yildan beri AQSHning terrorizm homiylari ro‘yxatida edi. Mazkur maqom mamlakatning tashqi yordam olishi, mudofaa sohasidagi savdo va xalqaro moliyaviy operatsiyalarda ishtirokini cheklab kelgan.

AQSH Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan rasman chiqardi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qaror AQSH Kongressidagi 45 kunlik ko‘rib chiqish jarayoni yakunlanganidan so‘ng kuchga kirgan. Prezident Donald Tramp 8-iyul kuni Kongressni Suriyaning mazkur maqomini bekor qilish niyati haqida rasman xabardor qilgan edi.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio qaror Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa hukumati xalqaro terrorizmdan uzoqlashish bo‘yicha amalga oshirgan choralar va olgan majburiyatlari inobatga olingan holda qabul qilinganini ma’lum qildi.
Investitsiyalar uchun yangi imkoniyat
Suriya Tashqi ishlar vaziri As’ad ash-Shayboni AQSH qarori mamlakatning jahon moliyaviy va iqtisodiy tizimiga qayta integratsiyalashuvida muhim qadam bo‘lishini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur qaror xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish, mamlakatda biznes yuritish va urushdan vayron bo‘lgan iqtisodiyotni tiklash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
«Endi Suriyada investitsiya kiritish, biznes yuritish va iqtisodiyotni tiklash yulidagi asosiy to‘siq bartaraf etildi», dedi As’ad ash-Shayboni.
Suriya hukumati qariyb 14 yillik urushdan keyin mamlakat infratuzilmasi va iqtisodiyotini qayta tiklash uchun milliardlab dollar miqdoridagi sarmoyalarni jalb qilishga umid qilmoqda. AQSHning ushbu qarori esa banklar va xalqaro investorlar uchun huquqiy hamda moliyaviy xavflarni kamaytirishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Suriya 1979 yildan buyon AQSHning terrorizm homiylari ro‘yxatida edi. Vashington o‘sha vaqtda sobiq prezident Hofiz Asad hukumatini qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Bu maqom uning o‘g‘li Bashar Asad prezidentligi davrida ham saqlanib qoldi. Bashar Asad 2024-yil dekabr oyida Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar tomonidan hokimiyatdan ag‘darilgan.
AQSHning terrorizm homiylari ro‘yxatida endi Kuba, Eron va Shimoliy Koreya qoldi. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan davlatlarga nisbatan AQSH tashqi yordami, mudofaa mahsulotlari eksporti va ayrim moliyaviy operatsiyalarga jiddiy cheklovlar qo‘llanadi.
Tramp ma’muriyati 2025-yil iyul oyida Suriyaga nisbatan keng qamrovli sanksiyalarni bekor qilgan edi. Biroq Bashar Asad va uning yaqinlari, huquqbuzarliklarda ayblangan shaxslar, narkotrafikchilar, ISHID va «Al-Qoida»ga aloqador guruhlar hamda Eron vakillariga qarshi maqsadli sanksiyalar saqlab qolingan.





