AQSH Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kuch yubordi

05.03.2026 | 09:182 дақиқа

AQSH mudofaa vaziri mintaqadagi operatsiyalar kuchaytirilayotgani va qo‘shimcha aviatsiya kuchlari jo‘natilganini ma’lum qildi.

AQSH Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kuch yubordi

AQSH Yaqin Sharqqa qo‘shimcha harbiy kuchlar yuborishni boshladi. Bu haqda AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset Pentagonda 4-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy kompaniyasi hali boshlanish bosqichida va operatsiyalar yanada kengayishi mumkin.

«Biz sekinlashmayapmiz, aksincha, tezlashyapmiz... Bugunning o‘zida yana bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar yetib kelmoqda», degan mudofaa vaziri jurnalistlarga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH armiyasi 226 kg, 453 kg va 900 kg og‘irlikdagi aviatsiya bombalarining katta zaxiralaridan foydalanishi mumkin. Xegset Isroil va AQSH harbiylari havodan uzluksiz zarbalar berishi mumkinligini ham aytdi.

Eronda vafot etganlar soni

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganiga besh kun bo‘lgan bir paytda vazirning bu bayonotlari xalqaro miqyosda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Eronning «Tasnim» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 28-fevraldan beri mamlakat bo‘ylab kamida 1045 kishi halok bo‘lgan.

Xalqaro huquq mutaxassislari mazkur hujumlarni BMT nizomi va xalqaro huquq me’yorlarining buzilishi sifatida baholab, uni keskin tanqid qilmoqda. Gumanitar tashkilotlar esa urushning tinch aholiga ta’siri ortib borayotganidan xavotir bildirmoqda.

Aholining to‘rtdan uch qismi Tehronni tark etgan

«Al Jazeera» telekanali muxbirining ma’lum qilishicha, Tehrondagi havo zarbalari asosan tinch aholiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Uning aytishicha, shahar aholisining qariyb to‘rtdan uch qismi xavfsizlik sababli Tehronni tark etgan.

Shu bilan birga, Tehron ham hujumlarga javob qaytarmoqda. Eron mintaqadagi AQSH harbiy bazalari va unga aloqador obyektlarga raketa hamda dronlar uchirmoqda. Ayrim zarbalar Fors ko‘rfazi hududidagi neft va gaz infratuzilmasiga qaratilgani xabar qilindi.

Mutaxassislar bu holat jahon energetika bozorida uzilishlar yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirganini ta’kidlamoqda.

Теглар

Мавзуга оид