AQSHdan 26 o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi
Donald Tramp prezident bo‘lganidan beri 1000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qilgan.
© eldiariony1-may kuni Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonga deportatsiya reysini amalga oshirib, mamlakatda qolish uchun qonuniy ruxsatga ega bo‘lmagan 26 nafar O‘zbekiston fuqarosini qaytarib yubordi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, ushbu parvoz Qo‘shma Shtatlarning o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari doirasidagi navbatdagi tadbirlardan biridir. Prezident Tramp lavozimga kirishganidan buyon Qo‘shma Shtatlar noqonuniy immigratsiyaga chek qo‘yishga hamda o‘z chegaralari va fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan o‘z majburiyatlari doirasida 1000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qilgan.
«Qo‘shma Shtatlar hududiga noqonuniy kirgan shaxslar qamoq jazosiga tortiladi va mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Qo‘shma Shtatlar AQSHning deportatsiya tadbirlarini o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘zining chuqur minnatdorligini bildiradi», – deyiladi elchixona press-relizida.
Oldingi deportatsiya reyslari
AQSH 11-mart kuni ham O‘zbekistonga deportatsiya reysini amalga oshirib, 72 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqargandi.
2026-yil 21-yanvar kuni ham AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan 44 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilingan edi.
2025-yil 7-sentabr kuni esa AQSH hukumati mamlakatda qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan 39 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qilgan.





