AQSHning ayrim ittifoqchilari Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha talabini rad etdi

Fridrix Mers AQSH va Isroil urushni boshlashdan oldin Germaniya bilan maslahatlashmaganini aytdi. Tramp esa u kabi ittifoqchilardan norozi. Shuningdek, AQSH prezidenti Eronning qo‘shni davlatlarga qarshi javob zarbalari kutilmagan bo‘lganini va bunda shokda qolganini bildirdi.

AQSHning ayrim ittifoqchilari Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha talabini rad etdi

AQSH prezidenti Donald Tramp ayrim G‘arb ittifoqchilarini minnatdor emaslikda aybladi. Bunga sabab bir qator davlatlar uning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan neft tankerlarini qo‘riqlash uchun harbiy kemalar yuborish haqidagi talabini rad etgani bo‘ldi. Shu paytda Eron Fors ko‘rfazida neft infratuzilmasiga hujumlarni davom ettirmoqda.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi uchinchi haftaga kirdi va uning yakunlanishi hali ko‘rinmayapti. Dunyo nefti va suyultirilgan gazining taxminan 20 foizi o‘tadigan strategik Ho‘rmuz bo‘g‘ozi asosan yopiq holda qolmoqda. Bu esa energiya narxlarining oshishi va inflatsiya xavotirlarini kuchaytirmoqda.

AQSHning bir qator hamkorlari, jumladan Germaniya, Ispaniya va Italiya hozircha bu strategik suv yo‘lini qayta ochish uchun kemalar yuborish rejasi yo‘qligini bildirdi. Bu bo‘g‘ozni Eron dronlar va dengiz minalari orqali amalda yopib qo‘ygan.

«Bizda Asosiy qonunga muvofiq talab qilinadigan BMT, Yevropa Ittifoqi yoki NATO mandati yo‘q», – Germaniya kansleri Fredrix Mers Berlindagi chiqishida.

U, shuningdek, Vashington va Isroil urushni boshlashdan oldin Germaniya bilan maslahatlashmaganini qo‘shimcha qildi.

Vashingtondagi Oq uy tadbirida so‘zlagan Tramp ayrim davlatlar yordam berishga tayyorligini bildirganini aytdi, ammo uzoq yillik ittifoqchilardan ayrimlaridan norozi ekanini yashirmadi.

«Ba’zilari juda katta ishtiyoq bilan yondashmoqda, ba’zilari esa yo‘q. Ayrimlari biz uzoq yillar davomida yordam berib kelgan davlatlar. Biz ularni tashqi xavflardan himoya qildik, lekin ular unchalik ishtiyoqli emas. Men uchun aynan shu ishtiyoq darajasi muhim», – dedi u aniq misollar keltirmasdan.

image_2026-03-17_11-17-02

Dronlar va raketalar butun mintaqa bo‘ylab hujum qilmoqda

Bugun, 17-mart kuni ertalab har ikki tomon hujumlarni to‘xtatmadi. Isroil Tehron bo‘ylab «Eron rejimi infratuzilmasi»ga, shuningdek, Bayrutdagi «Hizbulloh» obyektlariga zarba berayotganini ma’lum qildi. Bu bayonotdan bir kun oldin Isroil kamida yana uch haftalik urush uchun batafsil rejalar tuzganini aytgan edi.

Eron esa tun davomida Isroilga qarshi hujumlar uyushtirdi. Bu, urush boshlanganiga ikki haftadan oshgan bo‘lsa-da, Tehron hali ham uzoq masofali zarbalar berish qobiliyatiga ega ekanini ko‘rsatdi. Shuningdek, u Birlashgan Arab Amirliklarini ham nishonga oldi, hujumlar oqibatida havo hududi vaqtincha yopildi va Fujayra shahridagi neft obyekti ikkinchi kun ketma-ket dron zarbasiga uchradi.

16-mart kuni odatda dunyodagi eng gavjum aeroportlardan biri bo‘lgan Dubay xalqara aeroporti bir necha soatga yopildi. Fujayrada neft yuklash ishlari to‘xtatildi, Abu Dabidagi Shah gaz konidagi faoliyat esa dron hujumlaridan so‘ng to‘xtatildi.

Eron ma’lum qilishicha, dam olish kunlari Xarg orolidagi harbiy obyektlarga qilingan AQSH zarbalari BAA hududidan amalga oshirilgan. Shu bois Tehron agar boshqa davlatlar hududidan shunday hujumlar amalga oshirilsa, ularning neft va gaz infratuzilmasini nishonga olishini ogohlantirdi.

Shuningdek, Eron Yaqin Sharqdagi AQSHga tegishli sanoat obyektlarini ham nishonga olishini bildirib, bunday korxonalar yaqinida yashovchilarni hududni tark etishga chaqirdi.

Iroq xavfsizlik manbalariga ko‘ra, 17-mart kuni ertalab Bog‘doddagi AQSH elchixonasiga raketa va kamida beshta dron orqali hujum qilindi. Bu urush boshlanganidan beri eng kuchli hujum sifatida baholanmoqda. Ikki nafar AQSH rasmiysi hozircha jabrlanuvchilar haqida ma’lumot yo‘qligini aytdi.

«Hech kim bundayini kutmagan edi. Biz shokda qoldik»

Donald Tramp 16-mart kuni ertalab Eronning qo‘shni davlatlarga, jumladan Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Kuvaytga qarshi javob zarbalari kutilmagan bo‘lganini aytdi.

«Ular (Eron) Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga hujum qilmasligi kerak edi. Hech kim bundayini kutmagan edi. Biz shokda qoldik», – dedi u.

Biroq, AQSH rasmiysi va razvedka ma’lumotlaridan xabardor ikki manbaga ko‘ra, Eronga hujum qilish AQSHning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga qarshi javob zarbalariga olib kelishi mumkinligi haqida oldindan ogohlantirilgan edi.

17-mart kuni ertalab neft narxlari ta’minot bo‘yicha xavotirlar tufayli 2 foizdan ko‘proq oshdi va oldingi kungi yo‘qotishlarni qisman qopladi. Shu bilan birga, Osiyo bozorlari ham dushanba kungi pasayishdan so‘ng tiklana boshladi.

Urush boshlanganidan beri, ya’ni 28-fevralda AQSH va Isroil Eronga hujum qilganidan buyon, Yaqin Sharq bo‘ylab kamida 2000 kishi halok bo‘lgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiyning ma’lumotiga ko‘ra, ular orasida kamida 200 nafar bola bor.

Теглар

Мавзуга оид