AQSHning «Oltin qubba» tizimi 1,5 trln dollarga tushishi mumkin
17.05.2025 | 13:303 дақиқа
AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan «Oltin qubba » raketaga qarshi mudofaa tizimi AQSHga 1,5 trln dollardan ziyodga tushishi mumkin. Loyiha hozircha rivojlantirish bosqichida bo‘lib, keng ko‘lamli moliyaviy ta’minot talab etilyapti.

Air & Space Forces xabar berishicha, AQSH Kosmik kuchlari shtabi boshlig‘i general Bredli Chens Zalsman milliy xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada so‘zlab, «Oltin qubba » deb nomlangan yangi raketalarga qarshi mudofaa tizimi loyihasi haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha uchun hozirda ajratilgan 542 mlrd dollarlik byudjet yetarli emas.
Ushbu tizim Xitoy va Rossiya kabi raqib davlatlardan kelayotgan hipertovushli raketalar va murakkab xavf-xatarlarni aniqlash, kuzatish va yo‘q qilish uchun past va o‘rta orbitaga joylashtiriladigan sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘ini yaratishni nazarda tutadi.
Zalsmanning ta’kidlashicha, dastur hozirda dastlabki rejalashtirish bosqichida. U shakllantirilgandan so‘ng, hujjat AQSH mudofaa vaziri Pit Gegsetga taqdim etiladi va keyinchalik Oq uyda tasdiqlanadi.
Mazkur loyiha 1980-yillardagi Ronald Reyganning «Strategik mudofaa tashabbusi» (yoki «Yulduzli urushlar») dasturi bilan solishtirilmoqda. O‘shanda ham AQSH yadroviy hujumdan himoya tizimini barpo etmoqchi bo‘lgan, biroq tashabbus katta xarajatlar va texnik cheklovlar tufayli to‘xtatilgan edi.





