«Asakabank»ni xususiylashtirish tezlashtiriladi

Бугун 17:353 дақиқа

Bankning asosiy faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan va qo‘shimcha yuklangan har qanday faoliyat turi va vazifalar bajarilishi to‘xtatiladi.

«Asakabank»ni xususiylashtirish tezlashtiriladi

«Asakabank» aksiyadorlik jamiyatini xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–149-son, 20.04.2026 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, barcha bank amaliyotlari bozor (tijorat) tamoyillari, zamonaviy bank amaliyoti va xatarlarni boshqarish tizimi talablaridan kelib chiqqan holda bankning ichki siyosati asosida amalga oshiriladi.

Bankning asosiy faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan va qo‘shimcha yuklangan har qanday faoliyat turi va vazifalar bajarilishi to‘xtatiladi.

Xususan, bank ixtiyoridagi sobiq «Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ mulkiy majmuasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi. Ushbu aktivning qiymati keyinchalik xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan bankka kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, umumiy qiymati 382,6 mlrd so‘mga teng bo‘lgan qator investitsiya loyihalari va ulushlar, jumladan «Yashil Energiya», «Uz CLAAS Agro» va «Khorezm Invest Project» kabi korxonalar ham keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan agentlikka topshiriladi.

Bundan tashqari, bank ishtirokida moliyalashtirilishi rejalashtirilgan 780 mlrd so‘mlik farmatsevtika yo‘nalishidagi startaplar — «Asaka Farm Venchurs» va «Asaka Farm Invest» — UzVC milliy venchur fondiga o‘tkazilib, davlat budjeti hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Kapital va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

Davlat tomonidan bankni moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun 2026 yilda 95 mln dollar miqdorida kapital qo‘yilmasi ajratiladi. Muammoli kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlar ham davlat resurslari hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga, 2024–2025 yillar uchun dividendlar to‘lanmaydi va sof foyda qayta investitsiya qilinadi.

Majburiyatlar qayta ko‘rib chiqiladi

Aktivlar sifatini tahlil qilish natijalarini inobatga olgan holda bank aksiyalarining nominal qiymatini bozor qiymatiga moslashtirishda yuzaga kelgan tafovut uning qo‘shilgan kapitaliga kiritiladi, ya’ni davlat organlarining bank oldidagi qariyb 1,98 trln so‘mlik qarzlari ustav kapitaliga aylantiriladi.

Davlat banklarining xususiylashtirish jarayonlari

2024 yil 27-dekabrda Prezident bir nechta davlat banklarini xususiylashtirishning so‘nggi muddatlarini uzaytirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagandi. Unda «Asakabank», «O‘zsanoatqurilishbank» (SQB) va «Aloqabank»dagi davlat ulushlarini sotish muddatlari 2025 yilga ko‘chirilgan.

O‘zbekistondagi ikkinchi yirik bank hisoblangan «O‘zsanoatqurilishbank»dagi barcha davlat ulushini 2022 yil oxirigacha, keyinchalik esa 2023 yil oxirigacha savdoga chiqarish rejalashtirilgandi. Shundan so‘ng 2024 yil oxirigacha xususiylashtirish orqali bankdagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirishga qaror qilindi, ammo bu amalga oshmadi.

2025 yil iyul oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilingan 2026–2028 yil uchun fiskal strategiyada 4 ta bankni xususiylashtirish kechiktirilishi ma’lum qilingandi. Bunda «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirish 2025–2026 yillarda amalga oshirilishi kutilsa, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank» esa 2026–2027 yilgacha kechikishi belgilangan. 

«Asakabank»ning xususiylashtirish muddati esa 2023 yil oxiridan 2025 yil oxirigacha surilgan. 2024 yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan «Asakabank»ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

Shundan so‘ng, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida «Asakabank»ning 15 foiz aksiyasini sotib olgan va 2026 yilda davlat banki aksiyadorlari tarkibiga kirishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, fiskal strategiyada 2026-2028 yillarda hukumat ayrim davlat banklarini xususiylashtirmaslikka qaror qilgani keltirilgan edi. Jumladan, «Milliy bank», «Agrobank», «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» davlat ulushi saqlangan holda faoliyat yuritishda davom etishi belgilandi. 

2030 yilgacha ushbu banklardan yana biri davlat ixtiyoridan chiqariladi. Hozirda aynan qaysi bankligi ma’lum qilinmagan.

Теглар

Мавзуга оид