“Atrofimdagilar meni aldashdi” — “Real Sanjik” ishi bo‘yicha sudda uchinchi kun

Бугун 12:559 дақиқа

Sudlanuvchi Karimov JKning 112 moddasidagi ayblov bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Jahl ustida jabrlanuvchini haqorat qilib, uning hayotiga real xavf tug‘dirmaganini aytdi. Buni ikkita mashina va uy uchun sarflagan pullaridan ajralib qolishidan qo‘rqib aytganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Jamila Olimboyeva guvoh sifatida so‘roq qilindi.

“Atrofimdagilar meni aldashdi” — “Real Sanjik” ishi bo‘yicha sudda uchinchi kun

17-aprel kuni JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida “Real Sanjik” ishi bo‘yicha uchinchi sud majlisida dastlab, sudlanuvchi Sanjar Karimov o‘ziga qo‘yilgan ayblov JKning 112 moddasi bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Karimovga ko‘ra, 2024 yil 7-avgust kuni  Olimboyevlarning uyi uning nomiga rasmiylashtirilgan. Avgust oxirida uning yoniga ushbu oila kelib, qizining bo‘lajak eri yo‘qolib qolganini va ularga katta miqdorda pul bilan zarar yetkazganini aytgan.

“Men notariusda o‘z pullarimni uyga almashtirdim. Rahmatullo, Shahzod menga 2 ta avtomobil qoldirgan edi. Mashinalar egalaridan biri mashina meniki edi, menga mashinani qaytarib bering, deb aytdi telefon qilib. “Texpasport”ini qarasam, rostdan ham shu odam. U “aka, mashinamni qaytarib bermasangiz, men “ugon” qilaman va sizni “ugon”ga tortadi”, deb aytdi. Qonun doirasida mashina axir unga tegishli. Shu sababli men berib yuborishga majbur bo‘ldim, o‘zidan tilxat ham yozdirib oldim. Yuzlashtiruv paytida ham Feruza Rahmatullayevaga ham Abdusamad degan yigit savol bergan, o‘tgan ishda. Siz, o‘g‘lingiz minib yurgan mashinani olib ketganmisiz deganda, “ha” deb u olib ketganligini Rahmatullayevaga ham aytib o‘tgan. Shundan so‘ng o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomobil, BMW M3 ni tashlab ketyaptida menga, “texpasport”da o‘ziga tegishli, o‘zining nomida. Menga bir inson telefon qilib aytyaptiki, u mashina men sotib olganman, dedi. Men aytyapmanki, qanaqa qilib, agar “texpasport”da, hujjatida mashina unga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, sizga emas desa, “aka, men kelayin oldingizga”, deb kelib, tilxat bilan oldi-sotdini ham ko‘rsatib, sizga taqdim etamiz. Aytyaptiki, mana men bu mashinani sotib olganman, deb. Ya’ni, menga tashlab ketgan paytida Shahzod mashinani o‘zi sotib ham bo‘lgan ekan. Keyin Olimboyevlar oilasi kelyapti. Bizni aldab ketdi Rismatov deb. Bu yerdan tashlab ketgan ikkita mashina ham yo‘q. Atrofimdagilar meni aldashayotganini tushuna boshlayapman. Men o‘zimning pulimga tashvishlana boshladim”, deydi sudlanuvchi Sanjar Karimov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Olimboyevalar uning oldiga keladi. Ular Rismatovning onasi Feruza Rahmatullayeva uyini sotib, pulini qilib berishini aytadi. Ular Rismatov qayerdaligini aniqlash uchun Rahmatullayevaning telefon raqamini bergan. Sudlanuvchi undan avval Feruza Rahmatullayevaning telefon raqamini bilmagani, hayotda hech qachon tanish bo‘lmaganini aytdi.

“Suhbat davomida Feruza Rahmatullayeva aytyaptiki: men hozir uyimni sotganman. U Shahlo Olimbayevaning qizi Jamilaga tushuntirgan, uyini sotib, o‘sha 200 ming dollarni ularga berib yuboraman degan. Ammo, hozir uyi garovga qo‘yilgani, noyabrgacha 500 ming olaman degan joyi bor. Men e’tiroz bildirganim, men bu ishni noyabrgacha kutolmayman. Men noyabrgacha yo bu oila a’zolarini sizlarning uyingizga jo‘natib yuborishga majbur qilaman yoki nimadir, siz qandaydir chora ko‘rishingiz kerak edi. Men jahl ustida, meni o‘zimdan chiqarishdi, men katta miqdordagi pulni yo‘qotishdan qo‘rquvda edim. Va shuning uchun bizning Rahmatullayeva bilan suhbatimizda og‘zaki janjal kelib chiqdi”, deydi sudlanuvchi Sanjar Karimov.

Sudlanuvchi og‘zaki janjal aynan haqoratlardan boshlanganini aytdi. U Feruza Rahmatullayevani haqorat qilganini tan olib, o‘sha suhbatdan keyin undan bir necha bor kechirim so‘raganini bildirdi. Karimov Rahmatullayeva bilan hayotda ikki marta ko‘rishganini qo‘shimcha qildi. Sud majlisida barchadan haqorat uchun yana bir bor kechirim so‘radi. U haqorat qilganini qattiq jahl ustida bo‘lgani bilan izohladi.

“O‘sha paytda katta miqdordagi pulni yo‘qotayotganimdan kelib chiqqan hissiy  effect holatimni ta’riflab bo‘lmasdi. O‘sha suhbatda mening asosiy e’tiborim pulda edi, tushunib turibsizki, atrofimdagilar meni aldashayotgandi. Men pul berganim yetmagandek, qo‘shimchasiga hozirgi paytda panjara ortidaman. Mening g‘azabimning sababi — bu pul miqdori edi. Iltimos, tushuning. Mening hissiy ziddiyatimning agressiyasi, bularning barchasi Rahmatullayeva o‘shanda pul bermayman deb ayta boshlaganidan keyin, bizning suhbatimizdan so‘ng yuzaga keldi. Rahmatullayeva bilan suhbatimizni yozib olishayotganini bilmagandim. Men Rahmatullayeva bilan oldin tanish bo‘lmaganman. Men hatto qayerda yashashini bilmayman, hayotda uchratmaganman. Bir yil-u uch oydan keyin sudda ko‘rishganmiz. Bir metr masofada o‘tirganimizda Feruza bo‘lishini aytdi.

Men chin yurakdan, chuqur kechirim so‘rayman, mana yana bir bor Feruza Rahmatullayevaga qarab turib aytaman. Menda sizga nisbatan hech qanday harakatlar, hech qanday g‘azab bo‘lmagan. Faqat o‘sha paytda mening hissiy holatim faqat g‘azabdan, haqoratlardan iborat edi. Buni inobatga olishingizni so‘rayman. Bundan tashqari, shuni inobatga olishni istardimki, mening maqsadim suhbat paytida faqat o‘z pullarimni qaytarib olish edi. Men faqat o‘z pullarimni so‘radim. Men faqat uning o‘g‘li qayerdaligini so‘radim. Men, rostdan ham, uning o‘g‘li qayerdaligini bilmasdim. U aytayotgan suhbat, qandaydir 700 000 dollar... Axir bu boshqalarning qarzi. Boshqa-boshqa bolalarning qarzi, qarz bolalarniki-ku. Men u boshqa qarz olgan bolalarni tanimasdim ham, tanimayman ham. Men Rismatov yo‘qolib qolgandan keyin mana bu odamdan buncha qarz, bu odamdan buncha qarz, u odamdan buncha qarz deb eshitdim. Mening ruhiy hayajonim meni aldashgani tufayli edi, hurmatli rais etuvchi.

Keling, biroz realist bo‘laylik. Rahmatullayeva bilan telefon suhbatidan boshqa qanday harakatlar yoki niyatlar bor? Men uni hayotda ko‘rmagan bo‘lsam, men u bilan oldin tanish bo‘lmagan bo‘lsam, yana bir bor aytaman, g‘azab paytida men jahlda edim. Chunki uning o‘g‘li qoldirgan ikkita mashinani egalari olib ketishdi. Bu fakt-ku. Boshqa oila kelib, “U bizni aldadi”, deyapti. Men ularni uydan qanday chiqarib yuboraman? Bu butun boshli oila-ku. Oila ham Rahmatullayeva bilan bir necha marta gaplashib ko‘rishga harakat qilgan. Shu asosda men ham gaplashib ko‘rishga harakat qildim. Ammo menda suhbat o‘xshamadi”, deydi sudlanuvchi Sanjar Karimov.

Karimov advokatning savoliga javoban, u tomondan Feruza Rahmatullayevaga hech qanday bosim bo‘lmaganini ta’kidladi. O‘sha telefon suhbati paytida Shahzod Rismatov qayerda ekanligini bilmagani, Dubayda ushlanib, tergovda ekanligida xabar topganini qo‘shimcha qildi.

Advokat Ashurova Feruza Rahmatullayevaning telefon raqamini qayerdan olgani va kimning telefonidan qo‘ng‘iroq qilganini so‘radi. Sudlanuvchi Karimov Rahmatullayevaning raqamini Shahlo Olimbayeva va Jamila Olimbayeva berganini aytdi.

“Biz pulimizni ololmayapmiz Shahzoddan. Shahzod uyimizni sotib, pulini olib ketdi, “yeb ketdi”. Biz uyimizni ololmayapmiz. Bizni har kuni “erta, erta, erta” deb, “mana bu uyimni sotganman, mana bu uyimni sotganman” deb, aldayapti. O‘zingiz mana gaplashib ko‘ring, o‘zingiz oydinlik kiritib bering, uyni sotish niyati bormi, yo‘qmi, uyni sotmoqchimi? Bizni pulimizni berish niyati bormi? Boshida, suhbatning boshida obshiy, uyni anavi Jamilaga 200 ming berib yuboraman, deb aytib turibdi. Keyin bizda “slovesniy perepalok” bo‘lgandan keyin, bekorini qilib, qayerdan nima qilib olsang, olaver, degan mazmunda javob bergandan keyin, qanaqa qilib men… Men bu odamlarni uydan haydab yubormasam, ikkita mashina yo‘q bo‘lsa, meni nomimda emas. Qanaqa qilib, kimdan pulimni olishimni bilmay dod-voy qilib, “emotsionalniy portlash” bo‘lganda menda”, deydi Karimov.

Sud majlisida Jamila Olimboyeva guvoh sifatida chaqirilib, ko‘rsatma berdi

“2023 yilda Shahzod Rismatov bilan tanishganman. Shundan keyin bir necha marta uyimga sovchi jo‘natgan. O‘sha payt “Malika” bozoriga har xil texnika, telefon, iPhone'lar olib kelaman, deb aytar edi. Bundan keyin 2024 yil yozda Feruza opa Rahmatullayeva oilasi bilan uyimizga sovchilikka keldilar, oq o‘rar qilishdi. Keyin avgust oyida “ZAGS”ga topshirdik. Sekin to‘yga harakat boshlaganmiz. Kelin-ko‘ylak qidirishni boshladim. Keyin Shahzodning onalari borib, to‘yxonaga pul to‘lab bo‘lganlar. Xullas, bizda hamma narsa tayyor edi. Keyin avgust oyida Sahzod kayfiyatsiz yurishni boshladi. Endi “ZAGS”ga topshirgandan keyin vrachlarga qatnashish kerak-ku, biz faqat ikkita vrachga borishga ulgurgandik. “Qachon boramiz qolgan vrachga?” dedim. “Hozir endi bir-ikkita muammolarim chiqib qoldi”, dedi. “Nima muammo?” desam, “Bir-ikkita biznesga pul tikkan akalar,  to‘yga ozgina qolganda pul talab qilishyapti”, dedi. Bitta mashinangizni soting, dedim. O‘shanda BMW haydardi. “Yo‘q, men sotolmayman. Sen tushunmaysan, agar BMW’larni tezda sotaman deb e’lon bersa, arzonga olishadi”, degan gapni aytdi. Keyin shu bilan kayfiyatsiz yuraverdi”, deydi guvoh Olimboyeva.

Keyin Olimboyevaning otasi Olimboyev bo‘lajak kuyov Rismatovni uyiga chaqiradi. 6-avgustda Shahzod Rismatov ularning uyiga keladi. Qizning otasi Shahzod Rismatovdan nima muammolar bo‘layotganini so‘raydi. Shahzod taxminan sakkiz-to‘qqiz kunda unga pul kelishi kerakligi, lekin hozir ishim cho‘zilib ketayotganini aytadi. Bir-ikki akalar pul so‘rayotgani, ularga pul berib yubormasa, to‘y qilishiga ham qo‘yishmaydi, deb tushuntiradi. Keyin ota bo‘lajak kuyovga to‘y bo‘lishini hammaga e’lon qilib bo‘lingani aytgan. Shunda Shahzod Sanjar degan akasi borligi, o‘sha pul beradigan bo‘lganini aytadi. Bu gapdan ota xursand bo‘ladi. Sanjar Karimov shunchaki pul bermasligini, garovga uning nomiga nimadir qo‘yish kerakligini qo‘shimcha qiladi.

Rismatov bo‘lajak qaynota-qaynonasini o‘z tanishi Sanjar pul berishga tayyor ekaniga ishontirgan, ammo faqat uyni garovga qo‘yish sharti bilan. Qizning otasi uzoq ikkilansa-da, oxir-oqibat bo‘lajak kuyovning gaplariga ishonib rozi bo‘lgan.

7-avgust kuni soat 15:00 da oila Yakkasaroy tumani notariusiga chaqirilgan. Shu yerda Jamila birinchi bor Sanjar Karimovni ko‘rgan.

“Keyin hujjatlar tarqatildi. Men o‘zimnikini olganimda, unda "oldi-sotdi" deb yozilgan edi. Otam onamga qarab: “Onasi, bu yerda oldi-sotdi deb yozilgan", dedi. Biz Shahzodga qaradik. U: “Qo‘l qo‘yaveringlar, hech narsa bo‘lmaydi”, dedi. Va biz ishonib, yaxshi niyat bilan imzo qo‘ydik”, deydi guvoh Olimboyeva.

Olimboyevaga ko‘ra, notariusdan chiqqanlaridan so‘ng Karimov va Rismatov ikki haftadan keyin shu yerda uchrashib, “hammasini o‘z joyiga qaytarish”ga va’da berishgan. Biroq kechqurun kuyov uy uchun atigi 150 ming dollar berilganini, yana 70 ming dollarni esa ikki dona BMW garovi evaziga olganini aytgan.

Jamilaning ko‘rsatmalariga ko‘ra, pul notariusda emas, balki “Rossiya” mehmonxonasi atrofida Ibrohim ismli shaxsga berilgan. Shu Ibrohim haqida Feruza Rahmatullayeva ham gapirgan. Uning aytishicha, pulni aynan Karimovning o‘zi ushbu vositachiga berishni tashkil qilgan va hozir “pulni qaytarishni” talab qilmoqda. Zarar miqyosi katta ekanini tasdiqlash uchun himoya tomoni Rahmatullayevaga tegishli ikki uy sotilgani haqidagi hujjatlarni taqdim etgan.

Bir necha kundan keyin Rismatov aloqani uzgan va tez orada uning xorijga qochib ketgani ma’lum bo‘lgan.

Keyinchalik oila sudlanuvchi Karimov Dubayga borib, Rismatovning onasiga tegishli mulkni o‘z nomiga o‘tkazganini bilib qolgan.

“Keyin Shahzodni Dubayda tutishdi. Toshkentga olib kelishdi. U bilan birga yuzlashtiruv bo‘ldi. Boshida “tanimayman” dedi. Keyin ozgina vaqt o‘tgandan keyin, “uzr, aldashim kerak ekan, aldamasam bo‘lmaydi. Shunday qilish kerak. Men ham o‘zimni o‘ylashim kerak”, dedi. Dahshat. Keyin uyga keldim. Onamga bo‘lgan gaplarni aytdim. Xafa bo‘ldi.

Keyin 2025 yil sud boshlandi. Sudda allaqachon men tushunib yetdim, juda qiyin bo‘lyapti, sal adolatsizlikni sezyapman. Sanjar Karimov o‘sha Yakkasaroyda ham, 102 ga yozganimizda ham ko‘rsatma berganlar, mening dadamga 240 ming dollar pul berganliklarini. Eng alam qilgani shu bo‘lgan-da. Chunki uyni ham yo‘q qildik, pul ham yo‘q. Qurol ko‘targan holat ham bo‘lgan. Keyin internet tarmoqlariga video joylashtirdim. Bo‘lgan voqealarni gapirib berganman. Men o‘zim kutmagandim bunaqa shov-shuv bo‘ladi deb. Hech kimga tuhmat qilmoqchi emas edim. Shunchaki adolat talab qilib, bizlar haqiqatan pul olmaganmiz deb... Shu videoni qo‘yganimdan keyin ancha siljish bo‘ldi. Sudyalar almashdi. Shahzod ham ketdi. Endi hozir shu narsani boshimizdan o‘tkazdik. Mening hech kimga hech qanaqa yomonligim yo‘q, misol uchun. Men erga tegmagan qizman. O‘zimga dushman orttirmoqchi emasman. Oilamda tinch yashagim kelyapti”, deydi guvoh Olimboyeva.

Guvohga sud hay’ati, davlat ayblovchisi, ayblanuvchilar va ularning himoyachilari savollar berib o‘tishdi.

Shuningdek, sud majlisida sudlanuvchi Karimovning advokati Ashurov tomonidan iltimosnoma kiritildi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi Karimov va jabrlanuvchi Rahmatullayeva o‘rtasidagi o‘zaro suhbatlarining to‘liq holatdagi audioyozuviga nisbatan Karimovning o‘sha vaqtdagi psixologik holatiga baho berish uchun sudga oid psixologik ekspertizasi va uning aytgan so‘zlarida tajovuz alomatlari bor-yo‘qligi, boshqa shaxsga nisbatan o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatishning real xavfini yuzaga keltirish mumkin yoki mumkin emasligini oydinlik kiritish bo‘yicha sudga oid lingvistik ekspertiza tayinlash so‘raldi. Sudya Bahrom Berdiyev tomonidan mazkur iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida ajrim chiqardi.

Keyingi sud majlisi 20-aprel kuni davom etib, guvohlar so‘roq qilinadi.

Jurnalist Baxtiyor To‘xtayev tayyorladi.

Теглар

Мавзуга оид

“Atrofimdagilar meni aldashdi” — “Real Sanjik” ishi bo‘yicha sudda uchinchi kun | Vaqt.uz