Logo

«Billionaire Census»: Sayyoramizda qancha boy bor?

Бугун 20:556 дақиқа

«Altrata» tahliliga ko‘ra, 2025 yilda dunyodagi milliarderlar soni tarixiy maksimumga yetgan. Boylikning asosiy qismi «supermilliarderlar» qo‘lida to‘plangan.

«Billionaire Census»: Sayyoramizda qancha boy bor?

«Altrata» tahliliy kompaniyasining 13-marotaba e’lon qilingan «Billionaire Census» hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda dunyo bo‘yicha milliarderlar soni tarixiy maksimumga chiqib, 3 795 nafarga yetdi. Bu boradagi 8,2 foizlik o‘sish so‘nggi besh yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Qimmatli qog‘ozlar bozorining ko‘tarilishi, siyosatdagi rag‘batlar hamda sun’iy intellekt «bumi» eng badavlat kishilar boyligining jadal o‘sishiga turtki berdi. Natijada milliarderlar klubiga yana 287 nafar yangi a’zo qo‘shilib, ularning safi so‘nggi o‘n yillikda qariyb 60 foizga kengaydi. Umuman olganda, dunyodagi milliarderlar soni 2020 yildan buyon eng kuchli o‘sishni qayd etgan.

Hisobot mualliflarining bildirishicha, milliarderlarning umumiy boyligi 12,8 foizga oshib, rekord darajaga — 15,1 trillion dollarga yetdi. Bu o‘sha vaqtdagi «S&P 500» indeksi umumiy bozor kapitalizatsiyasining qariyb to‘rtdan bir qismiga tengdir. Boylik miqdori ketma-ket uchinchi yil jadal o‘smoqda va hozirda bitta milliarderning o‘rtacha mablag‘i 4 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Biroq boylikning mediana ko‘rsatkichi 2 milliard dollarga yaqinroqligi aniqlangan. «Altrata» xulosasiga ko‘ra, bu esa mablag‘larning asosiy qismi eng boy kishilardan iborat eksklyuziv «supermilliarderlar» guruhi qo‘lida to‘planganini ko‘rsatadi.

«2025 yilda milliarderlar umumiy boyligi o‘sishining asosiy omili sun’iy intellektga sarmoya kiritish atrofidagi shov-shuvlar bo‘ldi. Ammo bu global investitsiya portfellarini shakllantirgan yagona tub o‘zgarish emasdi», — deyiladi tahlilda.

Ta’kidlanishicha, йил davomida murakkab geosiyosiy vaziyat, AQSHdagi savdo munosabatlari va siyosiy me’yorlarning tez-tez qayta ko‘rib chiqilishi tufayli bozorda jiddiy tebranishlar kuzatilgan. Buning natijasida global kapitalning bir qismi AQSH aktivlaridan chiqib, turli tarmoqlar va mintaqaviy bozorlar bo‘ylab diversifikatsiya qilingan.

Milliarderlar global boylikning ulkan qismini nazorat qilmoqda

Nashrga ko‘ra, jahon iqtisodiyotida boylikning taqsimlanishi jamiyatning barcha qatlamlari kesimida nihoyatda nomutanosib. Milliarderlar «global badavlat qatlam»ning juda kichik bir qismini tashkil qilsa-da, umumiy sof boylikning hayratlanarli darajada katta ulushiga egalik qiladi. Boylikning tor doirada to‘planishi hatto dunyoning eng badavlat kishilari orasida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, texnologiya kompaniyalari aksiyalarining jadal qimmatlashishi eng boy milliarderlar va boshqa milliarderlar o‘rtasidagi tafovutni yanada kengaytirgani ma’lum qilingan.

2025 yilda dunyo bo‘ylab shaxsiy boyligi 5 million dollardan oshadigan taxminan 5,9 million kishi qayd etilgan bo‘lib, ularning umumiy sof boyligi 116 trillion dollarga baholanmoqda.

«Milliarderlar sof boyligi 5 million dollardan ortiq bo‘lgan kishilarning bor-yo‘g‘i 0,07 foizini tashkil qilsa-da, mazkur guruh jami boyligining 13 foiziga egalik qiladi», — deyiladi «Altrata» hisobotida.

Agar faqat o‘ta badavlat insonlar (UHNW – boyligi 30 million dollardan ortiq bo‘lgan dunyo bo‘yicha qariyb 557 ming nafar kishi) qatlamiga e’tibor qaratilsa, milliarderlar bu toifaning atigi 0,7 foizini tashkil etadi. Ammo ularning 15,1 trillion dollarlik jami mablag‘i mazkur o‘ta badavlat qatlam umumiy boyligining naq 24 foizini tashkil qiladi.

Milliarderlarning ulkan boyligi tobora tor doirada to‘planib bormoqda

Tahlilchilarning fikricha, so‘nggi yillarda texnologiya tarmog‘ining kengayishi, sun’iy intellekt kompaniyalari qiymatining keskin oshishi va kapital bozorlaridagi qo‘shimcha daromadlar o‘ziga xos bir tendensiyani yuzaga keltirdi. Endilikda milliarderlarning o‘zida ham boylik taqsimotidagi nomutanosiblik yanada kuchaydi. Natijada mablag‘lar global boylik piramidasining eng cho‘qqisidagilar foydasiga og‘ib bormoqda.

Dunyodagi milliarderlarning qariyb yarmi (46 foizi) 1 milliarddan 2 milliard dollargacha sof boylikka ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich ularni milliarderlar reytingining «eng quyi» pog‘onasiga joylashtiradi. Ushbu qatlamning yana uchdan bir qismi esa 2 milliarddan 5 milliard dollargacha shaxsiy mablag‘ga egalik qiladi. Birgalikda bu ikki guruh jami milliarderlarning 82 foizini tashkil etadi.

«Barcha milliarderlarning qariyb yarmi 1–2 milliard dollarlik sof boylikka ega», — deyiladi hisobotda.

Boylik piramidasining yuqoriga ko‘tarilgan sari saralanish darajasi keskin oshib borishi kuzatilmoqda. Taxminan har to‘qqiz milliarderdan biri 5 milliarddan 10 milliard dollargacha sof boylikka ega va 2025 yilda bu guruh 425 kishini tashkil qildi. Undan ham yuqori pog‘onada esa har biri 10 milliard dollardan ziyod mablag‘ga ega bo‘lgan 278 nafar o‘ta badavlat milliarder joylashgan bo‘lib, ular dunyo milliarderlarining qariyb 7 foizini tashkil qiladi (bu ko‘rsatkich 2021 yilda 192 nafar bo‘lgan).

«Supermilliarderlar» davri

«Altrata» ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur sara guruh ichidagi 29 kishi «supermilliarder» maqomiga ega va ularning har biri 50 milliard dollardan ziyod mablag‘ni nazorat qiladi. Bu elita toifa so‘nggi o‘n yillikda shiddatli sur’atda boylik orttirgan. Bu esa global boylikning eng yuqori cho‘qqida haddan ziyod to‘planib qolganini yana bir bor tasdiqlaydi. 2025 yilda sayyoramizning 29 nafar eng boy odami (jami milliarderlarning 0,7 foizi) 4,1 trillion dollarlik sof boylikka ega bo‘ldi. Bu barcha milliarderlarga tegishli boylikning naq 27 foizi hisoblanadi.

«Yigirma to‘qqiz nafar supermilliarderning har biri 50 milliard dollardan ortiq mablag‘ga ega bo‘lib, ular jami milliarderlar boyligining 27 foizini nazorat qilmoqda. Holbuki, 2017 yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 7 foiz bo‘lgan. Ularning ulushi hozirgidan qariyb to‘rt barobar kam edi», — deya qayd etadi tadqiqotchilar.

Supermilliarderlar guruhida kishi boshiga o‘rtacha 140 milliard dollar to‘g‘ri keladi. Biroq har qanday moliyaviy toifada bo‘lgani kabi, bu yerda ham mablag‘lar bir tekis taqsimlanmagan. Texnologiya sohasi eng badavlat kishilar uchun boylikni karrasiga ko‘paytirib beruvchi asosiy dvigatel bo‘lib qolmoqda. So‘nggi paytlarda sun’iy intellekt sohasidagi investitsiya bumi va yirik korporativ bitimlar tufayli ularning aktivlari keskin oshgani kuzatilgan.

Bunday shaxslar qatoriga Larri Peyj (AQSH; Google) va Jeff Bezosni (AQSH; Amazon) kiritish mumkin. Dunyoning eng boy insoni Ilon Mask ham shubhasiz ana shular jumlasidandir. Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir yil ichida uning shaxsiy boyligi mislsiz darajada oshgan. Hatto 2026 yil o‘rtalarida «SpaceX» aerokosmik kompaniyasi aksiyalari ommaviy savdoga chiqarilgach, u vaqtinchalik tarixdagi ilk trillionerga aylangan.

Sun’iy intellekt

2023 yildan beri dunyo milliarderlari boyligi o‘sishining eng asosiy omillaridan biri sun’iy intellekt sohasidagi investitsiya bumi bo‘lib kelmoqda. Tadqiqotga ko‘ra, bu tendensiya 2025 yilda va 2026 yilning birinchi yarmida yanada yaqqol ko‘zga tashlandi. Investorlarning generativ sun’iy intellekt, yirik til modellari, bulutli hisoblashlar va mazkur texnologiyaga asoslangan dasturiy ta’minotga bo‘lgan ulkan qiziqishi sohaga misli ko‘rilmagan miqdorda sarmoya jalb qilgan. Natijada ko‘plab texnologik kompaniyalarning bozor qiymati keskin oshdi.

Bu jarayondan eng ko‘p manfaat ko‘rganlar, asosan, uskuna va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilari bo‘lgani aytiladi. Biroq sun’iy intellektga kiritilayotgan sarmoyalarning «supersikli» raqamli ta’minot zanjirining boshqa ko‘plab tarmoqlarida, xususan, korporativ moliyaviy hisobotlarda ham o‘z aksini topmoqda.

So‘nggi yillardagi rekord darajadagi xususiy investitsiyalar, muvaffaqiyatli IPO (aksiyalarni ommaviy savdoga chiqarish) jarayonlari va sun’iy intellekt startaplarining yuqori baholanishi yangi avlod milliarderlarini yuzaga keltirgan. Bu to‘lqin bazaviy modellar va bulutli ilovalardan tortib, robototexnika hamda kiberxavfsizlik kabi qator yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Hisobotda qayd etilishicha, milliarderlar mablag‘ining katta qismi, odatda, o‘z kompaniyalari aksiyalarida saqlangani sababli, dunyoning yetakchi texnologiya gigantlari asoschilari va yirik aksiyadorlari bu o‘sishdan eng ko‘p foyda ko‘rgan. Natijada ularning shaxsiy boyligi karrasiga oshgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, ayrim supermilliarderlarning mablag‘i so‘nggi bir yil ichida o‘nlab milliard dollarga ko‘paygan. Bu esa global boylik piramidasining eng yuqori pog‘onasidagi sanoqli texnologik tadbirkorlarning hukmron mavqeini yanada mustahkamlagan.

Теглар

Мавзуга оид