Logo

Chirchiq sohilida 1,4 trln so‘mlik Business City quriladi

Бугун 18:012 дақиқа

Toshkentning Bektemir tumanida Chirchiq daryosining 16 kilometrlik qirg‘oq hududini qamrab oluvchi «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi taqdim etildi. Loyiha doirasida sun’iy ko‘llar, yo‘llar va yangi jamoat maskanlari barpo qilinadi

Chirchiq sohilida 1,4 trln so‘mlik Business City quriladi

Toshkent shahrining Bektemir tumanida Chirchiq daryosining 16 kilometrlik qirg‘oq hududini rivojlantirishni nazarda tutuvchi «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi taqdim etildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.


Loyiha konsepsiyasi daryo bo‘yidagi hududlarni obodonlashtirish, shuningdek, yashash, biznes yuritish va dam olish uchun zamonaviy makonlarni yaratishni ko‘zda tutadi.

aa

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Umumiy maydoni 958,7 gektarni tashkil etuvchi hududning 307 gektari investorlarga ajratilishi rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1,416 trillion so‘mga baholanmoqda.


Konsepsiyaga ko‘ra, hudud to‘rtta yirik zonaga bo‘linadi: uzunligi 3 kilometrdan bo‘lgan River City va Lake City, shuningdek, 5 kilometrlik Villa City va Tech City.


Loyihaning ilk bosqichi sifatida 144,3 gektar maydonni qamrab oluvchi Tech City barpo etiladi. Shundan 40 gektar yer investorlar uchun mo‘ljallangan. Hududda sanoat obyektlari, savdo maydonlari va yashil zonalar uchun 15 gektardan, uy-joy hamda ijtimoiy infratuzilma uchun esa 10 gektardan yer ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 15 kilometr avtomobil yo‘llari, piyodalar va velosiped yo‘laklari quriladi.

aaa

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Tech City loyihasining qiymati 390 milliard so‘mga baholanmoqda. Hozirga qadar 187,4 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lib, loyihani yakunlash uchun qo‘shimcha 168 milliard so‘m talab etiladi.


Taqdimotda, shuningdek, umumiy maydoni 108 gektar va suv sig‘imi 2,3 million kub metr bo‘lgan 12 ta sun’iy suv havzasini barpo etish masalasi ham muhokama qilindi. Loyiha doirasida qirg‘oqlarni mustahkamlash va suv sathini boshqarish bo‘yicha muhandislik yechimlari ham nazarda tutilgan.


Hokimlikka ko‘ra, tashabbus qirg‘oqbo‘yi hududlarini rivojlantirish, yangi turistik va jamoat maskanlarini yaratish, transport qulayligi hamda ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, loyiha xizmat ko‘rsatish, turizm, savdo va tadbirkorlik sohalarining rivojlanishiga turtki berishi kutilmoqda.


Taqdimot yakunida mutasaddilarga konsepsiyani aholi uchun qulaylik, xavfsizlik, ekologik barqarorlik va iqtisodiy samaradorlik mezonlaridan kelib chiqib yanada takomillashtirish topshirildi.

Теглар

Мавзуга оид