Diniy qo‘mita vakilining bahsli chiqishi: u nimada haq va nimalarda nohaq? – Fikr vaqti
Ramazonning ilk kunlarida tarmoqlarda paydo bo‘lgan bir video chiqish jamiyatda katta bahs uyg‘otdi: juma tabrigini ham tarqatish javobgarlikka sabab bo‘ladimi? “Fikr vaqti”da masalaning huquqiy va ijtimoiy jihatlari muhokama qilinadi.
Ramazon oyi kirib kelgan ilk kunlarda tarqalgan va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili Zokirjon Mardonov ekani aytilgan mutaxassisning video chiqishi jamiyatda turli bahs va e’tirozlarni keltirib chiqardi. Videoda qo‘mita mutaxassisi O‘zbekistonda masjid imomlari va hatto rasmiy yozilgan juma tabriklarini tarqatish ham qonuniy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida gapiradi.
Mardonov o‘z chiqishida bu kabi tabrik va ma’ruzalarni tarqatayotganlar aslida qonunni buzayotganini, lekin qo‘mita bunga ko‘z yumib kelayotganini ta’kidlaydi. U shuningdek, odamlar dinni rasmiy manbalardan o‘zi o‘rganishi kerakligini, lekin hatto rasmiy imomlar ma’ruzalarini ham boshqalarga tarqatish mumkin emasligini aytadi.
Bugun Mardonovning bu chiqishini ba’zilar qonun ustuvorligi va xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘g‘ri deb hisoblayotgan bo‘lsa, boshqalar vijdon erkinligi cheklanishi sifatida xavotir bildirmoqda.
Fikr vaqti dasturining navbatdagi soni jamiyatda bahsli bo‘lib turgan ayni mavzu tahliliga bag‘ishlandi. Dastur mehmonlari – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita sobiq raisi Nuriymon Abulhasan, Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov va advokat Rahmiddin Turganov bo‘ldi. Unda shuningdek, davlat jamiyat oldiga nima uchun bunday talablarni qo‘yayotgani, bu cheklovlar oddiy fuqarolar hayotiga qanday ta’sir qilishi hamda din va davlat o‘rtasidagi muvozanat masalalari haqida ham so‘z bordi.
Теглар






