Dunyodagi eng boy 10 san’atkor – reyting va daromad manbalari
Musiqa yulduzlari biznes orqali qanday boyiydi? Eng boy 10 artist va ularning daromad manbalari.

Dunyo musiqa sanoatining eng katta yulduzlari endi faqat ijrochilar emas. Ularning ko‘pchiligi milliardlab dollarlik biznes imperiyalarini barpo etmoqda.
Bu reytingda dunyodagi eng boy 10 nafar musiqachi ko‘rsatilgan. Ro‘yxatga «Jay-Z» yetakchilik qiladi, uning taxminiy boyligi 2,8 milliard dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich uni Teylor Sviftdan oldinga olib chiqadi, uning boyligi esa asosan gastrol safarlari va musiqiy huquqlardan keladi.

Ko‘pchilik muxlislar chartlardagi muvaffaqiyat boylikka teng deb o‘ylashi mumkin, ammo bugungi kunda eng boy artistlar daromadlarini faqat musiqadan emas, balki spirtli ichimliklar brendi, kosmetika kompaniyalari kabi turli bizneslar orqali ham kengaytirgan.
Ma’lumotlar 2026-yil holatiga ko‘ra «Forbes Real-Time Billionaires» ro‘yxatiga asoslangan.
Bruklin yetakchiligi
Hech bir musiqiy ijrochi «Jay-Z»chalik boylik to‘plamagan – uning boyligi 2,8 milliard dollarga yetgan.
1969-yil dekabrida Nyu Yorkning Bruklin tumanida Shon Karter nomi bilan tug‘ilgan 56 yoshli reper va musiqa magnati 30 yillik kareraga ega. U 1996-yilda chiqqan «Reasonable Doubt» albomi bilan mashhur bo‘lib, unda o‘zining jinoiy o‘tmishidan hikoya qilgan. 2019-yilda «Jay-Z» xip-xop tarixidagi birinchi milliarderga aylandi.
Quyida 2026-yil mart holatiga ko‘ra dunyodagi eng boy 10 nafar musiqachi ro‘yxati keltirilgan:

Teylor Svift 2 milliard dollar boylik bilan ikkinchi o‘rinni egallaydi, uning daromadlari asosan gastrol safarlari va musiqadan keladi. «Jay-Z»ning yetakchiligi esa biznes loyihalari va investitsiyalar hisobiga ta’minlangan.
«Jay-Z» muvaffaqiyatining siri u musiqadagi yutuqlarini boshqa biznes yo‘nalishlarga kengaytirganida. 2013-yilgacha u «Brooklyn Nets» basketbol jamoasida (avvalgi nomi «New Jersey Nets») va uning stadioni «Barclays Center»da kichik ulushga ega bo‘lgan. 2020-yillar boshida u «Ace of Spades» va «D’usse» kabi ichimlik brendlaridagi katta ulushlarini «LVMH» va «Bacardi» kabi yirik kompaniyalarga sotdi.
Bugungi kunda «Jay-Z» «eng buyuk reper» degan ta’rifdan oshib, dunyodagi eng boy musiqa ikonasiga aylangan. Uning «Roc Nation» kompaniyasi artistlar va sportchilarni boshqaradi hamda 2019-yildan beri «Super Bowl Halftime Show»ni ishlab chiqarib kelmoqda.
Musiqa milliarderlari klubi
«Jay-Z» musiqadan milliarderga aylangan yagona shaxs emas. Marhum Jimmiy Baffettdan tashqari, yana olti nafar artist ham bu qatorda: Teylor Svift (2 mlrd dollar), Bryus Spingstin (1,2 mlrd dollar), shuningdek, Beyonse, Rianna va «Dr. Dre» (har biri taxminan 1 mlrd dollar).
Bu milliarderlarning ko‘pchiligi musiqadan tashqari bizneslarda ham muvaffaqiyat qozongan. Masalan, «Dr. Dre» Eminem va Kendrik Lamar kabi artistlarning karerasini boshlab bergani bilan mashhur bo‘lsa-da, uning eng katta moliyaviy yutug‘i 2014-yilda «Apple» tomonidan «Beats» kompaniyasining 3 milliard dollarga sotib olinishi bo‘ldi.
Rianna misoli
Rianni ham o‘ziga xos yo‘lni tanladi. Dunyoda eng ko‘p «Diamond» sertifikatga ega singllardan biri bo‘lgan bu barbadoslik xonanda so‘nggi o‘n yilda musiqadan ko‘ra ko‘proq biznesga e’tibor qaratdi. Uning «Fenty Beauty» kosmetika brendi ko‘p milliardli imperiyaga aylandi va 2022-yilda daromadini ikki baravarga oshirdi.
Bu yo‘nalish boshqalarga ham foyda keltirdi: Selena Gomez 2020-yilda o‘zining «Rare Beauty» brendini ishga tushirdi va bu uning 700 million dollarlik boyligiga katta hissa qo‘shdi.
Teylor Svift va «sviftonomika»
Teylor Svift boshqa milliarder artistlardan farqli ravishda, 2023-yil oktabrda asosan musiqasi va gastrollari orqali milliarderga aylandi. «Forbes» ma’lumotiga ko‘ra, u asosan qo‘shiqlari va jonli chiqishlari hisobidan milliarder bo‘lgan birinchi musiqachi.
Uning boyligi 800 million dollardan ortiq royalti va gastrol daromadlari, 12 albomdan iborat 600 million dollarlik katalog va 110 million dollardan ortiq ko‘chmas mulk aktivlariga asoslangan.
Uning «The Eras Tour» gastrol safari jahon rekordlarini yangilab, 2023-yil martdan 2024-yil noyabrigacha davom etdi va 2 milliard dollardan ortiq tushum keltirib, tarixdagi eng daromadli turga aylandi. 149 ta konsertda 10 milliondan ortiq muxlis qatnashdi. AQSHdagi konsertlar esa mamlakat YAIMiga 4 milliard dollardan ortiq hissa qo‘shgan – bu hodisa «sviftonomika» deb nom olgan.
«Margaritaville» merosi
Bu ro‘yxatdagi 10 nafardan 9 nafari hali tirik. Jimmy Buffett esa 2023-yil sentabrda 76 yoshida vafot etdi.
U 1977-yildagi mashhur «Margaritaville» qo‘shig‘i va shu asosda yaratilgan katta biznes imperiyasi bilan tanilgan. Ushbu brend uning vafotigacha futbolkalar va suvenirlardan tortib restoranlar va kurortlargacha kengaygan edi.





