Energetika vaziri va bloger Otabek Bakirov o‘rtasidagi sud qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov taniqli iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovning postlariga huquqiy baho berishni so‘rab, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan edi. 1-may kuni holat yuzasidan Yashnobod tuman sudida bo‘lib o‘tishi kutilgan majlis noma’lum muddatga qoldirilgandi.

Energetika vaziri va bloger Otabek Bakirov o‘rtasidagi sud qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov taniqli iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovning postlariga huquqiy baho berishni so‘rab, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan edi. Hozirda ushbu murojaat Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda.

1-may kuni holat yuzasidan Yashnobod tuman sudida bo‘lib o‘tishi kutilgan majlis noma’lum muddatga qoldirilgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sud majlisi 7-may kuni soat 15:00 da o‘tkazilishi belgilandi. Majlis Yashnobod tuman sudi binosida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

“Umid qilamanki, jabrlanuvchi o‘laroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning shaxsan o‘zlari sudga keladilar”, — deydi Bakirov.

Hammasi nimadan boshlangan?

Mazkur nizo vazirning 2024 yil 26-dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga qilgan murojaati bilan bog‘liq. Shikoyatda «bakirooo» Telegram kanalida e’lon qilingan, metan zapravkalardagi navbatlar, «Avto24» mobil ilovasi faoliyati va Toshkent tumanidagi elektr hamda gaz ta’minotidagi uzilishlar tanqid qilingan postlarga huquqiy baho berish so‘ralgan.

Bloger Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, vazirning e’tirozlariga sabab bo‘lgan chiqishlar qariyb bir yarim yil oldingi voqealarga taalluqli.

«Mirzamahmudov shikoyatining mazmuni 2024 yil dekabr oyida metan zapravkalarda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi, deya taqdim etilgan Avto24 ilovasiga bildirilgan e’tirozlar, shuningdek Toshkent tumanida «rejaga chiqish uchun» paydar-pay gaz-svet o‘chirilishlar bilan bog‘liq. Qizig‘i, shikoyat va qayta ochilgan ish yana qariyb 1,5 yil avvalgi chiqishlar bilan bog‘liq va o‘zgarishsiz jihati shundaki, mazkur post yozilayotgan kunda ham svet uch marta, qariyb 4 soatga o‘chdi», - deya yozdi Bakirovning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ichki ishlar idoralari mazkur murojaat yuzasidan 2026 yil 23-yanvarda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan edi. Biroq oradan ikki oy o‘tib, 25-mart kuni shahar prokuraturasi ushbu qarorni asossiz deb topdi va bekor qildi. Hozirda surishtiruv ishlari qayta boshlangan.

Теглар

Мавзуга оид