Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni hammasi qanday bo‘lganini gapirib berdi

Бугун 20:523 дақиқа

18 yoshida modellik orzusida Amerikaga ketib, Jeffri Epshteynning «asirasi»ga aylangan Roza AQSH Kongressida turib, Epshteynning uy qamog‘i davrida sodir etgan jinoyatlari haqida so‘z ochdi.

Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni hammasi qanday bo‘lganini gapirib berdi

AQSH Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi tomonidan Florida shtatining Uest-Palm-Bich shahrida o‘tkazilgan navbatdan tashqari tinglovlarda marhum moliyachi Jeffri Epshteynning jinoyatlaridan jabrlangan o‘zbekistonlik ayol — Roza ilk bor ommaviy ravishda ko‘rsatma berdi. Bu haqda AQSHning «ABC News», «WLRN» va «The Palm Beach Post» nashrlari xabar bermoqda.

Tinglovda ma’lum bo‘lishicha, Roza 2008 yilda, 18 yoshida modellar bo‘yicha agent Jan-Lyuk Bryunel bilan tanishgan. Bryunel unga xalqaro modellik karerasini va’da qilib, AQSHga «iste’dodli modellar vizasi» bilan olib kelgan va ko‘p o‘tmay Jeffri Epshteyn bilan tanishtirgan.

«Ilmiy jamg‘arma» niqobi ostidagi jinoyatlar

Rozaning guvohlik berishicha, u 2009 yilda Epshteyn bilan uning Uest-Palm-Bichdagi hashamatli qarorgohida uchrashgan. O‘sha vaqtda moliyachi rasman voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilgani uchun «uy qamog‘i» jazosini o‘tayotgan edi. Biroq Roza tinglovlarda adliya tizimi Epshteynga jinoyatlarini davom ettirish uchun barcha imkoniyatni yaratib berganini aytdi.

«Epshteyn menga o‘zining «Florida Science Foundation» (Florida ilmiy fondi) tashkilotida ish taklif qildi. Aslida bu tashkilot unga haftasiga olti kun, kuniga 16 soat davomida qamoqxonani tark etish imkonini beruvchi niqob edi. Bir kuni uning massajchisi meni Epshteynning xonasiga chaqirdi va o‘sha yerda birinchi marta zo‘ravonlikka duch keldim. Keyingi uch yil davomida men tizimli ravishda zo‘rlab kelindim», — dedi Roza.


Adliya vazirligining «texnik xatosi»: 538-marta ochiqlangan ism

Rozaning Kongressdagi nutqida eng katta ayblov AQSH Adliya vazirligiga (DOJ) qaratildi. Ko‘p yillar davomida o‘z shaxsini «Jeyn Dou» (noma’lum shaxs) sifatida himoya qilib kelgan ayol hukumat tomonidan e’lon qilingan «Epshteyn fayllari»da ismi ochiq qoldirilganini ma’lum qildi.

Jabrlanuvchining advokati Arik Fudalining ta’kidlashicha, hujjatlarda Rozaning haqiqiy ismi 538-marta tilga olingan. Bu esa uning shaxsini butun dunyoga fosh qilgan.

ichi

«Men doim ortimga xavotir bilan qarab yashashga majburman. Boy va qudratli shaxslarning ismlari hujjatlarda qora bo‘yoqlar bilan yashirilgan bir paytda, mening ismim ochiq qoldi. Bu shunchaki texnik xato emas, bu — tizimning men kabi qurbonlarga qilgan sotqinligidir. Endi menga butun dunyodan jurnalistlar qo‘ng‘iroq qilishmoqda va men yana xavf ostidaman», — deya ta’kidladi Roza.


«Qudratlilar hamon himoyada»

Tinglov davomida Kongress a’zosi Robert Garsiya Epshteynning 2008 yildagi kelishuvi adolat uchun «qora dog‘» bo‘lganini aytdi. Tinglovda boshqa qurbonlar ham ishtirok etib, Epshteynning jinoiy tarmog‘i hali ham jamiyatda nufuzga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan himoya qilib kelinayotganidan xavotir bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, Jeffri Epshteyn 2008 yilda voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilishda ayblanib, Floridada yengil jazo olgan edi. O‘shanda prokuratura uni federal ta’qibdan ozod qilishga rozi bo‘lgan. 2019 yil iyul oyida u yana hibsga olindi, biroq bir oy o‘tib Nyu-Yorkdagi qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qildi.

Adliya vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Epshteyn 1200 dan ortiq ayol va qizlarni jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylantirgan bo‘lib, ularning aksariyati Palm-Bichdagi hashamatli qarorgohida sodir etilgan. Hozirda Kongress ushbu jinoiy tarmoqning boshqa ishtirokchilarini fosh qilish va qurbonlar huquqlarini tiklash ustida ish olib bormoqda.

Теглар

Мавзуга оид