Logo

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi davlat nazoratiga qaytarildi

Бугун 17:552 дақиқа

FNQIZda xususiy investorlar ulushi davlat reyestridan chiqarildi. Hozirda korxonaning yagona ta’sischisi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qayd etilgan.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi davlat nazoratiga qaytarildi © Foto: Uz-assets.uz

O‘zbekistondagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblangan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) yana to‘liq davlat nazoratiga o‘tdi. Korxonalar va tashkilotlarning davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda zavodning yagona ta’sischisi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ko‘rsatilgan.

Bundan bir oy oldin esa korxona ta’sischilari tarkibida davlat va xususiy investor birgalikda ishtirok etayotgandi. Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 58,5 foiz, «Sanoat Energetika Guruhi» (Saneg) kompaniyasi esa 41,5 foiz ulushga ega edi.

rasm

Hozircha Saneg ulushi ta’sischilar tarkibidan qachon va qanday asosda chiqarilgani bo‘yicha rasmiy izoh berilmagan. Shuningdek, xususiylashtirish bitimi shartlariga o‘zgartish kiritilgani yoki bekor qilingani haqida ham ma’lumot mavjud emas.

Xususiylashtirish tarixi

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini xususiylashtirish jarayoni 2022 yilda boshlangan edi. O‘shanda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi korxonaning 100 foiz davlat ulushi Saneg kompaniyasiga 100 million dollarga sotilganini ma’lum qilgan. Ungacha zavod «O‘zbekneftgaz» tarkibida faoliyat yuritgan.

Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, investor tomonidan xarid summasi to‘liq to‘lanmagan. Shu sababli davlat ulushi bosqichma-bosqich, amalga oshirilgan to‘lovlar hajmiga mutanosib ravishda o‘tkazilishi belgilangan.

2024 yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zavoddagi 58,5 foiz ulush davlat tasarrufida qolganini, Saneg esa 41,5 foiz aksiyalarga egalik qilayotganini ma’lum qilgan edi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Markaziy Osiyodagi eng yirik neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Korxona yuqori oktanli benzin, avia kerosini, dizel yonilg‘isi, sanoat va motor moylari, bitum, parafin hamda boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Теглар

Мавзуга оид