Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari aniqlandi
2026-yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti «yorug‘lik yordamida boshqariluvchi ion kanallari va optogenetika borasidagi kashfiyotlar uchun» berildi.
© rte.ie2026-yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Karl Deysserot, Peter Xegeman va Georg Nagelga berildi. Ular «yorug‘lik yordamida boshqariluvchi ion kanallari va optogenetika borasidagi kashfiyotlari uchun» taqdirlandi.
2025-yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Meri Brunkou, Fred Ramsdell va Sakagutiga periferik immunologik tolerantlik bo‘yicha kashfiyotlari uchun berilgan edi.
Karl Deysserot — AQSHdagi Stenford universiteti va Govard Xyuz tibbiyot instituti vakili. Peter Xegeman Berlindagi Gumboldt universitetida, Georg Nagel esa Vyursburg universitetida faoliyat yuritadi.
Nobel qo‘mitasiga ko‘ra, Xegeman va Nagel bir hujayrali suvo‘tlarda kanalorodopsin deb ataluvchi noyob oqsilni kashf etgan. Deysserot esa ushbu oqsilni asab hujayralarini yorug‘lik yordamida boshqarish imkonini beruvchi vositaga aylantirgan.
Optogenetika nima beradi?
Asab signallarini yorug‘lik orqali boshqarish usuli «optogenetika» deb ataladi. Bu texnologiya tadqiqotchilarga miyadagi muayyan neyron zanjirlarining xotira, his-tuyg‘u va xatti-harakatlarga ta’sirini aniq o‘rganish imkonini berdi.
Nobel qo‘mitasi ta’kidlashicha, usul nevrologik va ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq muayyan xotiralar, his-tuyg‘ular hamda xulq-atvor uchun mas’ul neyron tarmoqlarini aniqlashda qo‘llanmoqda.
Optogenetika klinik tibbiyotda ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Xususan, ko‘rish qobiliyati zaiflashgan insonlarda ko‘rishni tiklash imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarda ushbu texnologiyadan foydalanilmoqda.
Ma’lumot uchun, Nobel haftaligi an’anaviy ravishda fiziologiya va tibbiyot sohasidagi laureatlarni e’lon qilishdan boshlanadi. 6-oktabrda fizika, 7-oktabrda kimyo, 8-oktabrda adabiyot bo‘yicha sovrindorlar ma’lum qilinadi. Tinchlik mukofoti 9-oktabrda, Shvetsiya banki tomonidan Alfred Nobel xotirasiga ta’sis etilgan iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot esa 12-oktabrda topshiriladi.





