Logo

Germaniyaning jahon chempionatidan chiqib ketishi ortidan Nagelsman o‘z kelajagiga oydinlik kiritdi

Бугун 11:551 дақиқа

Paragvayga qarshi 1/16 finaldagi alamli mag‘lubiyat ortidan Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsman milliy jamoadagi kelajagi borasida berilgan savollarga javob qaytardi.

Germaniyaning jahon chempionatidan chiqib ketishi ortidan Nagelsman o‘z kelajagiga oydinlik kiritdi © vietnam.vn

Avvalroq Paragvayga qarshi kechgan bahsda Jahon chempionatlari tarixida penaltilar seriyasida hech qachon mag‘lub bo‘lmagan Germaniya terma jamoasining an’anasiga barham berilgani va jamoa mundialni tark etgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu natijadan so‘ng Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmanning kelajagi haqidagi savollar ko‘paydi. Jurnalist va insayder Fabritsio Romano bu borada Nagelsmanning fikrini ma’lum qildi.

«Men iste’foga chiqmayman. Agar Germaniya futbol federatsiyasi mening 2028 yilgacha qolishimni xohlasa, qolaman. Agar ular bunday istak bildirmasa, bu loyihani tark etaman», — dedi Nagelsman. Uning so‘zlarini Romano X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida keltirdi.

Shu tariqa, Germaniya terma jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini yakunladi. Paragvay esa endi 1/8 finalda Fransiya — Shvetsiya juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.

Ma’lumot uchun, Germaniya terma jamoasi ketma-ket uchinchi Jahon chempionatida ham 1/8 finalga chiqa olmadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Jahon chempionatidagi omadsizlikdan keyin Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Hon Myon Bo iste’foga chiqqanini ma’lum qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид